Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
Buyrugʻi
SUD HUJJATLARI VA BOShQA ORGANLAR HUJJATLARINI MAJBURIY IJRO ETIShDA SUD IJROChILARINING SUDLAR, HUQUQNI MUHOFAZA QILISh, ROʻYXATDAN OʻTKAZISh ORGANLARI, MOLIYA-KREDIT TAShKILOTLARI BILAN HAMKORLIGI TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 9-sentabrdagi 391-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1656-2, 09.09.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan buyuraman:
1. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda sud ijrochilarining sudlar, huquqni muhofaza qilish, roʻyxatdan oʻtkazish organlari, moliya-kredit tashkilotlari bilan hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (S. Sattarov):
mazkur buyruqni davlat roʻyxatidan oʻtkazsin va vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar normativ hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin;
ushbu buyruqni amalda qoʻllanilishi va barcha manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan keyin oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
4. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (U. Ayubov) mazkur normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etishni taʼminlasin.
5. Mazkur buyruqning bajarilishini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Adliya vaziri F. OTAXONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-fevral,
21-mh-son
Adliya vazirining 2007-yil 5-fevraldagi 21-mh-son buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda sud ijrochilarining sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar, moliya-kredit tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-458-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 36-son, 360-modda) muvofiq, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda sud ijrochilarining sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar, moliya-kredit tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Sud ijrochilarining sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar, moliya-kredit tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi:
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijrosining oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini;
undiruvchining huquqlarini amalga oshirilishini;
maʼlumotlarni tezkor almashinuvini;
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining bajarilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etishni taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.
II. Sudlar bilan oʻzaro hamkorlik
2. Sud ijrochilarining sudlar bilan oʻzaro hamkorligi sud ijrochilarining undiruvni qarzdorning boshqa shaxslarda turgan mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida ijro hujjatini chiqarishga asos boʻlgan sud hujjatini tushuntirish haqidagi arizalarini va sud ijrochilarining qonunchilikda belgilangan boshqa asoslar boʻyicha murojaatlarini sudlar tomonidan oʻz vaqtida koʻrilishini hamda ijro hujjatlari boʻyicha chiqarilgan sud hujjatlarini sudlar tomonidan sud ijrochilarini oʻz vaqtida xabardor qilishni taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.
3. Ijro hujjatini chiqargan sud, sud ijrochisining sud hujjatini tushuntirish toʻgʻrisidagi arizasini qonunchilikda belgilangan muddatda koʻrib chiqadi va oʻzi chiqargan sud hujjatining tushuntiruvini sud ijrochisiga yuboradi.
4. Undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi ijro hujjatini majburiy ijro qilish jarayonida sud ijrochisida qarzdorning boshqa shaxslarda turgan xatlangan mol-mulkini tegishliligini tasdiqlovchi maʼlumotlar mavjud boʻlmagan hollarda, ushbu mol-mulkka undiruvni qaratish sud ajrimiga asosan amalga oshiriladi.
Qonuniy kuchga kirgan sud ajrimi nusxasi sud tomonidan keyingi kundan kechiktirilmasdan sud ijrochisiga yuboriladi.
5. Manfaatdor shaxs sud ijrochisi yoki tergov organlari tomonidan xatlangan mol-mulkni xatlovdan chiqarish toʻgʻrisida daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilgan hollarda, sud shu kunning oʻzida daʼvoni taʼminlash va ijro hujjati boʻyicha undiruvni toʻxtatish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi va darhol sud ijrochisiga yuboradi.
Sud ijrochisi, ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish haqidagi tegishli sud ajrimini olgandan soʻng, uch kun ichida bu toʻgʻrisida taraflarni yoki ijro hujjatini bergan organni xabardor qiladi.
Mol-mulkni xatlovdan chiqarish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi yuzasidan tegishli sud hujjati chiqarilganda, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatining nusxasi keyingi kundan kechiktirilmasdan sud ijrochisiga yuboriladi.
III. Ichki ishlar organlari bilan oʻzaro hamkorlik
6. Sud ijrochilarining ichki ishlar organlari bilan oʻzaro hamkorligi ijro harakatlari amalga oshirilayotganda jamoat tartibi saqlanishini taʼminlashga koʻmaklashish va ijro hujjatini majburiy ijro qilishda vujudga keladigan toʻsqinliklarni bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladi.
