Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QIMOR OʻYINLARINI TASHKIL ETISH VA OʻTKAZISH BILAN BOGʻLIQ NOQONUNIY FAOLIYATNING OLDINI OLISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikada mustaqillik yillarida demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlarini chuqurlashtirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Maʼnaviyati kamol topgan va jismonan sogʻlom yosh avlodni eng yaxshi xalq anʼanalari, milliy madaniyatimiz, umuminsoniy maʼnaviy-axloqiy boyliklar hamda jahon sivilizatsiyasining zamonaviy yutuqlari asosida tarbiyalash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Shuning uchun ham qimor oʻyinlarini tashkil etish va oʻtkazish faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish, qimor biznesi rivojlanishining salbiy oqibatlaridan ogohlantirish masalalari dolzarb ahamiyatga egadir.
Koʻrilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, milliy urf-odatlarimiz va aholining mentalitetiga yot boʻlgan qimor oʻyinlarini noqonuniy ravishda tashkil etish holatlarining uchrashi davom etmoqda. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oʻsmirlar va yoshlarni jalb etuvchi yashirin qimorxonalarni tashkil etish faktlari aniqlanmoqda.
Mazkur sohaning davlat tomonidan tartibga solinishini yanada takomillashtirish, aholi, ayniqsa, oʻsmirlar va yoshlar maʼnaviyatini muhofaza qilish, ularning qimor oʻyinlariga jalb etilishiga qarshi harakat qilish, tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar tashkilotchilarining javobgarligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh.M. Mirziyoyev) ikki oy muddatda:
joylarga chiqish orqali oʻyin avtomatlari zallarini tashkil qilishda joriy etilgan taqiqlashlarga amal qilish, shuningdek gʻaraz maqsadlarni koʻzlovchi hamda oʻsmirlar va yoshlarni shunday oʻyinlarga jalb etuvchi noqonuniy qimor oʻyinlari tashkilotchilarini javobgarlikka tortishga alohida eʼtibor bergan holda tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni oʻtkazish sohasini tartibga soluvchi Hukumat tomonidan avval qabul qilingan qarorlarning ijrosi ustidan tekshiruvni amalga oshirsin;
tekshiruvlar natijasi boʻyicha quyidagi sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga va noqonuniy qimor oʻyinlarini tashkil qilish sharoitlarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan tegishli qarorlarni qabul qilsin. Bunda shunday oʻyinlarni noqonuniy ravishda tashkil etish va oʻtkazish, qimorxonalarni ushlab turish uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (B. Matlyubov), Davlat soliq qoʻmitasi (B. Parpiyev), Moliya vazirligi (R. Azimov), Bosh prokuraturasi (R. Qodirov) tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yashirin qimor oʻyinlari tashkil etish hamda ularni oʻtkazish uchun qimorxonalarni ushlab turish harakatlarining qatʼiy oldini olish va chek qoʻyish, shuningdek ushbu oʻyinlar tashkilotchilarining noqonuniy faoliyatini toʻxtatish ustidan amaliy nazoratni taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari, fuqarolarning mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish organlari raislari (oqsoqollari) Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa nohukumat jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda aholi orasida, ayniqsa, oʻsmirlar va yoshlar orasida qimor oʻyinlarini noqonuniy tashkil etish va oʻtkazishning oldini olish hamda chek qoʻyish boʻyicha tarbiyaviy-tushuntirish ishlarini kuchaytirsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari zimmasiga shunga oʻxshash huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va chek qoʻyish, salbiy oqibatlarning oldini olishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish ishlari ustidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.E. Nabiyev zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 28-mart,
PQ-608-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 13-son, 116-modda; 2017-y., 37-son, 982-modda)