Farmonga muvofiq:
1) To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yangi sifat bosqichiga olib chiqishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi;
2) To‘qimachilik mahsulotlarini qayta ishlashni chuqurlashtirish uchun qulay moliyaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilishi belgilandi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-2-son Farmoni bilan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati loyihalari uchun tijorat banklarida ochilgan 12 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyalari hamda ajratilishi nazarda tutilgan 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi qaroriga asosan quyidagi yo‘nalishlarga qayta taqsimlanishi:
to‘qimachilik sanoat zonalari direksiyalariga 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada va qolgan davr uchun yillik 5 foiz stavkada – tadbirkorlar talablari asosida ishlab chiqarish binolarini, shuningdek, suv tozalash inshootlarini qurish uchun;
Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasiga (Jamg‘arma) – qiymati 10 million AQSH dollarigacha miqdordagi gazlama, trikotaj mato, bo‘yash-pardozlash, sochiq va parda mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan korxonalarning ustav kapitaliga asbob-uskuna qiymatining 15 foizi miqdorida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ulushi sifatida kiritish uchun;
b) to‘qimachilik sanoat zonalarida quriladigan ishlab chiqarish bino-inshootlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 7 yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki ijara asosida berilishi;
v) gazlama, trikotaj mato, tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish va bo‘yash uchun asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning kredit summasidan qatʼi nazar 7 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining 6 foiz banddan yuqori qismi, biroq 5 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan “1+2” tamoyili asosida kompensatsiya qilib berilishi.
3) 2026 yil 1 yanvarga qadar to‘qimachilik sanoat zonalari direksiyalari va ularda tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etilishi belgilandi;
4) To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, Farmonning 1-ilovasiga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xom ashyo va boshqa materiallar, butlovchilar va ehtiyot qismlar 2027 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinishi belgilandi.
5) Mazkur Farmonning 2-bandi “a” kichik bandiga muvofiq Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan korxonalarning ustav kapitaliga kirishda quyidagi tartib o‘rnatildi, unga ko‘ra:
loyihalarni amalga oshirish uchun loyiha tashabbuskori xorijiy brend va investorlar bilan kelishuvga erishishi hamda ularni jalb etishi majburiy hisoblanmaydi;
loyihalar bo‘yicha ishlab chiqarish rentabelligi ko‘rsatkichi 10 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda bo‘lishi talab etiladi;
Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi tomonidan loyiha doirasida faqat xarid qilinadigan asbob-uskunalarning narx parametrlarining joriy bozor konyunkturasiga muvofiqligi ko‘rib chiqiladi;
Jamg‘armaning muayyan loyihada ishtirok etish shartlari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan tasdiqlash uchun Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga kiritiladi;
6) 2024 yil 1 maydan boshlab:
2026 yil 1 mayga qadar “A” va undan yuqori toifadagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmasligi, shuningdek, ushbu toifadagi tadbirkorlik subyektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 1 kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshirilishi;
banklarga to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi eksportchilarning eksport shartnomasi bo‘yicha to‘lov talab qilish huquqini, jumladan “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ mablag‘lari hisobidan bank xizmatlari uchun xarajatlarni chegirgan holda sotib olishga ruxsat berilishi;
“A” va undan yuqori toifadagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi eksportchi korxonalarga akkreditivni garovga olgan holda uning 70 foizi miqdorida ajratiladigan kreditlar uchun banklarga “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan mablag‘ taqdim qilish tizimi joriy qilinishi belgilandi.