Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
AVTOMOBIL TRANSPORTIDA YO‘LOVChILAR TAShISh SOHASIDAGI TADBIRKORLIK FAOLIYATINING ALOHIDA TURLARINI AMALGA OShIRIShNI TARTIBGA SOLISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solish, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash hamda transport xizmatlari sifatini oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki, avtomobil transportida yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi, shaharlararo, xalqaro yo‘nalishlarda tijorat asosida tashish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2006-yilning 1-iyuniga qadar avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, shaharlararo, xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashish faoliyatini yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirish istagini bildirgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni bosqichma-bosqich qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni ta’minlasin.
Mazkur qaror qabul qilinmasdan oldin ro‘yxatdan o‘tgan va avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati uchun litsenziya olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini avval olingan litsenziyaga muvofiq 2006-yilning 1-iyunigacha amalga oshirishlari ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki, yakka tartibdagi tadbirkorlar litsenziyasining muddati o‘tmagan qismiga to‘g‘ri keladigan davlat boji summasi ushbu tadbirkorlar tomonidan tuziladigan yuridik shaxs — yo‘lovchilar tashuvchining litsenziya (litsenziya kartochkalari)ni olish vaqtida to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji hisobiga qo‘shilishi mumkin yoki belgilangan tartibda qaytarilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan birgalikda bir hafta muddatda avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish bilan shug‘ullanishga litsenziya olishda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘langan davlat bojini qaytarish yoki hisobga qo‘shish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tayyorlashda, litsenziya talablarida avtotransport vositalari har yili texnik ko‘rikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish majburiyligini ko‘zda tutsin.
5. Istisno tariqasida, tegishli litsenziyaga muvofiq yo‘lovchilarni tijorat asosida tashishga ixtisoslashgan yuridik shaxs — korxonaga jismoniy shaxslar tomonidan sotiladigan va qo‘shiladigan avtotransport vositalari uchun yuridik shaxslar Respublika yo‘l fondiga majburiy yig‘imlar to‘lashdan 2006-yilning 1-iyuniga qadar ozod etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 9-mart,
PQ-303-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 10-son, 76-modda)