7. Sud ijrochilari oʻzlariga yuklatilgan majburiyatlarni amalga oshirishda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijrosini bajarish jarayonida koʻrsatilgan qarshiliklar va toʻsqinliklarni bartaraf etish va tartib saqlash maqsadida zarur yordam olish uchun tuman (shahar) ichki ishlar organlariga murojaat qilishga haqli.
8. Ichki ishlar organlari xodimlari yordamiga ehtiyoj kelib chiqqanda, sud ijrochisi, qoida tariqasida, ijro harakatlarini amalga oshirishdan bir kun oldin ichki ishlar organlari xodimlarining kelish vaqti va aniq joyi, shuningdek, ijro harakati yoki harakatlarining taxminiy davomiyligi koʻrsatilgan yozma talabnoma bilan tuman (shahar) ichki ishlar organlariga murojaat etadi.
9. Joyga yetib kelinishi bilan, ichki ishlar organlarining lavozimi boʻyicha yuqori turuvchi xodimi ichki ishlar organlari xodimlari yetib kelganliklari toʻgʻrisida sud ijrochisini xabardor qiladi va keyingi harakatlar boʻyicha aniq koʻrsatmalar oladi.
10. Mazkur aniq holatda, oʻqotar qurol va boshqa turdagi qurollarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan bunday qoʻllash oqibati uchun toʻliq javobgarlik yuklatilgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun belgilangan qoidalar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
11. Ichki ishlar organlari xodimlari ijro harakatlari tamom boʻlgunga qadar ishtirok etadilar. Sud ijrochisi ijro harakatlari tamom boʻlganligi toʻgʻrisida ichki ishlar organlarining lavozimi boʻyicha yuqori turuvchi xodimini xabardor qiladi.
12. Sud ijrochisi tomonidan ijro harakatlari amalga oshirilishi vaqtida, qarzdor yoki boshqa shaxslar oʻzlarining harakatlari bilan ijro hujjatlarini ijro etishga toʻsqinlik qilganlarida, ichki ishlar organlari xodimlari zudlik bilan toʻsqinliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi.
Qarzdor yoki boshqa shaxslar sud ijrochisi yoki ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishdan boʻyin tovlasalar, bu haqda dalolatnoma tuziladi, tegishli materiallar qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi uchun ijro harakatlari amalga oshirilgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha sudga topshiriladi.
13. Ichki ishlar organlarining lavozimi boʻyicha yuqori turuvchi xodimi ijro harakatlarida ichki ishlar organlari xodimlarining ishtiroki toʻgʻrisidagi tegishli dalolatnomani imzolaydi va bu haqda boʻysinuvi boʻyicha ichki ishlar organlari boshligʻini xabardor qiladi.
14. Sud ijrochisining muhr bilan tasdiqlangan asoslantirilgan qarori boʻyicha ichki ishlar organlari oʻz vakolatlari doirasida belgilangan tartibda qarzdor — jismoniy shaxs, yosh bola va avtomototransport vositasi qidiruvini amalga oshiradilar.
Qarzdor — jismoniy shaxs, yosh bola va avtomototransport vositasi topilgan taqdirda, ichki ishlar organlari sud ijrochisini topilgan paytdan boshlab bir sutka ichida yozma ravishda xabardor qiladi.
Qidiruvni amalga oshirayotgan ichki ishlar organi, qidiruv natijalari haqida har oyda sud ijrochilarini yozma ravishda xabardor qilib turadi.
15. Sud ijrochisi, qonunchilikda belgilangan hollarda majburiy keltirish toʻgʻrisida qaror chiqaradi. Qaror majburiy keltirilishi lozim boʻlgan shaxsning yashash joyidagi ichki ishlar organlariga yuboriladi.
16. Ichki ishlar organi sud ijrochisining qarorida koʻrsatilgan shaxsni qarorda belgilangan muddatda va ijro harakatlarini amalga oshirish joyiga majburiy keltirishni amalga oshiradi.
