ONLINE TRANSLATE
Document passport
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 18.05.2026 yildagi 254-son

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmdagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan, xarid cheklarini “Soliq” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.

“Soliq” ilovasida har bir shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklarining yutuqli o‘yinga kiritilgani haqida maʼlumot berib boriladi.

Yutuqli o‘yin har oyda “Soliq” ilovasidagi “Yutuqli o‘yinlar” platformasi orqali o‘tkaziladi.

Tanlov 1 oy davomida ishtirokchilar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklari jamlanmasi doirasida o‘tkazilib, g‘oliblar inson omilisiz xarid chekini tasodifiy tanlab olish asosida aniqlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina taqdim etiladi.