|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.10.2019
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
TURIZM TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-iyuldagi OʻRQ-549-sonli “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2019-yil 20-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi turizm sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, turistik xizmatlar bozorini rivojlantirish, shuningdek turistlar va turistik faoliyat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
2-modda. Turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Oʻzbekiston Respublikasining turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizm sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
turizm — jismoniy shaxsning doimiy istiqomat joyidan sogʻlomlashtirish, maʼrifiy, kasbiy-amaliy yoki boshqa maqsadlarda borilgan joyda (mamlakatda) haq toʻlanadigan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda uzogʻi bilan bir yil muddatga joʻnab ketishi (sayohat qilishi);
turist — Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab yoki boshqa mamlakatga sayohat qiluvchi (doimiy istiqomat joyidan turizm maqsadida joʻnab ketgan) jismoniy shaxs;
turistik faoliyat — ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq sayohatlarni va ular bilan bogʻliq xizmatlarni tashkil etish borasidagi faoliyat;
ekskursiya faoliyati — turistik faoliyatning madaniy meros obyektlari va boshqa obyektlar bilan tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan yoʻnalishlar boʻyicha ekskursiya yetakchisi hamrohligidagi 24 soatdan oshmaydigan ekskursiyalarni tashkil etishga doir qismi;
(3-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
turistik resurslar — tegishli hududning tabiiy-iqlim, sogʻlomlashtirish, tarixiy-madaniy, maʼrifiy va ijtimoiy-maishiy obyektlari majmui;
turistik faoliyat subyektlari — belgilangan tartibda roʻyxatga olingan va turistik xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyasi boʻlgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar;
turistik industriya — turistik faoliyatning turistlarga xizmat koʻrsatishni taʼminlovchi turli subyektlari (mehmonxonalar, turistik komplekslar, kempinglar, motellar, pansionatlar, umumiy ovqatlanish, transport korxonalari, madaniyat, sport muassasalari va boshqalar) majmui;
tur — muayyan yoʻnalish boʻyicha turistik xizmatlar majmui (joy bandlash, joylashtirish, ovqatlantirish, transport, rekreatsiya, ekskursiya xizmatlari va boshqa xizmatlar) bilan taʼminlangan aniq muddatlardagi turistik sayohat;
turistik xizmatlar — turistik faoliyat subyektlarining joylashtirish, ovqatlantirish, transport, axborot-reklama xizmatlari koʻrsatish borasidagi, shuningdek turistlarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan boshqa xizmatlari;
turistik guruh rahbari — turistik faoliyat subyektining vakili boʻlgan va uning nomidan ish koʻrib, turistlarga hamrohlik qiluvchi, turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi shartlarining bajarilishini taʼminlovchi jismoniy shaxs;
gid (ekskursiya yetakchisi) — tur qatnashchilariga turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi doirasida ekskursiya-axborot, tashkiliy yoʻsindagi xizmatlar va malakali yordam koʻrsatuvchi jismoniy shaxs;
turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya — turistik faoliyatni amalga oshirishga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi maxsus ruxsatnoma;
sertifikat — turistik xizmatlar sifatini va ularning muayyan standartga yoki boshqa normativ hujjatga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.
4-modda. Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
turizm va turistik industriyani rivojlantirish;
fuqarolarning sayohat qilish paytidagi dam olish, erkin harakatlanish va boshqa huquqlarini taʼminlash;
turistik resurslardan oqilona foydalanish va ularni saqlash;
turizm sohasidagi normativ bazani takomillashtirish;
bolalar, yoshlar, nogironlar va aholining kam taʼminlangan qatlamlari turizmi (ekskursiyalari) uchun sharoit yaratish;
turistik industriyani rivojlantirish uchun investitsiyalar jalb etish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlari uchun turistik xizmatlar bozorida teng imkoniyatlar yaratish;
turistlarning xavfsizligini, ularning huquqlari, qonuniy manfaatlari va mol-mulki muhofaza qilinishini taʼminlash;
turizm sohasining ilmiy taʼminotini tashkil etish va rivojlantirish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
chet mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining turizm sohasidagi vakolatlari
Turizm sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
turizmni rivojlantirish davlat dasturini tasdiqlaydi;
turistik faoliyatni litsenziyalash tartibini belgilaydi;
turistlarning borishi taqiqlanadigan obyektlar va hududlarni belgilaydi;
turistlarning ayrim toifalariga imtiyozlar berish tartibini belgilaydi;
hukumatlararo shartnomalar tuzadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladi.
