Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YOʻL HARAKATI XAVFSIZLIGINI TAʼMINLASh BOʻYIChA QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli “Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini muhofaza qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2008-yil 1-yanvardan boshlab transport vositasini boshqarish paytida ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan transport vositasi salonining old qismida oʻrnatilgan tele-, videomonitordan foydalanish, shuningdek transport vositasi salonining old qismiga oʻzboshimchalik bilan tele-, videomonitor oʻrnatish taqiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida oʻn kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
oʻn kun muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin;
ushbu qaror talablarining transport vositalari haydovchilari hamda aholi eʼtiboriga, ular oʻrtasida zarur tushuntirish ishlari olib borgan holda, belgilangan tartibda yetkazilishini taʼminlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 11-dekabrdagi 472-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 75-modda) bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarining 3.6-bandiga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
a) toʻqqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“transport vositasini boshqarish paytida telefondan, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan transport vositasi salonining old qismida oʻrnatilgan tele-, videomonitordan foydalanish”;
b) quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi qoʻshilsin:
“transport vositasi salonining old qismiga, shu jumladan priborlar paneliga, quyosh soyavoniga va orqa tomonni koʻrish koʻzgusiga tele-, videomonitorlar oʻrnatish”.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 16-oktabr,
216-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 41-42-son, 419-modda)