Majburiy keltirish toʻgʻrisidagi qaror ijrosi taʼminlanganda, sud ijrochisi qarorga tegishli yozuv kiritadi va u ichki ishlar organiga qaytariladi.
17. Sud ijrochisi qonunchilikda belgilangan hollarda, avtomototransport vositasining texnik holatini koʻzdan kechirishda ishtirok etish uchun Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakat xavfsizligi xizmati (keyingi oʻrinlarda matnda — DYHXX) organlari mutaxassislarini xabardor qiladi. Xabarnoma koʻzdan kechirish sanasi, vaqti va joyi koʻrsatilgan holda yozma ravishda rasmiylashtirilishi va koʻzdan kechirish oʻtkazilishidan kamida bir kun oldin topshirilishi lozim.
Xabarnoma olingan vaqtdan boshlab keyingi kundan kechiktirilmasdan DYHXX mutaxassis belgilaydi va sud ijrochisini bu haqda xabardor qiladi.
18. Sud ijrochilari va tuman (shahar) ichki ishlar organlari ijro harakatlari jarayonida tegishli hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha oʻzlarining ishlarini doimiy muvofiqlashtirib borishlari lozim.
IV. Moliya organlari bilan oʻzaro hamkorlik
19. Sud ijrochilarining hududiy moliya organlari bilan oʻzaro hamkorligi mol-mulkni davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish paytida amalga oshiriladi.
20. Sud ijrochisi, qonunchilikda belgilangan hollarda, davlat daromadiga undiriladigan mol-mulkni baholash yoki bahosini kamaytirish, holatini koʻzdan kechirish uchun hududiy moliya organiga koʻzdan kechirish amalga oshirilishidan kamida bir kun oldin koʻzdan kechirish oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyi koʻrsatilgan xabarnomani yuboradi.
21. Hududiy moliya organi xabarnomani olgan paytdan boshlab keyingi kundan kechiktirmasdan mutaxassis belgilaydi, bu haqda sud ijrochisiga maʼlum qiladi, shuningdek mol-mulkni baholash yoki bahosini kamaytirish holatlarini koʻzdan kechirishni amalga oshirishda ishtirok etishini taʼminlaydi.
V. Davlat soliq xizmati organlari bilan oʻzaro hamkorlik
22. Sud ijrochilarining davlat soliq xizmati organlari (keyingi oʻrinlarda matnda — soliq organlari) bilan oʻzaro hamkorligi mol-mulkni davlat daromadiga, shuningdek budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni qarzdorning mol-mulki hisobidan undirishni nazarda tutuvchi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Sud ijrochilarining soliq organlari bilan oʻzaro hamkorligi qarzdor — jismoniy shaxsning yashash joyi, ish joyi yoki uning mol-mulki joylashgan yoxud qarzdor — yuridik shaxsning joylashgan joyi yoki uning mol-mulki joylashgan joyi boʻyicha belgilanadi.
24. Soliq organlari tomonidan budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar boʻyicha qarzdorliklarni, shuningdek isteʼmol qilingan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik va jarima summalarini qarzdor — yuridik shaxslardan undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatini sud ijrochilariga taqdim etish muddatida toʻlanmagan soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlarni qarzdor korxona va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirish toʻgʻrisidagi xoʻjalik sudlari qarorlarini ijro etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada (2003-yil 12-iyul, roʻyxat raqami 1250 — Normativ hujjatlar axborotnomasi, 2003-y., 11-son) va Yuridik shaxslar tomonidan isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻlov muddati oʻtgan debitor qarzlarni majburiy tartibda undirish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada (2005-yil 6-aprel, roʻyxat raqami 1466 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 108-modda) nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Sud ijrochilari zarur hollarda qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda soliq organlari vakolati doirasiga taalluqli sud hujjatlarini ijro etish uchun zarur qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Sud ijrochisi, qonunchilikda belgilangan hollarda, davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha koʻchmas mulk va avtomototransport vositalarining bahosini kamaytirish uchun soliq organini xabardor qiladi. Xabarnoma koʻzdan kechirish oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyi koʻrsatilib yozma ravishda rasmiylashtirilishi va bahoni kamaytirish kunidan kamida bir kun oldin yuborilishi lozim.
