|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.07.2021
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRIning
buyrugʻi
“Auditorlik tashkilotlarining kasbiga doir xizmatlari” Oʻzbekiston Respublikasi auditorlik faoliyati milliy standarti (90-son AFMS)ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 10-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1017]
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2001-yil 14-fevral,
19-son
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2001-yil 14-fevralda 19-son buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
90-sonli AFMS “Auditorlik tashkilotlarining professional xizmatlari”
Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti
Mazkur Auditorlik faoliyatining milliy standarti (AFMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshiruvlarining rolini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
1-§. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Milliy standartning maqsadi boʻlib:
auditorlik tashkilotlari koʻrsatadigan professional xizmatlar roʻyxatini;
professional xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shartnomalar tuzishda hal etiladigan maxsus oʻziga xos masalalarni;
professional xizmatlarni koʻrsatish natijalari toʻgʻrisida auditor hisobotining mazmunini aniqlashdan iborat.
2. Mazkur standart talablari professional xizmatlar koʻrsatishda barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
3. Auditorlik tashkiloti oʻz faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlarida va mazkur standart bilan belgilangan har qanday professional xizmatlarni koʻrsatishga haqlidir.
2-§. PROFESSIONAL XIZMATLAR KOʻRSATISh TARTIBI
4. Professional xizmatlar auditorlik tashkiloti bilan ushbu xizmatlar buyurtmachisi oʻrtasida tuziladigan professional xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida koʻrsatiladi.
Auditor shartnomani bajarayotganda auditor bilan xoʻjalik yurituvchi subyekt (buyurtmachi) va zarurat boʻlganda istalgan uchinchi tomonlar bilan kelishilgan tartib-taomillarni (amallarni) oʻtkazadi va koʻrsatilgan professional xizmatlar natijalari toʻgʻrisida asoslangan xulosalar bilan hisobot taqdim etadi.
5. Auditor koʻrsatilgan professional xizmatlar natijalari uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
6. Xoʻjalik yurituvchi subyekt (buyurtmachi) koʻrsatilgan professional xizmatlar natijalari toʻgʻrisidagi hisobot maʼlumotlari boʻyicha oʻz xulosalarini chiqarishga haqlidir.
7. Hisobot, professional xizmatlar koʻrsatish shartnomasining shartlariga muvofiq hajmda va muddatlarda professional xizmatlar buyurtmachisiga taqdim etiladi.
3-§. PROFESSIONAL XIZMATLAR ROʻYXATI
8. Auditorlik tashkiloti quyidagi professional xizmatlarni koʻrsatishi mumkin:
a) buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, qayta tiklash va yuritish:
boshqaruv hisobini tashkil etish va yuritish;
moliyaviy hisobni tashkil etish, qayta tiklash va yuritish;
buxgalteriya hisobini avtomatlashtirish (kompyuterlashtirish);
buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, qayta tiklash va yuritish bilan bogʻliq boshqa xizmatlar;
b) moliyaviy hisobotni tuzish;
v) milliy moliyaviy hisobotni buxgalteriya hisobining xalqaro standartlariga oʻtkazish;
g) xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish:
moliyaviy holatni tahlil qilish;
likvidlilikni tahlil qilish;
toʻlov qobiliyatini tahlil qilish;
moliya-xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish bilan bogʻliq boshqa xizmatlar;
d) buxgalteriya hisobi, soliq solish, rejalashtirish, menejment va moliya-xoʻjalik faoliyatining boshqa masalalari boʻyicha konsalting xizmati:
texnik-iqtisodiy asoslanmalarni (TIA) tayyorlash, investitsiya loyihalarini va biznes-rejalarni ishlab chiqish va baholash;
buxgalteriya hisobi va soliq solish masalalari boʻyicha maslahatlar;
moliyaviy menejment boʻyicha maslahatlar;
arketing tadqiqotlarini oʻtkazish;
unumdorlik va samaradorlikni baholash maqsadlarida xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatining tartib-taomillari va uslublarini tahlil qilish;
moliya-xoʻjalik faoliyati sohasidagi boshqa konsalting xizmatlari;
e) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblar va deklaratsiyalarni tuzish:
soliq hisobini tashkil etish va yuritish;
soliq organlarining tekshiruv dalolatnomalari boʻyicha eʼtirozlar tayyorlash;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblar va deklaratsiyalarni tuzish;
soliq hisobi va soliq solish bilan bogʻliq boshqa xizmatlar;
g) boshqa xizmatlar:
auditorlik faoliyati bilan bogʻliq sohada tadqiqotlar, seminarlar, konferensiyalar, izlanishlar oʻtkazish va ularning natijalarini, shu jumladan bosma koʻrinishda, tarqatish;
buxgalteriya hisobi, audit, moliya-xoʻjalik faoliyati tahlili va soliq solish boʻyicha belgilangan tartibda oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv-uslubiy materiallarni tayyorlash.
