Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 17-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 13-iyunda maʼqullangan
Senat tomonidan 2026-yil 13-iyunda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy prinsiplari
Qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik, odil sudlovni taʼminlash uchun moliyaviy resurslarning yetarliligi, sudlar faoliyatining moliyaviy mustaqilligi sud hokimiyati organlari (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi) faoliyatini moliyalashtirishning asosiy prinsiplaridir.
2-bob. Sudlar faoliyatini moliyalashtirishning manbasi, asosi va oʻziga xos xususiyatlari
4-modda. Sudlar faoliyatini moliyalashtirish manbasi va asosi
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan amalga oshiriladi.
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida quyidagilarning faoliyatini moliyalashtirish uchun mablagʻlar nazarda tutiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining;
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish odil sudlovni toʻliq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
5-modda. Sudlar faoliyatini moliyalashtirishning oʻziga xos xususiyatlari
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqishda sudyalarning va sud apparati xodimlarining moddiy taʼminoti, shu jumladan sudyalarning va sud apparati xodimlarining ish haqi, ularning mehnati uchun ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan taʼminlash uchun xarajatlar hamda sudyalarning va ular oila aʼzolarining ijtimoiy taʼminoti inobatga olinishi kerak.
Qonunchilikka muvofiq sudyalarga va sud apparati xodimlariga pul mukofotlari hamda bir martalik moddiy yordam uchun mablagʻlar belgilangan tartibda ajratiladi.
Sudlar faoliyatini taʼminlashga navbatdagi moliya yili uchun mablagʻlar, qoida tariqasida, oʻtgan moliya yilida ajratilgan mablagʻlardan kam boʻlmagan miqdorda ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti daromadlari prognozining ijrosidan kelib chiqib sudlar faoliyatini moliyalashtirish xarajatlarini kamaytirish mumkin emas.
Sudyalarning va sud apparati xodimlarining mehnatiga haq toʻlash hamda ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
6-modda. Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini tayyorlashda va kelishishda sudlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining sudlar faoliyatini moliyalashtirishga oid qismi boʻyicha budjet soʻrovi tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti (bundan buyon matnda Departament deb yuritiladi) tomonidan tayyorlanadi.
Oʻzaro kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining va Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining takliflari ilova qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqish chogʻida ushbu loyihaning sudlar faoliyatini moliyalashtirishga oid qismida boshqa xarajatlar qatorida odil sudlovni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, sudyalarning va sud apparati xodimlarining moddiy taʼminoti, Departamentni moddiy taʼminlash, sudyalarning va ular oila aʼzolarining ijtimoiy taʼminoti, sudyalarni himoya qilish, sudlarni zarur resurslar bilan taʼminlash xarajatlari hisobga olinishi kerak.
7-modda. Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining sudlar faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha muhokamasida sudlarning ishtirok etishi
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalaridagi muhokamalarida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining va Departamentning vakillari taklif etilishi mumkin.
3-bob. Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash va tasarruf etish
8-modda. Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan;
harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo iqtisodiy sudlar, tumanlararo maʼmuriy sudlar uchun — Departament tomonidan amalga oshiriladi.
Ajratilgan mablagʻlarni joriy moliya yili uchun tegishli daraja va yoʻnalish boʻyicha taqsimlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining majlisida tasdiqlanadi.
9-modda. Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlarni tasarruf etish
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga binoan sudlar faoliyatini moliyalashtirishga tegishli moliya yili uchun ajratilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda tasarruf etiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
10-modda. Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 26-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-360-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, 12-songa 1-ilova; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 10, 605-modda, № 12, 772-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 7, 431, 433-moddalar, № 12, 783-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 5, 265-modda, № 8, 470-modda, № 9, 588-modda, № 11, 791-modda, № 12, 884, 891-moddalar; 2020-yil, № 3, 203-modda, № 11, 652-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 7, 13-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 803, 804-moddalar, № 10, 973-modda, № 12, 1198-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda, № 6, 577-modda; 2023-yil, № 4, 272-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 9, 958-modda, № 10, 1080-modda, № 12, 1285, 1297-moddalar; 2025-yil, № 2, 201-modda, № 10, 1155-modda, № 12, 1324, 1327-moddalar) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 95-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat budjetining loyihasida Davlat budjeti daromadlari prognozidan kelib chiqib sudlar faoliyatini moliyalashtirish xarajatlarini kamaytirish mumkin emas”;
uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin;
2) 127-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Joriy moliya yili uchun moʻljallangan Davlat budjeti taqchilligining tasdiqlangan cheklangan miqdori ortgan taqdirda, sudlar faoliyatini moliyalashtirish xarajatlarini qisqartirishga yoʻl qoʻyilmaydi”;
uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-427-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 4, 135-modda; 2019-yil, № 9, 591-modda; 2020-yil, № 11, 652-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 9, 904-modda; 2024-yil, № 9, 964-modda; 2025-yil, № 6, 727-modda) 34-moddasiga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“34-modda. Kengash faoliyatini moliyalashtirish”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Kengash faoliyatini moliyalashtirish tartibi alohida qonun bilan belgilanadi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 27-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-687-sonli Konstitutsiyaviy Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 292-modda; 2024-yil, № 2, 117-modda) 91-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish tartibi alohida qonun bilan belgilanadi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Sudlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-703-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 663-modda; 2024-yil, № 2, 117-modda, № 8, 823-modda, № 9, 964-modda; 2025-yil, № 1, 8-modda, № 6, 727-modda, № 8, 969-modda, № 12, 1329-modda) 90-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“90-modda. Sudlar faoliyatini moliyalashtirish
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi alohida qonun bilan belgilanadi.
Har bir sud alohida bino, qoʻriqlash va avtotransport bilan taʼminlanadi”.
12-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar oliy kengashi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
13-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
14-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-sentabr,
ZRU-1177-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2026-y., 03/26/1177/0923-son)