26. Soliq organi xabarnomani olgan paytdan boshlab keyingi kundan kechiktirmasdan mutaxassis belgilaydi, bu haqda sud ijrochisiga maʼlum qiladi va koʻchmas mulk va avtomototransport vositalarini bahosini kamaytirish uchun mutaxassis ishtirokini taʼminlaydi.
VI. Roʻyxatga oluvchi organlar bilan oʻzaro hamkorlik
27. Sud ijrochilarining yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar (keyingi oʻrinlarda matnda — roʻyxatga oluvchi organlar) bilan oʻzaro hamkorligi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tomonidan ijro hujjati boʻyicha belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan qarzdorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qilinishida koʻmaklashish maqsadida amalga oshiriladi.
Faoliyatini tugatish, bankrotlik jarayonida turgan tijorat tashkilotlari ustav fondida qarzdorning ulushi boʻyicha va tugatilgan qarzdorlar boʻyicha maʼlumotlarni taqdim qilish toʻgʻrisidagi sud ijrochisining talabnomasida murojaat sababi, yuridik shaxsning toʻliq nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), STIR, KTUT kodlari, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning pasport maʼlumotlari (STIR) koʻrsatilib yozma ravishda rasmiylashtiriladi.
28. Qarzdor — yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hollarda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ sud ijrochisining talabiga koʻra, talabni olgan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida qarzdor — yuridik shaxs majburiyatlari boʻyicha qonunchilikka muvofiq javobgarlik yuklatilgan yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlarni taqdim etadi.
29. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar (Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan tashqari) sud ijrochisining asoslantirilgan talabnomasiga koʻra, talabnomani olgan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida taʼsis hujjatlarining nusxalari yoki ulardan qarzdorlar toʻgʻrisidagi koʻchirmalarni taqdim etadi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qarzdorning mol-mulkini xatlash yoki undiruvga qaratish toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan sud hujjati mavjud boʻlganda va sud ijrochisining asoslantirilgan talabnomasiga koʻra, qonunchilikda belgilangan tartibda taʼsis hujjatlarining nusxalarini yoki ulardan qarzdor toʻgʻrisidagi koʻchirmalarni taqdim etadilar.
VII. Qimmatli qogʻozlar Markaziy depozitariysi va depozitariylar bilan oʻzaro hamkorlik
31. Sud ijrochilarining qimmatli qogʻozlar Markaziy depozitariysi va depozitariylar bilan oʻzaro hamkorligi qarzdorning depo hisobvaraqlarida qimmatli qogʻozlar mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish maqsadida amalga oshiriladi.
32. Sud ijrochilari oʻzlariga yuklatilgan majburiyatlarni amalga oshirishda qimmatli qogʻozlar Markaziy depozitariysiga qarzdorlar toʻgʻrisida zarur maʼlumotlarni olish uchun talabnoma bilan murojaat qilishga haqli.
Talabnoma yozma ravishda rasmiylashtirilib, unda murojaat sababi, qarzdor — yuridik shaxsning toʻliq nomi, (KTUT kodlari), qarzdor — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar seriyasi, raqami, berilgan sanasi, STIR va talabnoma olingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida qimmatli qogʻozlar boʻyicha barcha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi. Talabnomada sud ijrochisining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasport maʼlumotlari ham boʻlishi lozim.
Qimmatli qogʻozlar Markaziy depozitariysi talabnomani olgan kundan boshlab keyingi kundan kechiktirmasdan tegishli depozitariyga xabarnoma va talabnomaning nusxasini yuboradi.
Depozitariylar, Markaziy depozitariyning xabarnomasini olgan kundan boshlab keyingi kundan kechiktirmasdan tegishli sud ijrochisiga qarzdorni depo hisobvaragʻida qimmatli qogʻozlar mavjudligi toʻgʻrisida, shuningdek, qimmatli qogʻozlarni uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlarini belgilash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuboradi va qarzdorning depo hisobvaragʻidagi uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari belgilanmagan qimmatli qogʻozlar boʻyicha barcha operatsiyalarni talabnomada koʻrsatilgan muddatga toʻxtatib qoʻyadi.
