Hujjat 15.11.2026 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlashning bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlashning barqaror tizimini shakllantirish, sohada raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda davlat tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning samaradorligi hamda manzilliligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2026-yil 12-sentabrdagi PQ-326-son qaroriga muvofiq:
suyultirilgan gaz taʼminoti tizimida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangani;
aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash sohasidagi funksiyalarni ixtisoslashtirish, ushbu faoliyatning moliyaviy shaffofligini taʼminlash va bozor munosabatlarini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ taʼsischiligida “LPG-Trade” masʼuliyati cheklangan jamiyatini (keyingi oʻrinlarda — “LPG-Trade” MCHJ) tashkil qilish belgilangani;
sohadagi islohotlarning ijtimoiy oqibatlarini yumshatish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini davlat tomonidan moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2026-yil 15-noyabrdan boshlab:
aholi uchun suyultirilgan gazning chakana sotish narxi har bir kilogramm uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan 5 000 soʻm;
“LPG-Trade” MCHJ tomonidan aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish xizmati uchun cheklangan narx har bir kilogramm uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan 1 300 soʻm etib belgilansin.
3. Aholiga belgilangan chakana narxlarda suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan bogʻliq iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlarni qoplash uchun “LPG-Trade” MCHJga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-mayga qadar suyultirilgan gaz bozorini rivojlanish darajasi, loyiha natijalari va aholini ijtimoiy himoya qilish zaruratini hisobga olgan holda suyultirilgan gazning davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlarini erkinlashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritsin.
5. Belgilansinki, aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻshimcha moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida suyultirilgan gaz sotib olgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, shuningdek, ushbu reyestrga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha reyestrdagi oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalarga (keyingi oʻrinlarda — kompensatsiya oluvchilar) 2030-yil 1-yanvarga qadar xarajatlarining bir qismini qoplash uchun xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammiga 3 000 soʻm hisobidan, biroq bir oyda 20 kilogramdan oshmagan miqdor uchun kompensatsiya toʻlovlari amalga oshiriladi.
6. Suyultirilgan gaz sotib olgan kompensatsiya oluvchi oilalarga xarajatlarning bir qismini qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu qarorning 5-bandiga muvofiq amalga oshiriladigan kompensatsiya toʻlovlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zarur mablagʻlarni ajratsin.
Bunda kompensatsiya oluvchilarning suyultirilgan gaz sotib olingani tasdiqlangandan soʻng ajratilayotgan mablagʻlar kompensatsiya oluvchi oilalarning ijtimoiy kartasiga oʻtkazib beriladi.
8. “Hududgaztaʼminot” AJ Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-noyabrga qadar kompensatsiya toʻlovlarini tayinlash va toʻlashni tashkil etish maqsadida “E-gaz Billing” axborot tizimi va “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi oʻzaro integratsiya qilinishini taʼminlasin.
9. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi respublikadagi tovar-xom ashyo birjalari savdo maydonchalarida suyultirilgan gaz narxlari sunʼiy ravishda oshirilishining oldini olish boʻyicha doimiy nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻysin.
10. Belgilansinki, bitta turar joy xonadonida ikki va undan ortiq oila yashaydigan hollarda, agar xonadonda texnik talablarga mos boʻlgan alohida-alohida (yoki umumiy) gaz plitasi hamda oshxona mavjud boʻlganda, bitta kadastr raqamiga ega boʻlgan holatda ham, istisno tariqasida, har bir oilaga alohida bittadan maishiy gaz ballon ajratilishiga “Mahalla yettiligi” va gaz taʼminoti xodimlari tomonidan joyida chiqqan holda oʻrganish dalolatnomasini rasmiylashtirish orqali ruxsat beriladi.
11. Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda aholiga yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz taʼminoti tizimi isloh qilinayotganligi, ehtiyojmand oilalarga toʻlanadigan kompensatsiya yuzasidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng qamrovli targʻibot-tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
13. Ushbu qarorga 3-ilova 2026-yil 15-noyabrdan boshlab kuchga kiradi.
14. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda energetika vaziri Sh.X. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 31-oktabr,
602-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 602-son qaroriga
1-ILOVA
Aholiga belgilangan chakana narxlarda suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan bogʻliq iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlarni qoplash uchun “LPG-Trade” MCHJga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom aholiga belgilangan chakana narxlarda suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmatini amalga oshiruvchi “LPG-Trade” MCHJga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
operator — “LPG-Trade” MCHJ;
operator ustamasi — aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berishda har bir kilogramm uchun belgilangan narx;
subsidiya — suyultirilgan gazni birjadan sotib olish va belgilangan chakana narxlarda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy tafovut hamda aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish xizmati uchun mazkur qarorga muvofiq belgilangan cheklangan narx boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun respublika budjeti mablagʻlari hisobidan ajratiladigan mablagʻ.
3. Operatorning suyultirilgan gazni xarid qilish va isteʼmolchilarga yetkazib berish xizmatini amalga oshirish natijasida xarajatlarini qoplash uchun Davlat budjeti hisobidan ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxemaga asosan operatorga subsidiya ajratiladi.
4. Subsidiya mablagʻlari shaffoflik, manzillilik, tenglik, iqtisodiy asoslanganlik va hisobdorlik kabi asosiy tamoyillarga qatʼiy rioya qilingan holda ajratiladi.
2-bob. Subsidiyani hisoblash va ajratish tartibi
5. Operatorga ajratiladigan subsidiya quyidagi formula asosida hisoblanadi:
S = (P + U – A) * Q
bu yerda:
S — suyultirilgan gazni isteʼmolchilarga yetkazib berish xarajati;
P — operator tomonidan suyultirilgan gazni birjadan sotib olish narxi;
U — suyultirilgan gazni isteʼmolchilarga yetkazib berishda operator ustamasi;
Bunda:
“LPG-Trade” MCHJning ustamasi har bir kilogramm suyultirilgan gaz uchun — 1 300 soʻm;
A — suyultirilgan gazni isteʼmolchilarga sotish narxi;
Q — aholiga yetkazib berilgan suyultirilgan gaz miqdori.
6. Subsidiya mablagʻlari har oy yakuni boʻyicha operator tomonidan aholiga amalda yetkazib berilgan suyultirilgan gaz hajmlari asosida hisoblanadi.
7. Subsidiya miqdori operatorning birjadan suyultirilgan gazni sotib olish narxi va operator ustamasining yigʻindisi hamda aholiga belgilangan chakana narxlarda suyultirilgan gazni sotish narxi oʻrtasidagi oʻzaro farqdan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Bunda operatorning barcha daromadlari va xarajatlari qoʻshilgan qiymat soligʻisiz hisoblanadi.
8. Operator tomonidan faoliyat olib borish uchun ularga taqdim etilgan hududdagi aholiga suyultirilgan gazning bir qismini import qilingan hajmlari hisobidan sotishda operatorga ajratiladigan subsidiya miqdorini hisoblash import qilingan suyultirilgan gazning narxi hisobot oyidan avvalgi oyda tovar-xom ashyo birjasida suyultirilgan gazning shakllangan oʻrtacha narxlarida amalga oshiriladi.
9. Operator har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar subsidiya olish uchun hisob-kitoblarni Energetika vazirligiga taqdim etadi.
Operator subsidiya olish uchun taqdim etilgan hisob-kitoblarning toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi.
10. Taqdim etilgan hisob-kitoblar Energetika vazirligi tomonidan uch ish kunida tekshiriladi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboriladi.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etilgan hisob-kitoblarni besh ish kuni davomida koʻrib chiqadi va belgilangan tartibda respublika budjeti mablagʻlari hisobidan operatorning tijorat bankdagi hisobvaragʻiga belgilangan (hisoblangan) subsidiya mablagʻlarini oʻtkazib berilishini taʼminlaydi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
12. Subsidiya mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan davlat moliyaviy nazorati qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
13. Energetika vazirligi operatorlar tomonidan aholiga yetkazib berilgan suyultirilgan gaz hajmlari hamda davlat tomonidan belgilangan chakana narxlarga rioya qilinishi ustidan monitoring olib boradi.
14. Subsidiya olish uchun notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi yoki subsidiya mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanilganligi aniqlangan taqdirda, operator qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi hamda noqonuniy olingan mablagʻlar respublika budjetiga qaytariladi.
15. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Aholiga belgilangan chakana narxlarda suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan bogʻliq iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlarni qoplash uchun “LPG-Trade” MCHJga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Operatorning isteʼmolchilarga suyultirilgan gazni xarid qilish va isteʼmolchilarga yetkazib berish xizmatini amalga oshirish natijasida koʻrilgan zararlarini qoplash uchun Davlat budjeti hisobidan subsidiya ajratish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼul ijrochilar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Operator

Subsidiya olish uchun hisob-kitoblarni Energetika vazirligiga taqdim etadi

Keyingi oyning 5-sanasiga qadar

2-bosqich

Energetika vazirligi

Taqdim etilgan hisob-kitoblarni tekshirib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboradi

3 ish kunida

3-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Taqdim etilgan hisob-kitoblarni koʻrib chiqib, belgilangan mablagʻlarni respublika budjeti hisobidan operatorning tijorat bankdagi hisobvaragʻiga belgilangan subsidiya mablagʻlarini oʻtkazib beradi

5 ish kunida

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 602-son qaroriga
2-ILOVA
Suyultirilgan gaz sotib olgan kompensatsiya oluvchi oilalarga xarajatlarning bir qismini qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament Ijtimoiy reyestrga kiritilgan (keyingi oʻrinlarda — reyestr), shuningdek reyestrga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha reyestrdagi oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining ikki barobaridan oshmaydigan oilalar, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalar (keyingi oʻrinlarda — kompensatsiya oluvchilar) tomonidan suyultirilgan gaz sotib olinganida, ularning xarajatlarini bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs;
vakolatli organ — “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari;
kompensatsiya — sotib olingan har bir kilogramm suyultirilgan gaz uchun 3 000 (uch ming) soʻmdan, biroq bir oyda 20 kilogrammdan oshmagan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladigan pul mablagʻi;
moliyaviy agent — kompensatsiyani uni oluvchilarning ijtimoiy kartalariga oʻtkazishga masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan tijorat banki;
suyultirilgan gaz — aholi ehtiyojlari uchun realizatsiya qilinadigan va asosiy komponentlari propan va butan boʻlgan suyultirilgan uglevodorod gazi.
3. Kompensatsiyani tayinlash va toʻlash tartibi ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq Suyultirilgan gaz sotib olgan kompensatsiya oluvchi oilalarga kompensatsiya toʻlash tartibi sxemasi asosida koʻrsatiladi.
4. Davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun yigʻim undirilmaydi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
5. Ariza beruvchi kompensatsiya tayinlash uchun quyidagi tartibda murojaat qiladi:
bevosita davlat xizmatlari markazi yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilgan holda yoki oila yashaydigan mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda.
6. Kompensatsiya tayinlash toʻgʻrisida murojaat:
a) davlat xizmatlari markazi orqali berilganda, mazkur markazning xodimi ariza beruvchining nomidan ushbu Reglamentga 2-ilovada nazarda tutilgan kompensatsiya tayinlash boʻyicha soʻrovnomani (keyingi oʻrinlarda — soʻrovnoma) toʻldiradi;
b) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali berilganda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining masʼul xodimi yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — “YAMIH” AT) ariza beruvchining nomidan soʻrovnomani toʻldiradi;
v) YIDXP yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali berilganda, ariza beruvchi soʻrovnomani mustaqil ravishda toʻldiradi.
Ushbu bandga muvofiq toʻldirilgan soʻrovnomalar ariza beruvchi tomonidan imzoni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari bilan (daktiloskopiya, “Face-ID”, “Mobile-ID” va boshqalar) tasdiqlanadi. Bunda ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomaning tasdiqlanishi unga tegishli shaxsga doir maʼlumotlarni olish va ishlov berishga rozilikni bildiradi.
7. Ushbu Reglamentning 6-bandida belgilangan talablarga muvofiq kelib tushgan soʻrovnomalar avtomatik ravishda “YAMIH” AT yuboriladi va kompensatsiya tayinlash bilan bogʻliq tartib-taomillar “YAMIH” ATda amalga oshiriladi.
8. Kompensatsiya tayinlash toʻgʻrisidagi soʻrovnoma asosida “YAMIH” ATda avtomatik ravishda ariza beruvchiga doir quyidagi maʼlumotlar oʻrganiladi:
ariza beruvchining oilasi kompensatsiya oluvchi oilalar toifasiga mansubligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — “YAMIH” AT orqali;
oilaning suyultirilgan gaz xarid qilinganligi, xarid qilingan davri, miqdori va qiymati haqidagi maʼlumotlar — “Hududgaztaʼminot” AJning “E-gaz Billing” axborot tizimidan idoralararo elektron maʼlumotlarni almashinuvi orqali.
9. Oʻtkazilgan oʻrganish yakuni boʻyicha ariza beruvchining oilasi kompensatsiya oluvchi oilalar toifasiga mansubligi va suyultirilgan gaz xarid qilinganligi aniqlanganda, “YAMIH” ATda ariza berilgan oydan kompensatsiya tayinlash toʻgʻrisidagi qaror avtomatik tarzda shakllantiriladi va ariza beruvchining oilasi kompensatsiya oluvchi oilalar boʻyicha keyingi oy toʻlov roʻyxatiga kiritiladi.
10. Ariza beruvchi kompensatsiya oluvchi oilalar toifasiga muvofiqligi aniqlanmaganda yoki ariza bergan oyda suyultirilgan gaz xarid qilinmaganda kompensatsiya tayinlash rad etiladi.
Kompensatsiya tayinlashni ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) “YAMIH” AT orqali:
kompensatsiya oluvchi oilalar boʻyicha toʻlov roʻyxatlari soʻrovnoma toʻldirilgan oydan keyingi oyning 15-sanasiga qadar shakllantirib moliyaviy agentga yuboradi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda kompensatsiya oluvchi oilalarga kompensatsiya toʻlovini toʻlab berish uchun zarur mablagʻlarni har oyning 5-25-sanasiga qadar moliyaviy agentning maxsus hisobvaragʻiga moliyalashtiradi.
12. Zarur mablagʻlar moliyaviy agentning maxsus hisobvaragʻiga moliyalashtirib berilgandan soʻng, moliyaviy agent tomonidan bir ish kuni davomida taqdim etilgan toʻlov roʻyxatlariga asosan kompensatsiya oluvchilarning ijtimoiy kartasiga kompensatsiya toʻlovlari oʻtkazilishi taʼminlanadi.
13. Ushbu Reglamentning 8-9-bandlarida keltirilgan kompensatsiya oluvchi oilalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har oyda “YAMIH” ATda avtomatik ravishda oʻrganiladi.
Bunda, reyestrga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha reyestrdagi oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining ikki barobaridan oshmaydigan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati ariza berilgan sanadan boshlab uch oyda, keyinchalik har olti oyda “mahalla yettiligi” tomonidan Ijtimoiy reyestrga kiritiladigan oilalarni aniqlash boʻyicha savolnomaga asosan oʻrganiladi.
Oʻrganish natijalari boʻyicha ushbu Reglamentning 10-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya tayinlashni rad etish asoslari aniqlanmagan taqdirda, keyingi oylar uchun alohida murojaatni talab etmagan holda kompensatsiya toʻlovini amalga oshirish davom ettiriladi.
14. Quyidagi hollarda kompensatsiya toʻlash toʻxtatiladi:
oʻrganish natijasiga koʻra ushbu Reglamentning 10-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya tayinlashni rad etish asoslari aniqlanganda;
ariza beruvchi tomonidan kompensatsiya toʻlashni toʻxtatish toʻgʻrisida murojaat qilganda;
“YAMIH” ATdagi yoki manfaatdor vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan idoralararo elektron oʻzaro almashinuvi tizimida yuzaga keladigan texnik nosozlik natijasida, maʼlumotlar elektron ravishda toʻliq yoki qisman taqdim etilmagani sababli, shuningdek, 6-bandda belgilangan tartibga koʻra arizani rasmiylashtirishda texnik xatolar oqibatida notoʻgʻri tayinlangani aniqlangan taqdirda;
kompensatsiya toʻlash muddati tugaganda.
15. Mazkur Reglamentning 14-bandi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida belgilangan tartibda Kompensatsiya toʻlash toʻxtatilgan oydan boshlab “YAMIH” ATda oʻrganish oʻtkazilmaydi, ariza beruvchi uning oilasiga kompensatsiya tayinlashni soʻrab qayta murojaat qilganda uning arizasi umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
Bunda, “Mahalla yettiligi” tomonidan oxirgi uch oy ichida ariza beruvchi oilasining ijtimoiy-iqtisodiy holati boʻyicha savolnoma tasdiqlangan boʻlsa, dastlabki baholash mazkur savolnoma hamda idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadigan maʼlumotlarga asosan amalga oshiriladi.
16. Kompensatsiya tayinlangani yoki kompensatsiya tayinlash rad etilgani haqida ariza beruvchining mobil telefon raqamiga SMS-xabar hamda “YAMIH” AT va YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga xabar yuboriladi.
17. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishda uni koʻrsatishning har qanday bosqichida oʻz xohishiga koʻra toʻxtatish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishni toʻxtatganda uning soʻrovnomasi koʻrib chiqilmaydi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlaridan ariza beruvchi toʻgʻrisida elektron shaklda avtomatlashtirilgan tarzda olingan maʼlumotlar “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq himoyalanadi.
“YAMIH” ATda ishlashga ruxsat berilgan tashkilot va idoralar oʻz faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
19. Ushbu Reglamentda belgilangan talablarga rioya etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya tomonidan nazorat qilib boriladi.
20. Ariza beruvchi mazkur Reglamentga muvofiq davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
21. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Suyultirilgan gaz sotib olgan kompensatsiya oluvchi oilalarga xarajatlarning bir qismini qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Suyultirilgan gaz sotib olgan kompensatsiya oluvchi oilalarga kompensatsiya toʻlash tartibi
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

Kompensatsiya tayinlash uchun quyidagi variantlardan biri orqali murojaat qiladi:

a) bevosita davlat xizmatlari markazi yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodimga;

Xohishiga koʻra

b) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan roʻyxatdan oʻtgan holda soʻrovnoma shaklini toʻldiradi;

v) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali.

Murojaat qilinganda

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

Soʻrovnomani toʻldirib, elektron shaklda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — “YAMIH” AT) yuboradi.

Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng 5 daqiqa ichida

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yoki tegishli ijtimoiy xodim

“YAMIH” ATda ariza beruvchi nomidan soʻrovnoma toʻldiradi.

Murojaat qilingan vaqtda

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali

Soʻrovnomani mustaqil ravishda toʻldirib  “YAMIH” ATga yuboradi.

Avtomatik tarzda

“Ijtimoiy karta” mobil ilova

Soʻrovnomani mustaqil ravishda toʻldirib  “YAMIH” ATga yuboradi.

Avtomatik tarzda

3-bosqich

“YAMIH” AT

1. Soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlardan tashqari quyidagi maʼlumotlarni oʻrganiladi:

a) kompensatsiya oluvchi oilalar toifasiga mansubligi;

b) ariza beruvchi “Hududgaztaʼminot” AJning “E-GAZ Billing” axborot tizimidan suyultirilgan gaz xarid qilganligi.

2. Agar ariza beruvchi oilasi kompensatsiya oluvchi oilalar toifasiga mansubligi aniqlanganda suyultirilgan gaz xarid qilganligini oʻrganish uchun “Hududgaztaʼminot” AJning “E-GAZ Billing” axborot tizimiga soʻrov yuboradi.

Soʻrovnoma kelib tushgandan soʻng avtomatik ravishda

4-bosqich

“Hududgaz-taʼminot” AJning
“E-GAZ Billing” axborot tizimi

Suyultirilgan gaz sotib olgan oilalar, sotib olingan gaz hajmi va sotib olingan muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “YAMIH” AT ga taqdim etadi.

Avtomatik ravishda

5-bosqich

“YAMIH” AT

1. “Hududgaztaʼminot” AJning “E-GAZ Billing” platformasi va Ijtimoiy reyestrdan kelib tushgan maʼlumotlar asosida kompensatsiya tayinlanadi yoki rad etiladi.

2. Kompensatsiya tayinlangani yoki tayinlash rad etilgani haqidagi maʼlumotlarni Davlat xizmatlari markaziga va kompensatsiya oluvchining soʻrovnomada koʻrsatilgan mobil aloqa vositasiga SMS-xabarnoma yuboriladi.

Soʻrovnoma kelib tushgandan soʻng avtomatik ravishda

6-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

Kompensatsiya tayinlash rad etilgan taqdirda rad etish sabablari toʻgʻrisida murojaat qiluvchini xabardor qiladi.

Maʼlumot olinganidan soʻng 5 daqiqa ichida

7-bosqich

“YAMIH” AT

1. Kompensatsiya oluvchi oilalar boʻyicha toʻlov roʻyxatlarini shakllantirib, Moliyaviy agentga yuboradi.

Soʻrovnoma toʻldirilgan oydan keyingi oyning 15-sanasiga qadar

2. Kompensatsiya oluvchi oilalarga kompensatsiya toʻlovini toʻlab berish uchun zarur mablagʻlar Moliyaviy agentning maxsus hisob varagʻiga oʻtkaziladi.

Soʻrovnoma toʻldirilgan oydan keyingi oyning 5 — 25-sanasi davomida

8-bosqich

Moliyaviy agent

Zarur mablagʻlar Moliyaviy agentning maxsus hisob varagʻiga oʻtkazilgandan soʻng, Moliyaviy agent bir ish kuni davomida taqdim etilgan toʻlov roʻyxatlariga asosan kompensatsiya oluvchilarning ijtimoiy kartasiga kompensatsiya toʻlovlarini oʻtkazilishini taʼminlaydi.

Bir ish kuni davomida

9-bosqich

“YAMIH” AT

1. Kompensatsiya oluvchi oilalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Hududgaztaʼminot” AJning “E-GAZ Billing” platformasi orqali avtomatik ravishda oʻrganib boradi.

2. Oʻrganish natijasi boʻyicha oila suyultirilgan gaz xarid qilganligi aniqlangan taqdirda, keyingi oy uchun alohida murojaat talab etmagan holda kompensatsiya toʻlovi davom ettiriladi.

Bunda, oila kompensatsiya oluvchi oilalar toifasidan chiqarilganida kompensatsiya toʻlovi ham avtomatik ravishda toʻxtatiladi.

Agar oila kompensatsiya oluvchi oilalar toifasiga qayta kiritilganda kompensatsiya umumiy belgilangan tartibda tayinlandi.

Har oyda

Suyultirilgan gaz sotib olgan kompensatsiya oluvchi oilalarga xarajatlarning bir qismini qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA

______________

______________

(sana)

(raqam)

Kompensatsiya tayinlash boʻyicha

SOʻROVNOMA

I. Murojaat qiluvchi toʻgʻrisida maʼlumotlar:

1. Xizmat turi

Suyultirilgan gaz xaridi uchun kompensatsiya olish

2. Familiyasi

3. Ismi

4. Otasining ismi (mavjud boʻlsa)

5. Tugʻilgan sanasi

6. Suyultirilgan gaz boʻyicha abonent raqami

7. Mahalla fuqarolar yigʻini

7.1. Koʻcha (mavze)

7.2. Uy

7.3. Xonadon

8. Telefon raqami

9. Elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa)

Izoh.
Soʻrovnomada rozilik beriladigan ofertalar:
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazini oila tarkibi (bola tugʻilgani, vafot etgani yoki boshqa holatlar), yashash joyim oʻzgargani va kompensatsiya toʻlashga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlar yoki oʻzgarishlar sodir boʻlganda, oʻz vaqtida xabardor qilish majburiyatini olaman. Taqdim etilgan hujjatlarning ishonchligini kafolatlayman.
Kompensatsiya tayinlash va toʻlash uchun zarur boʻlgan mening va oila aʼzolarimga tegishli barcha maʼlumotlarni “YAMIH” AT orqali tekshirilishiga hamda kompensatsiya toʻlovini ijtimoiy karta orqali amalga oshirilishiga rozilik beraman.
Ijtimoiy kartasi ochilmagan boʻlsa, ijtimoiy kartani ochishda amaliy yordam berishingizni soʻrayman.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 602-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarorida:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2026-y., 09/26/602/1092-son)