Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.03.2025
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT SIRLARINI SAQLASH TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi 2024-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-1016-sonli “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2025-yil 29-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Ushbu Qonun davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalar, Oʻzbekiston Respublikasining harbiy tuzilmalari va fuqarolarining respublika hududidagi hamda uning tashqarisidagi faoliyatining barcha turlarida davlat sirlarini saqlashning huquqiy asoslarini belgilab beradi.
1-modda. Davlat sirlari tushunchasi
Davlat tomonidan qoʻriqlanadigan va maxsus roʻyxatlar bilan chegaralab qoʻyiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va oʻzga xil maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlari hisoblanadi.
Davlat sirlari Oʻzbekiston Respublikasining mulkidir.
2-modda. Davlat sirlarini saqlashning huquqiy asosi
Davlat sirlarini saqlashning huquqiy asosi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va unga muvofiq ravishda chiqariladigan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
3-modda. Davlat sirlarining kategoriyalari
Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlari – davlat, harbiy va xizmat sirlarini qamrab oladi.
Oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy taʼsir etishi yoki Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa ogʻir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar davlat sirini tashkil etadi.
Oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli Kuchlari uchun ogʻir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan harbiy xususiyatga ega maʼlumotlar harbiy sirni tashkil etadi.
Oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir maʼlumotlar xizmat sirini tashkil etadi.
4-modda. Muayyan tartibga boʻysunuvchi obyektlar
Alohida tartibga boʻysunuvchi, alohida muhim va muayyan tartibga boʻysunuvchi obyektlar roʻyxati, shuningdek ularning sirasiga mansub deb topish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarng: Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-fevraldagi 25-son qarori bilan tasdiqlangan Shaharsozlik faoliyatining alohida tartibga solinadigan obyektlarini umumdavlat va mahalliy ahamiyatga molik obyektlar jumlasiga kiritish hamda shaharsozlik faoliyatining alohida tartibga solinadigan obyektlari chegaralarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi, 3-bandining birinchi, oʻn ikkinchi xatboshilari, 4 — 6-bandlari, 14, 20, 26-bandlari.
5-modda. Axborotlarni davlat sirlariga mansub deb topish
Axborotlarni maxfiylashtirish va maxfiylikdan chiqarish ushbu Qonunga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan maʼlumotlarning maxfiylik darajasini aniqlash va belgilash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom va Oʻzbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Kartografiya va geodeziya materiallarining (maʼlumotlarining) cheklovchi griflarini belgilash, foydalanish uchun ochiq boʻlgan xaritalarni yaratish, maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini berish, hisobga olish va saqlash tartibi hamda geodeziya va kartografiya sohasidagi davlat sirlarining saqlanishini taʼminlash boʻyicha ruxsat berish tartibotlari toʻgʻrisida nizom.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti belgilab qoʻyadigan davlat sirlarini saqlashni taʼminlovchi davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslarining mulki hisoblangan axborotlarni maxfiylashtirish va maxfiylikdan chiqarishga haqlidir.
Davlat sirlariga taalluqli maʼlumotlarga ega boʻlgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ayrim fuqarolar bunday maʼlumotlar maxfiylashtirilishi zarurligi toʻgʻrisidagi masala hal etilishi uchun davlat sirlari saqlanishini taʼminlovchi organlarga murojaat etishlari lozim.
Maxfiylashtirilishi fuqaroning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborot davlat sirlariga mansub deb topilishi mumkin emas.
Axborot egalari axborotlarni maxfiylashtirish yoki maxfiylikdan chiqarishga oid gʻayriqonuniy xatti-harakatlar ustidan sudga shikoyat qilishga haqlidirlar.
6-modda. Davlat sirlarini saqlash tizimi
Axborotlarni maxfiylashtirish, ular bilan tanishish uchun ijozat berish tartibini hamda shu bilan bogʻliq cheklovlarni, shuningdek davlat sirlaridan foydalanish tartibini oʻzida mujassam etuvchi davlat sirlarini saqlash tizimini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-noyabrdagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat axborot resurslarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning III bobi va Davlat organlarining axborot tizimlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 23 — 29-bandlari.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga maxfiy maʼlumotlar bilan ishda foydalanish uchun berilgan ijozatni toʻxtatish yoki bundan mahrum qilish fuqaroni oʻziga maʼlum boʻlgan davlat sirlarini oshkor qilmaslik majburiyatidan xalos etmaydi.
7-modda. Axborotlarni maxfiylashtirish muddatlari
Axborotlar maxfiylashtirilishining qanchalik asosli ekanligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda har besh yilda qayta koʻrib chiqiladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarang.
8-modda. Davlat siri yoki harbiy sirlardan voqif boʻlgan fuqarolarning huquqlarini cheklash
Davlat siri yoki harbiy sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bilan ishlayotgan yoki ishlagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining oʻzi yozma ravishda bergan roziligi bilan maxfiylik muddati tugaguniga qadar, lekin koʻpi bilan besh yilga huquqlari cheklanishi mumkin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining davlat sirlarini saqlash sohasidagi vakolatlari
(9-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi OʻRQ-522-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati oʻz vakolat doirasida:
(9-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi OʻRQ-522-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
davlat sirlari saqlanishini, aloqaning maxsus turlari va shifr ishi xavfsizligini, chet el razvedkasining texnikaviy vositalariga qarshi harakatlarni taʼminlash ustidan nazoratni yoʻlga qoʻyadi;
davlat boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarda maxfiylik tartibi tekshirilishini amalga oshiradi. Bunda davlat sirlari saqlanishiga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar taqdim etadi;
davlat siri yoki harbiy sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bilan ishda foydalanishga ijozatni rasmiylashtirishda fuqarolarning roziligi bilan ularni maxsus tekshiruvdan oʻtkazadi;
davlat sirlarini saqlash masalalarida idoralarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatadi;
davlat sirlarini saqlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan oʻzga chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
(9-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Davlat sirlarini saqlash borasidagi burch, ularni oshkor etganlik yoki qonunga xilof ravishda maxfiylashtirganlik uchun javobgarlik
Davlat sirlarini saqlash – bunday sirlarga ega boʻlgan barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining mansabdor shaxslari va fuqarolarining burchi. Davlat sirlaridan foydalanish bilan bogʻliq biron-bir ishlar bunday sirlarni saqlash yuzasidan choralar koʻrilganidan keyingina amalga oshiriladi.
Davlat sirlarini saqlash boʻyicha masʼuliyat davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
Davlat sirlarini oshkor etganlik, bunday sirlar ifodalangan hujjatlar va buyumlarni yoʻqotganlik uchun yoki axborotlarni qonunga hilof ravishda maxfiylashtirganlik uchun aybdorlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(10-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 162-163-moddalariga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
848-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 232-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)