33. Qarzdorning depo hisobvaragʻida qimmatli qogʻozlar mavjud boʻlganda, sud ijrochisi tomonidan tegishli depozitariylarga ijro hujjati boʻyicha qarzdorning depo hisobvaragʻida koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlarni xatlash uchun depozitariylarga asos boʻluvchi emitent, uning turlari, toifalari va miqdori koʻrsatilgan holda qarz summasi doirasida, qimmatli qogʻozlarni xatlash toʻgʻrisida qaror yuboriladi. Xatlash toʻgʻrisidagi qaror katta sud ijrochisi tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
Depozitariylar katta sud ijrochisining qarorini olgan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida depo hisobvaragʻi boʻlimidagi tasarruf etuvchi kartochkasiga muvofiq sud ijrochisini tasarruf etuvchi qilib tayinlaydi, qarzdorning depo hisobvaragʻidagi majburiyatlar bilan belgilanmagan qimmatli qogʻozlarini “QQ xatlangan” maxsus boʻlimga (subhisobvaraq) oʻtkazadi hamda qarzdorning qimmatli qogʻozlarini xatlash toʻgʻrisidagi qarorning bajarilganligi yoki bajarish imkoni yoʻqligi sabablari koʻrsatilgan holda sud ijrochisiga xabarnoma yuboradilar. Qarzdorning qimmatli qogʻozini xatlash toʻgʻrisidagi sud ijrochisining qarori mavjud boʻlmaganda, qimmatli qogʻozlar boʻyicha operatsiyalar toʻxtatilganidan keyin ikki kunlik muddat oʻtgach depozitariylar ular boʻyicha toʻxtatib turishni bekor qiladi va qarzdorning depo hisobvaragʻi boʻyicha qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni qayta tiklaydi.
34. Sud ijrochilarining tuman (shahar) boʻlimi xatlangan qimmatli qogʻozlarni tashkillashtirilgan savdo orqali sotish uchun qimmatli qogʻozlarning Markaziy depozitariysida belgilangan tartibda maxsus hisobvaraq ochishi lozim.
Qarzdorning xatlangan qimmatli qogʻozlarini tashkillashtirilgan savdo orqali sotilmagan qismini undiruvchiga topshirish roʻyxatdan oʻtkazilgan topshirish dalolatnomasi va qarzdor tomonidan sud ijrochisi — “QQ xatlangan” boʻlimi tasarruf etuvchisi, oluvchi tomonidan undiruvchi imzolaydigan qimmatli qogʻozlarni qarzdor depo hisobvaragʻidan kreditor depo hisobraqamiga koʻchirish toʻgʻrisidagi topshirigʻi asosida amalga oshiriladi.
35. Qarzdorning xatlangan qimmatli qogʻozlariga nisbatan xatlov bekor qilinganda, sud ijrochisi darhol qarzdorning xatlangan qimmatli qogʻozlarini hisobini yurituvchi depozitariylarga katta sud ijrochisi imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlangan qarorni yuboradi.
VIII. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi organlari bilan oʻzaro hamkorlik
36. Sud ijrochilarining Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi organlari (keyingi oʻrinlarda matnda — hududiy roʻyxatdan oʻtkazish idoralari, tuman va shaharlar yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari deb ataladi) bilan oʻzaro hamkorligi sud ijrochilariga sud qarorlarini va boshqa organlarning qarzdorga tegishli boʻlgan koʻchmas mulkni belgilash boʻyicha qarorlarining majburiy ijrosi boʻyicha yordam koʻrsatish, ijro hujjatlari boʻyicha xatlangan koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlarni taqdim etish, koʻchmas mulkni koʻzdan kechirishda qatnashish va ijro hujjatlari boʻyicha qarzdordan yer uchastkalarini olib qoʻyish maqsadida amalga oshiriladi.
Sud ijrochilarining hududiy roʻyxatdan oʻtkazish idoralari, tuman va shaharlar yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari bilan oʻzaro hamkorligi qarzdor — jismoniy shaxsning turar joyi yoki uning koʻchmas mulki joylashgan joy yoxud qarzdor — yuridik shaxsning joylashgan joyi yoki uning koʻchmas mulki joylashgan joy boʻyicha aniqlanadi.
