ONLINE TRANSLATE
Document passport
Volontyorlik faoliyatini yanada ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 06.11.2026 yildagi PF-240-son

Farmonga ko‘ra, quyidagilar volontyorlik faoliyatini yana-da ommalashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
 
aholi, ayniqsa, yoshlarda ijtimoiy masʼuliyat, hamjihatlik, o‘zaro yordam va rahm-shafqat tuyg‘ularini keng shakllantirish;
 
ijtimoiy himoyaga muhtojlar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga beg‘araz yordam ko‘rsatish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xayriya tadbirlarini amalga oshirish va boshqalar.
 
“Ezgulik sari qadam” shiori ostida volontyorlik faoliyatini umummilliy harakatga aylantirish, volontyorlik sohasida xalqaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida:
 
volontyorlar ishtirokida ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etish, ularning huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash, volontyorlar moddiy va maʼnaviy rag‘batlantiriladi;
 
“Fidoyi volontyor” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi;
 
5-dekabr – Xalqaro ko‘ngillilar kuni keng nishonlanadi;
 
xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari ishtirokida Osiyo volontyorlari forumi o‘tkazib boriladi.

Farmonga ko‘ra, 2027 yildan boshlab aholi, ayniqsa yoshlar va davlat xizmatchilarining volontyorlik faoliyati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida:
 
volontyorlik qilish istagidagi yoshlar ishtirokida “Service Learning” (ijtimoiy xizmat asosidagi taʼlim) dasturi asosida qisqa muddatli o‘quvlar tashkil etish orqali ularning volontyorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
 
davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalari va texnikum o‘quvchilari uchun “Kasbiy volontyorlik” dasturi amalga oshiriladi. Bunda:
 
davlat organlari va tashkilotlari oliy taʼlim tashkilotlari talabalari hamda texnikum o‘quvchilariga taʼlimdan tashqari vaqtlarda volontyorlar guruhi tarkibida volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
 
talabalar taʼlim olayotgan ixtisosligiga mos volontyorlik dasturida o‘z xohishiga ko‘ra ishtirok etadi.
 
2027-yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlari lavozimiga ishga qabul qilishda nomzodlarning malaka talablari bo‘yicha ko‘rsatkichlari teng bo‘lgan hollarda volontyorlik faoliyati bilan shug‘ullangan nomzodlarga ustunlik beriladi.