6-modda. Vakolatli davlat organining turizm sohasidagi vakolatlari
Turizm sohasida vakolatli davlat organi:
turizmni rivojlantirish davlat dasturlari amalga oshirilishini taʼminlaydi;
turistik xizmatlar infratuzilmasini shakllantiradi;
tarixiy-madaniy merosni targʻib qilishni, turistik salohiyatni saqlash va rivojlantirishni tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini taʼminlaydi;
xalqaro turistik tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalaydi;
turistik faoliyat subyektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalarda uslubiy va boshqa yoʻsinda yordam koʻrsatadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladi.
7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining turizm sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari turizm sohasida turizmni rivojlantirishning mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni hal qiladilar.
8-modda. Turistik faoliyatni litsenziyalash
Turistik faoliyat litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Turistik faoliyatni litsenziyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-noyabrdagi 497-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Turizm faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi nizom.
9-modda. Turistik faoliyatni moliyalash manbalari
Turistik faoliyat:
turistik faoliyat subyektlarining oʻz mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning pul badallari;
zayom mablagʻlari (obligatsiya zayomlari va boshqa zayomlar, bank kreditlari va boshqa kreditlar);
chet el investitsiyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
10-modda. Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish
Turistik xizmatlar majburiy sertifikatlashtirilishi lozim.
Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va sertifikat berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Turistik xizmatlarni sertifikatlash tartibi (roʻyxat raqami 911, 18.03.2000-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
(10-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 6-apreldagi OʻRQ–31-sonli Qonuniga muvofiq chiqarilgan — OʻR QHT, 2006-y., 14-son, 113-modda)
11-modda. Turistik sayohat va turistik xizmatlar majmui
Turistik sayohat yakka tartibda yoki turistlar guruhi tarkibida amalga oshiriladi.
Turistik xizmatlar majmui transport xizmati koʻrsatishni, yashash, ovqatlantirish, ekskursiya xizmati koʻrsatish, madaniy, sport dasturlarini tashkil etish va boshqa xizmatlarni oʻz ichiga oladi.
12-modda. Turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi
Turistik xizmatlar shartnoma asosida koʻrsatiladi.
Shartnoma koʻrsatiladigan xizmatlarning koʻlami va sifatini, taraflarning huquqlari hamda majburiyatlarini, haq toʻlash va hisob-kitoblar tartibini, shartnomaning amal qilish muddatini va uni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikni, shuningdek taraflarning kelishuviga koʻra boshqa shartlarni belgilaydi.
13-modda. Turistik yoʻllanma (vaucher)
Turistik yoʻllanma (vaucher) — turistning yoki turistlar guruhining tur tarkibiga kiruvchi turistik xizmatlarga boʻlgan huquqini belgilovchi va bunday xizmatlar koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Turistik yoʻllanmaning (vaucherning) shakli turizm sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
14-modda. Turistning huquqlari
Turist:
shartnomada nazarda tutilgan turistik xizmatlar majmuidan toʻla foydalanish;
sayohatga taalluqli toʻliq va ishonchli axborot olish;
shaxsiy xavfsizlik, oʻz huquqlarining himoya qilinishi, shuningdek oʻz mol-mulkininig asralishi;
shoshilinch tibbiy yordam olish;
shartnoma bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda moddiy zararning toʻlanishi, shuningdek maʼnaviy ziyonning oʻrni qoplanishi;
agar turning umumiy qiymati oshishi uning shartlashilgan qiymatidan ortib ketsa, shuningdek fors-major holatlari roʻy bergan taqdirda turistik faoliyat subyektiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplamasdan shartnomani bekor qilish huquqiga ega.
Turist qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻladi.
15-modda. Turistning majburiyatlari
Turist:
shartnoma shartlariga;
bojxona va chegara nazorati qoidalariga;
borilgan mamlakatning qonun hujjatlari talablariga rioya etishi shart.
Turist qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻladi.