37. Hududiy roʻyxatdan oʻtkazish idoralari qarzdorga tegishli koʻchmas mulkni xatlanganligi toʻgʻrisidagi sud ijrochisining tegishli talabnomasini olgandan soʻng, ushbu talabnoma boʻyicha ikki kun ichida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlarni taqdim qiladi.
38. Xatlov koʻchmas mulkka qaratilganda, sud ijrochilari qarzdorga qarashli boʻlgan koʻchmas mulkni tasarruf etishni taqiqlash toʻgʻrisida tegishli hududiy roʻyxatdan oʻtkazish idoralariga darhol talabnoma joʻnatadilar. Hududiy roʻyxatdan oʻtkazish idoralari ushbu talabnomani olgandan soʻng darhol bino va inshootlarning davlat reyestriga bino va inshootni sotishni taqiqlash toʻgʻrisida tegishli yozuv kiritadilar va bu haqda talabnomani olgandan kundan boshlab uch kun ichida sud ijrochilariga xabar qiladilar.
39. Agar xatlangan mol-mulk davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan boʻlsa, hududiy roʻyxatdan oʻtkazish idoralari 20 kun davomida sud ijrochisining yoki mulkdorning arizasiga muvofiq, koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazadilar va tegishli maʼlumotlarni, shuningdek davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilgan huquq belgilovchi hujjatlarning nusxalarini sud ijrochilariga taqdim etadilar. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar mulkdor yoki sud ijrochilari tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.
Agar xatlangan koʻchmas mulk qurilishi tugallanmagan obyekt hisoblansa, ushbu obyekt boʻyicha tegishli maʼlumotlar (erga boʻlgan mulk huquqining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, qurilayotgan bino, inshoot toʻgʻrisidagi kadastr maʼlumotlari) hududiy roʻyxatdan oʻtkazish idoralari, yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari tomonidan sud ijrochilariga qonunda belgilangan tartibda taqdim etiladi.
40. Qonunda belgilangan holatlarda, sud ijrochisi koʻchmas mulk holatini koʻzdan kechirish maqsadida koʻzdan kechirish oʻtkazilgunga qadar kamida bir kun oldin yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlarini koʻzdan kechirish oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyini koʻrsatgan holda xabardor qiladi.
Yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari xabarni olgan vaqtdan boshlab keyingi kundan kechiktirmasdan mutaxassisni aniqlaydi va bu toʻgʻrida sud ijrochisini xabardor qiladi, shuningdek koʻzdan kechirishni oʻtkazish uchun mutaxassisning ishtirok etishini taʼminlaydi.
41. Qonunda belgilangan holatlarda qarzdordan yer uchastkasini olib qoʻyish, oʻzboshimchalik bilan qurilgan obyektlarni buzib tashlash toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari ijro qilinayotganda, sud ijrochisi olib qoʻyish amalga oshirilishidan kamida uch kun oldin yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlariga sana, vaqt va joyini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi. Yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari xabarnomani olgandan keyin bir kundan kechiktirmasdan mutaxassisni aniqlaydi va bu toʻgʻrisida sud ijrochisiga maʼlum qiladi, shuningdek, koʻzdan kechirish oʻtkazishda mutaxassisning ishtirokini taʼminlaydi.
IX. Notarial idoralar bilan oʻzaro hamkorlik
42. Sud ijrochilarining avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga berish taqiqlanishi va taqiq olib tashlanishi, shuningdek, boshqa shaxsga berish taqiqlangan va xatlab qoʻyilgan avtomototransport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini yurituvchi notarial idoralar (keyingi oʻrinlarda matnda — notarial idoralar) bilan oʻzaro hamkorligi koʻchmas mulkka yoki avtomototransport vositalarini xatlov qilish va begonalashtirishni taqiqlashni bekor qilish boʻyicha maʼlumotlarni olishda sud ijrochilariga yordam berish maqsadida amalga oshiriladi.
43. Davlat notarial idoralari tomonidan tegishli maʼlumotlarni taqdim etish sud ijrochilarining maqsadli talabi asosida talabnoma olgan kunning ertasidan kechikmasdan amalga oshiriladi.
