ONLINE TRANSLATE
Document passport
Kichik biznes subyektlarining oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 26.05.2026 yildagi PF-100-son

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor BHMning 12 ming baravari etib belgilandi.
 
2026-yil 1-iyundan:
 
mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan:
 
alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;
 
alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu subyektlarda yakuniy isteʼmolga realizatsiya qilingan deb eʼtirof etiladi;
 
umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun:
 
ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda shu kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini to‘lash tartibi joriy etiladi;
 
to‘langan QQSning bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qatʼi nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1 yanvardan :
 
alkogol mahsulotlarini chakana sotish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar birlashtiriladi va uning stavkasi BHMning 10 foizi miqdorida belgilanadi;
 
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlarga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;
 
kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini 2 barobarga oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.
 
2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1 yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlarga ixtiyoriy ravishda QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.
 
QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibida:
 
QQS stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;
 
foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
 
sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqi berilmaydi.