ONLINE TRANSLATE
Document passport
Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 25.12.2023 yildagi O‘RQ-887-son

Qonun bilan ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda taftish tartibida ko‘rish bosqichi joriy etildi.

Yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan ko‘rish uchun qaytadan ushbu sudlarga yuborish tartibi chiqarib tashlandi.

Har bir sud instansiyasining zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatildi.

Shuningdek, sud buyrug‘ini bekor qilishni rad etish to‘g‘risidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkinlgi belgilandi.

Arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.

Apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining ajrimi, qarori qabul qilinganidan keyin darhol qonuniy kuchga kiradi.

Birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori hamda apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatida, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida ko‘riladigan shikoyat (protest) ushbu sudlar nomiga yo‘llanadi, lekin sud hujjatini qabul qilgan birinchi instansiya sudiga beriladi.

Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatida taftish tartibida ko‘riladigan shikoyat (protest) bevosita Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga beriladi.

Oliy sud raisining, Bosh prokurorning Oliy sud Rayosatiga taftish tartibidagi protesti bevosita Oliy sudga beriladi.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran 1 yil ichida beriladi.