4-§. PROFESSIONAL XIZMATLAR KOʻRSATISh ShARTNOMASINI BAJARIShNING UMUMIY PRINSIPLARI
9. Professional xizmatlar koʻrsatishda auditor amaldagi qonun hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishi lozim.
5-§. ShARTNOMA TUZILAYOTGANDA HAL QILINADIGAN MASALALAR
10. Professional xizmatlar koʻrsatish shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tayyorlanadi va tuziladi.
11. Auditorlik tashkiloti shartnomada quyidagi masalalarni ham aks ettirishi lozim:
professional xizmatlar qamrab olinadigan moliyaviy axborotlar hajmi va hisobot davrlari;
shartnomada belgilangan predmet boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar natijalari toʻgʻrisida hisobot tuzish uchun zarur boʻlgan dalillarni olish maqsadida bajariladigan tartib-taomillar;
professional xizmatlar koʻrsatish jarayonida erishilgan natijalarni rasmiylashtirish tartibi, roʻyxati va shakllari;
hisobotni tarqatishga doir cheklovlar.
6-§. TARTIB-TAOMILLAR VA DALILLAR
12. Professional xizmatlar koʻrsatish shartnomasida kelishilgan tartib-taomillar miqdori va hajmi koʻrsatilgan professional xizmatlar natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish uchun zarur miqdordagi dalillarni olish uchun yetarli boʻlishi kerak.
13. Kelishilgan tartib-taomillar oʻz ichiga quyidagilarni olishi mumkin:
soʻrovnoma va tahlil;
takroriy sanash, qiyoslash va boshqa matematik hamda tahliliy usullar;
kuzatuv;
inventarizatsiyalash;
isbot-dalillarni olish;
maʼlumotnoma va tavsiyanomalar taqdim etish.
7-§. PROFESSIONAL XIZMATLARNI KOʻRSATISh NATIJALARI TOʻGʻRISIDA HISOBOT
14. Professional xizmatlarni koʻrsatish natijalari toʻgʻrisidagi hisobot quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
a) hisobot nomi;
b) xoʻjalik yurituvchi subyektning (buyurtmachining) nomi va manzili;
v) auditorlik tashkilotining nomi va manzili;
g) shartnoma raqami va sanasiga koʻrsatma;
d) tartib-taomillar standartlarga (aynan qaysilariga) muvofiq bajarilganligiga koʻrsatma;
e) kelishilgan tartib-taomillarni bajarishdan maqsad;
j) aniq bajarilgan tartib-taomillar roʻyxati;
z) tartib-taomillar natijalarining bayoni;
i) hisobot faqat moliyaviy axborotning muayyan elementlariga, moddalariga taalluqli ekanligiga va u xoʻjalik yurituvchi subyektning barcha moliyaviy hisobotiga tatbiq etilmasligiga (imkoni boʻlgan joylarda) koʻrsatma;
k) hisobot tuzilgan sana;
l) professional xizmatlar koʻrsatgan mutaxassisning (auditorning) familiyasi, ismi, otasining ismi va imzosi (har bir sahifada).
15. Xoʻjalik yurituvchi subyektga (buyurtmachiga) koʻrsatilgan xizmatlar natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etilganda qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuziladi va u auditorlik tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2019-yil 27-fevraldagi 27-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1017-1, 25.03.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2019-y., 10/19/1017-1/2818-son)
8-§. PROFESSIONAL XIZMATLAR UChUN JAVOBGARLIK
16. Professional xizmatlarni sifatsiz koʻrsatganligi uchun auditorlik tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
17. Koʻrsatilgan professional xizmatlar natijalari toʻgʻrisidagi hisobotda berilgan axborotlar maxfiy hisoblanadi. Buyurtmachining roziligisiz ushbu axborotlarni eʼlon qilgan aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.