Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.05.2005
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “RESPUBLIKADA UY-JOY QURILIShINI RAG‘BATLANTIRISh VA RIVOJLANTIRIShGA OID ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA” 1994 YIL 5 MARTDAGI 774-SON FARMONINI AMALDA RO‘YoBGA ChIQARISh MASALALARI HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 31-maydagi 138-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
ikki oy muddatda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlari hisobiga yakka tartibda va kooperativ asosida uy-joy qurilishi yer fondini shakllantirishni nazarda tutgan holda aholi yashaydigan joylarda, shuningdek, yirik shaharlarga tutashib ketgan hududlarda yer maydonlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazsinlar. Ushbu masala yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga 1994-yil 1-iyungacha kiritsinlar. Bosh vazirning o‘rinbosari K.N. To‘laganov bu takliflarni umumlashtirsin va respublika Hukumatining ko‘rib chiqishi uchun taqdim etsin;
uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda yakka tartibdagi uy-joy qurilishi dahalarini joylashtirishni hisobga olgan holda aholi yashaydigan joylarning bosh rejalariga, muhandislik infrastrukturasi sxemalariga tuzatish kiritsinlar;
yakka tartibdagi qurilish ustidan arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlash arxitektura va shaharsozlik hududiy boshqarmalariga yuklatilsin;
davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan hamda uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalaridan foydalanish huquqi berilganligi uchun to‘lovdan tushadigan mablag‘larning kamida 50 foizini aholining ijtimoiy ta’minlanmagan qatlamlari uchun uy-joy qurishni va yakka tartibdagi hamda kooperativ uy-joy qurilishi dahalari muhandislik kommunikatsiyalarini mablag‘ bilan ta’minlash bo‘yicha maxsus schyotga o‘tkazsinlar. Mablag‘ bilan ta’minlovchi banklar qayd etib o‘tilgan maqsadlar uchun maxsus schyotlar ochsinlar hamda mablag‘lardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat o‘rnatsinlar;
paydo bo‘ladigan masalalarni tezda hal etish maqsadida yakka tartibda va kooperativ uy-joy qurilishining qanday borayotganligini yilning har choragida ko‘rib chiqsinlar hamda ularni hal etishda to‘rachilik va sansalorlik hollariga yo‘l qo‘yayotgan shaxslarga nisbatan qattiq jazo choralarini ko‘rsinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hokimliklar, mablag‘ bilan ta’minlovchi banklar bilan birgalikda 15 kun muddatda, yakka tartibdagi uy-joy qurilishining boshlanishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarning butun majmuini hal etish bir oy muddatda ta’minlanishi kerakligini e’tiborda tutgan holda, yakka tartibdagi uy-joy quruvchilarning arizalarini ko‘rib chiqish, yer ajratish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni, bank kreditlari olish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomani tayyorlasin va tasdiqlasin.
3. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili markazlashtirilgan sarmoya mablag‘lari va respublika budjeti istiqbollarini belgilashda aholining ehtiyojmand qatlamlarini, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarni, pensionerlarni, urush va mehnat faxriylarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish uchun uy-joy qurilishiga limitlar va mablag‘larni nazarda tutsinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi taqsimotini hisobga olgan holda 1994-yilda ana shu maqsadlar uchun respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 90 mlrd “So‘m-Kupon” ajratsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hokimliklarning buyurtmanomalari bo‘yicha:
1994-yilda xususiy uy-joylar qurish bo‘yicha eng yaxshi loyihalar, kataloglar asosida tabiiy-iqlim sharoitlari va milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda loyihalar ishlab chiqilishini;
ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlarini uyning umumiy maydonining 10 foizigacha bo‘lgan hajmda joylashtirishni hisobga olgan holda namunaviy loyihalarga tuzatish kiritishni yoki yangilarini ishlab chiqishni ta’minlasin.
5. Markaziy bank, “O‘zdehqonchiliksanoatbank”, “O‘zsanoat-qurilishbank”, “O‘zjamg‘armabank”, “O‘ztadbirkorbank”ka bir oy muddatda yakka tartibdagi va kooperativ uy-joy qurilishini amalga oshirayotgan fuqarolarga kredit berishning amaldagi qoidalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 5-martdagi Farmoniga muvofiqlashtirish tavsiya qilinsin.
6. “O‘zjamg‘armabank” Moliya vazirligi, Markaziy bank va O‘zbekiston Respublikasining boshqa banklari bilan birgalikda bir oy muddatda maxsus ssuda-jamg‘arma schyotlarini joriy etish tartibini ishlab chiqsin.
7. Birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va boshqa yuridik shaxslarga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, mehnat faolligini oshirish va kadrlarning muhim ishlashini ta’minlashning samarali chora-tadbiri sifatida yakka tartibda va kooperativ uy-joy qurilishini amalga oshirayotgan xodimlarga pay badallarini to‘lashda va kreditni qaytarishda o‘z mablag‘lari hisobidan moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ular bilan shartnoma-kontraktlar tuzish tavsiya qilinsin.
8. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi 10 kun muddatda korxonalar va tashkilotlarning yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joy sotib olish uchun o‘z xodimlariga, shuningdek, kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilayotgan daromadlariga soliq imtiyozlari berish tartibini ishlab chiqsinlar va soliq to‘lovchilarga yetkazsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi har yili jamoat ishlarini tashkil etish, uy-joy qurilishi va ularni tuzatish, shuningdek, infrastruktura qurilishi va ulardan foydalanish bilan bog‘liq qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etish yoki mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari tasarrufida qoldiriladigan ish bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larining ko‘pi bilan 5 foizini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining maxsus schyotiga o‘tkazsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Ijtimoiy ta’minot vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalar hamda aholining ijtimoiy himoya qilinmagan qatlamlari maqomini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliq to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin, unda respublikada ishlab chiqariladigan va yakka tartibda uy-joy quruvchilarga hamda uy-joy-qurilish kooperativlariga sotiladigan binokorlik materiallarini, shuningdek, uy-joy qurilishida amalga oshiriladigan qurilish va maxsus montaj ishlarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni nazarda tutsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining tegishli bo‘limlariga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 31-mart,
175-son