O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA ChET EL VALYuTASINI
ERKIN SOTIB OLISh VA SOTIShNI TAShKIL ETISh HAMDA
ERKIN ALMAShTIRILADIGAN VALYuTA BILAN SAVDO
QILIShNI KENGAYTIRISh ChORALARI HAQIDA
ERKIN SOTIB OLISh VA SOTIShNI TAShKIL ETISh HAMDA
ERKIN ALMAShTIRILADIGAN VALYuTA BILAN SAVDO
QILIShNI KENGAYTIRISh ChORALARI HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 29-martdagi 91-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslarga xorijiy valyutani sotish tartibini yanada liberallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2013-yil 30-yanvardagi PQ-1914-son qarori)” qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Pulning tobora qadrsizlanib borayotganligini hisobga olib, respublika va uning aholisi manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni ancha kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, turizmning samaradorligini oshirish, shuningdek, valyuta resurslarini ko‘paytirib borish maqsadlarida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Chet el valyutasini so‘mga erkin sotib olish va sotishni tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida pul almashish punktlari tarmog‘i kengaytirilsin. Buning uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bankiga 1991-yilning 1-dekabriga qadar respublikada chet el valyutasini so‘mga sotib olish va sotish punktlarini hududiy joylashtirish strukturasini ishlab chiqish taklif etilsin.
Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat banki va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda 1991-yilning 1-dekabriga qadar punktlar va ixtisoslashgan birjalar orqali tarkib topayotgan bozor kursi sharoitida valyutalarni sotib olish va sotishning ta’sirchan mexanizmini ishlab chiqsin, bunda respublika va uning aholisi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni, ichki va tashqi valyuta bozori konyunkturasiga qarab operativ ish tutishni nazarda tutsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga 1992-yilning 1-yanvariga qadar Respublika valyuta birjasini ochish tavsiya etilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga va valyuta operatsiyalarini olib borishga vakolatli bo‘lgan boshqa banklarga mazkur qaror chiqqandan keyin valyuta schyotlarini ochishga, shuningdek, yuridik va fizik shaxslardan omonat va depozitlarga naqd valyutani qabul qilishda barcha cheklashlar olib tashlansin, shartnoma asosida protsentlar to‘lashni ta’minlash taklif etilsin.
Belgilansinki, fuqarolarning schyotida bo‘lgan chet el valyutasi ularning talabiga ko‘ra cheklashlarsiz va ruxsatlarsiz beriladi.
3. Respublikaga valyuta mablag‘larini jalb etish, shuningdek, savdo shoxobchalarida tovarlarni valyutaga sotish maqsadida quyidagilar belgilab qo‘yilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat tashqi savdo va xorijiy mamlakatlar bilan aloqalar qo‘mitasi, Savdo vazirligi, O‘zbekbirlashuv, boshqa manfaatdor tashkilotlar 1992-yilning 1-yanvariga qadar valyutaga savdo qiluvchi korxonalar shoxobchasini kengaytirsinlar va 1992-yilning 10-yanvariga qadar Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qilsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qo‘mitasi Davlat banki va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir hafta muddat ichida “O‘zbekiston Respublikasi hududida xalq iste’moli mollarini chet el valyutasiga sotish tartibi haqida”gi Nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi (o‘rtoq Hamidov)ga yuklatilsin. Qarorning bajarilishi qanday borayotganligi 1992-yil yanvar oyida ko‘rib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 22-noyabr,
297-son