44. Koʻchmas mulk yoki avtomototransport vositalari xatlanganda, xatlash toʻgʻrisida qaror chiqargan va koʻchmas mulkni va avtomototransport vositalarini roʻyxatini tuzgan sud ijrochisi qaror chiqarilgan va dalolatnoma tuzilgan kunning oʻzida katta sud ijrochisi imzosi qoʻyilib, gerbli muhr bilan tasdiqlangan xabarni maʼlumotlar bankini yurituvchi tegishli notarial idoraga qaror va dalolatnoma nusxasi ilovasi bilan birga yuboradi.
45. Koʻchmas mulkka yoki avtomototransport vositalariga nisbatan xatlov bekor qilinganda, sud ijrochisi darhol notarial idoraga xatlovni bekor qilish toʻgʻrisida katta sud ijrochisi imzosi qoʻyilib, gerbli muhr bilan tasdiqlangan xabarni yuboradi.
46. Koʻchmas mulkka yoki avtomototransport vositalarini xatlash yoki xatlovni bekor qilish toʻgʻrisida xatni olgan notarial idorasi darhol olingan xabarni avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga berish taqiqlanishi va taqiq olib tashlanishi, shuningdek boshqa shaxsga berish taqiqlangan va xatlab qoʻyilgan avtomototransport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankiga kiritadi.
X. Moliya-kredit tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik
47. Moliya-kredit tashkilotlari bilan sud ijrochilarining oʻzaro hamkorligi undiruvni ijro hujjatlari boʻyicha xatlash, qarz summasi doirasida undiruvni qaratish uchun qarzdorning hisobvaraqlarida, omonatlarida yoki moliya-kredit tashkilotlarda saqlanayotgan pul vositalari va boshqa qimmatliklarini hisoblarini belgilashda sud ijrochilariga yordam koʻrsatish maqsadida amalga oshiriladi.
48. Moliya-kredit tashkilotlari bank sirini tashkil etuvchi axborotlarni sud ijrochilariga ularning yozma soʻrovnomasiga asosan, mazkur moliya-kredit tashkilotining mijozi (vakili) mulkiga undiruvni qaratish yoki xatlash toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan sud hujjati mavjud boʻlganda taqdim etadilar.
49. Sud ijrochisida qarzdor — yuridik shaxsning ijro hujjatiga muvofiq qarz summasi doirasida xatlash mumkin boʻlgan hisobvaragʻi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlmaganda, sud ijrochisi moliya-kredit tashkilotiga shunday hisobvaraq mavjudligini aniqlash toʻgʻrisida talabnoma yuboradi. Tegishli talab kelib tushganda moliya-kredit tashkilotlari bank depozitlari Milliy axborot bazasi orqali tegishli hisobvaraqlarni aniqlaydi va bu toʻgʻrisida sud ijrochisini keyingi kundan kechiktirmasdan xabardor qiladi.
XI. Boshqa organlar bilan oʻzaro hamkorlik
50. Sud ijrochilarining boshqa organlar bilan oʻzaro hamkorligi qonunchilikda belgilangan tartibda ijro hujjatlarini ijro etish jarayonida amalga oshiriladi.
51. Sud ijrochilari ijro hujjatlarini majburiy ijrosi jarayonida oʻzlarining vakolatlari doirasida tegishli organlardan maʼlumotlarni talab qilishga haqli. Ushbu organlar sud ijrochisining asoslantirilgan talabiga muvofiq tegishli maʼlumotlarni sud ijrochisi tomonidan oʻrnatilgan muddatlarda taqdim etishga majburdirlar.
XII. Yakuniy qoidalar
52. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat soliq qoʻmitasi, Yergeodezkadastr, Davlat mulk qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Oliy sud raisi B. MUSTAFOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 19-noyabr
Oliy xoʻjalik sudi raisi A. IShMETOV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-dekabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2006-yil 26-dekabr
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 2-fevral
Markaziy banki Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 23-dekabr
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 16-yanvar
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A. ABDUAZIZOV
Toshkent sh.,
2006-yil 28-dekabr
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-fevral