ONLINE TRANSLATE
Document passport
Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 02.04.2025 yildagi PQ-134-son

Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelgacha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga (Reyestrlar) kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam taʼminlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:

elektr energiyasi isteʼmoli bo‘yicha – oyiga bazaviy meʼyordan 150 kVt soatgacha;

tabiiy gaz isteʼmoli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy meʼyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meʼyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.

Qarorga ko‘ra, 2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi:

Reyestrlarga kiritilgan oilalarga; 

“mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga. Bunda “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida, birinchi navbatda, quyidagilar inobatga olinadi:

boquvchisini yo‘qotgan oilalar; 

aʼzolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar;

nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar;

uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar;

nogironligi bo‘lgan shaxslar; 

3 va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz taʼminoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar.

Qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni Reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.