ONLINE TRANSLATE
Document passport
Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 01.04.2024 yildagi PF-55-son

Farmonga muvofiq:

1) Quyidagi takliflar maʼqullandi:

a) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (Agentlik) tizimidagi maktablarda Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

b) Agentlik huzurida jamoatchilik asosida:

Agentlik tizimidagi maktablarning o‘qituvchilaridan iborat bo‘lgan STEM fanlari bo‘yicha fan kengashlarini;

Agentlik tizimidagi maktablarning bitiruvchilaridan iborat bo‘lgan Bitiruvchilar kengashini tashkil etish;

2) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

a) Fanlar akademiyasi akademiklari tomonidan Agentlik tizimidagi maktablarda:

o‘quvchilarning yaratuvchanlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan darslar tashkil etilishi;

o‘quvchilarga amaliy loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish masalalarida ko‘mak ko‘rsatilishi;

o‘quvchilar ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etilishi hamda Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy laboratoriyalarda olib borilayotgan loyihalar bilan tanishtirilishi;

o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish maqsadida “Yosh akademiklar” klublari tashkil etilishi;

b) har yili umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida taʼlim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratishni nazarda tutuvchi “Ixtirochilikka qadam” tanlovi o‘tkazilishi;

v) STEM fanlari bo‘yicha yangi taʼlim dasturlarini amaliyotga joriy qilish fan kengashlari bilan kelishgan holda amalga oshirilishi;

g) Agentlik tizimidagi maktablar bitiruvchilari bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning takliflari asosida taʼlim jarayonini takomillashtirish, maktab taʼlimidan keyin egallangan kasbiy tajribalarini o‘quvchilarga yetkazish maqsadida har yili bir marta Bitiruvchilar qurultoyi o‘tkazilishi belgilandi;

3) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tajriba-sinov tariqasida “Yangi O‘zbekiston” universiteti bilan o‘zaro integratsiyalashgan o‘quvchilarni muhandislik asoslariga o‘rgatish bo‘yicha taʼlim dasturlarini (muhandislik dasturlari) joriy qilish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi;

Quyidagilar:

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning o‘quv jarayoni 5 yillik dasturlar asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etilishi;

muhandislik dasturlariga tanlov umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining matematika, mantiqiy fikrlash, informatika va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha qobiliyati bor 6-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshirilishi;

muhandislik taʼlim dasturlari “Yangi O‘zbekiston” universiteti bakalavriat taʼlim dasturlari bilan o‘zaro integratsiya qilinishi;

muhandislik taʼlim dasturlarini lozim darajada o‘zlashtirgan bitiruvchilarga o‘z o‘qishini “Yangi O‘zbekiston” universiteti tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishining 2-bosqichidan davom ettirish huquqi berilishi;

4) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

a) Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda:

chet tilini bilish bo‘yicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan fanlarni chet tilida o‘qitish amaliyoti joriy etiladi;

matematika, fizika, kimyo, biologiya, tabiiy fanlar (science), informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan darslarni chet tilida olib borgan o‘qituvchilarga ular faoliyat yuritayotgan maktablarning xarajatlar smetasida xodimlarni rag‘batlantirish jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida tarif stavkasiga nisbatan 100 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi;

b) Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Prezident maktablarining mahalliy o‘qituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 350 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi;

Bunda, ustama pedagoglar tomonidan quyidagi shartlarning barchasi bajarilgan taqdirda to‘lanadi:

Kembridj (Cambridge Assessment International Education) xalqaro taʼlim dasturlari asosida dars beriladigan fanlarni o‘qitish bo‘yicha 3 ta (Introductory, Extension, (Focus on Assessment yoki Focus on Teaching), Marking) kursni muvaffaqiyatli tugatish va bu haqida tegishli sertifikat olish;

Prezident maktablarida kamida bir yillik ish stajiga va chet tilini bilish bo‘yicha kamida S1 darajadagi yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish.