Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 1-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 8-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2026-yil 8-avgustda maʼqullangan
1-modda. “Oʻzbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat koʻrsatgan xodim” faxriy unvoni negizida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni taʼsis etilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi 176-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-aprelda qabul qilingan OʻRQ-473-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 221-modda; 2019-yil, № 9, 589-modda; 2020-yil, № 3, 200-modda, № 5, 299, 300-moddalar, № 6, 334-modda, № 12, 688-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 8, 790-modda; 2024-yil, № 8, 832-modda; 2025-yil, № 3, 374-modda) 7-moddasi birinchi qismining oʻn uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi 226-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 64-modda; 1997-yil, № 2, 64-modda; 1998-yil, № 5-6, 114-modda, № 9, 164-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 12, 688-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda; 2024-yil, № 8, 832-modda; 2025-yil, № 3, 374-modda, № 10, 1155-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 1-moddaning oʻn uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi”;
2) Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlari toʻgʻrisidagi Nizomning oʻn uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni birlashmalar, tashkilotlar va muassasalarning uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan, oʻz mehnati bilan yuksak kasbiy mahoratini namoyon etgan hamda aholiga xizmat koʻrsatish ishini yaxshilashda alohida xizmat koʻrsatgan xodimlariga beriladi”;
3) Oʻzbekiston Respublikasi faxriy unvonlarining koʻkrak nishonlari tavsifidagi “Oʻzbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat koʻrsatgan xodim” faxriy unvonining koʻkrak nishoniga oid tavsif quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi”
Koʻkrak nishoni diametri 30 millimetrli doira shaklida boʻladi va 925 probali kumushdan tayyorlanadi. Nishonning qalinligi 2,2 millimetr.
Nishonning hoshiyalangan tekis yuz tomonida oʻrtaroqda aholiga kommunal xizmat koʻrsatishning ramzi sifatida markazda koʻp kvartirali uy, pastki oʻng chekkasida dafna novdasi tasvirlangan. Nishonning aylanasi boʻylab “XIZMAT KOʻRSATGAN KOMMUNAL XOʻJALIGI XODIMI” degan yozuv joylashgan.
Nishonning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
Tasvirlar va yozuv qabariq.
Koʻkrak nishoni ichki qismiga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta sirilgan qadagʻichga xalqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.
Qadagʻichning boʻyi 16 millimetr, eni 25 millimetr.
Qadagʻichning orqa tomoniga nishonni kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-sentabr,
OʻRQ-1178-son
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2026-y., 10/26/1178/0974-son)