ONLINE TRANSLATE
Document passport
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni, 19.08.2026 yildagi O‘RQ-1169-son

Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning maqsadi Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining alohida hudud sifatidagi maqomini va Markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni belgilashdan iborat.
 
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun bilan quyidagi sohalarda maxsus huquqiy rejim o‘rnatiladi:
 
“Tartibga solish qumdoni” doirasida innovatsiyalarni, xizmatlarni va mahsulotlarni yaratish, sinovdan o‘tkazish hamda joriy etish;
 
raqamli texnologiyalar sohasiga investitsiyalarni jalb etishga va mazkur sohada eksport faoliyati bilan shug‘ullanishni rag‘batlantirishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish;
 
fuqarolik, korporativ va tijorat huquqiga oid munosabatlar;
 
fuqarolik va iqtisodiy protsessual munosabatlar;
 
bojxona ishi va soliq solish;
 
mehnatga oid munosabatlar;
 
moliya va bank faoliyati, valyuta operatsiyalarini amalga oshirish;
 
maʼlumotlarni himoya qilish, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish;
 
davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
 
intellektual mulkni muhofaza qilish.
 
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan maxsus huquqiy rejim 2100 yilgacha amal qiladi.
 
Maxsus huquqiy rejim O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilangan chegaralar doirasidagi Markaz hududida amal qiladi.
 
Markazning qarorlari uning organlari tomonidan qabul qilinadigan va Markaz hududida barcha uchun majburiy bo‘lgan huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan hujjatlardan iboratdir.