16-modda. Turistik faoliyat subyektining huquqlari
Turistik faoliyat subyekti Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistlarga xizmatlar koʻrsatish paytida:
turning muddati va yoʻnalishini, xizmat koʻrsatish darajasini, transport xizmati koʻrsatish turini, turistning xavfsizligini taʼminlash va uning mol-mulkini qoʻriqlash usulini turistning roziligi va xohishi bilangina oʻzgartirish;
turistning roziligi bilan hamda bu xususda tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin turistni xabardor qilish sharti bilan turning shartlashilgan qiymatini oshirish;
xizmatlar koʻrsatish mumkin boʻlmagan fors-major holatlari roʻy berganda, shuningdek guruhni tuzish uchun zarur miqdorda turistlar yigʻilmagan taqdirda turistlarni bu haqda tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin xabardor qilgan holda turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasini bekor qilish;
turistlar yoki turistlarga xizmat koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha sheriklar tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda talab qilish huquqiga ega.
Turistik faoliyat subyekti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻladi.
17-modda. Turistik faoliyat subyektining majburiyatlari
Turistik faoliyat subyekti:
turistlarga shartnomada shartlashilgan xizmatlarni koʻrsatishi;
turistik xizmatlar koʻrsatilmagan yoki toʻla hajmda yoxud lozim darajada sifatli koʻrsatilmagan taqdirda turistlarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi;
turistlarga turni tashkil qilish, ularning huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida toʻliq axborot berishi;
turistik resurslar, koʻrsatiladigan obyektlarning (madaniy meros obyektlari, tabiat obyektlari va boshqalarning) saqlanishiga koʻmaklashishi;
(17-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
turistlarning borilgan joy (mamlakat) qonun hujjatlariga rioya etishlari ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.
Turistik faoliyat subyekti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻladi.
18-modda. Turistlarning xavfsizligi kafolati
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistlarning xavfsizligi davlat tomonidan kafolatlanadi.
Turizm sohasidagi vakolatli davlat organi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda turistlarning himoya qilinishini hamda xavfsizligini taʼminlash dasturini ishlab chiqadi va uning bajarilishini tashkil etadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari turizm sohasida barcha turistik yoʻnalishlar boʻyicha turistlarning himoya qilinishini va xavfsizligini taʼminlash mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqadilar va ularning bajarilishini tashkil etadilar.
Turistik faoliyat subyektlari turistlarning xavfsizligini taʼminlash, ular jarohatlanganda, kasallanganda va boshqa hollarda tibbiy va oʻzga xil yordam koʻrsatish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqadilar.
19-modda. Turistlarning xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari
Turistik faoliyat subyektlari turistlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida:
turistlarning safarda xavf-xatardan xoli boʻlishlari uchun shart-sharoitni, safar, sayr, ekskursiya yoʻllari, musobaqalar oʻtkaziladigan joylarning obodligini taʼminlashlari;
turistlarga jarohatlanish va baxtsiz hodisalardan saqlanish hamda ularning oldini olish usullarini oʻrgatishlari, birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish yuzasidan yoʻl-yoʻriq berishlari, shuningdek belgilangan yoʻnalishning xususiyati va turistlarning xatti-harakatiga bogʻliq holda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf manbalari haqida ularning oʻzini xabardor qilishlari;
turistlarning sayohatlar, safarlar, musobaqalar, boshqa turistik tadbirlarga tayyorgarligi ustidan nazoratni amalga oshirishlari;
falokatga uchragan turistlarga tezkor yordam koʻrsatishlari;
avtomobil, togʻ changʻi, velosiped, suv, mototsikl, piyoda safar, gʻor turizmi va turizmning boshqa maxsus turlarini tashkil etish va oʻtkazishda xavfsizlikning alohida talablarini ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari shart.
Turistik sayohatlarni turistlar harakatlanishining faol shakllaridan foydalangan holda tashkil etishga ixtisoslashgan turistik faoliyat subyektlari turistlarning xavfsizligini taʼminlash, ekstremal vaziyatlarda ularga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish maqsadida xizmat koʻrsatishni koʻzlab qidiruv-qutqaruv xizmatlari bilan shartnomalar tuzadilar. Qidiruv-qutqaruv xizmatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
20-modda. Turistlarni sugʻurta qilish
Turistlarni sugʻurta qilish majburiydir va u turistik faoliyat subyektlari tomonidan sugʻurta faoliyati olib borish huquqiga ega boʻlgan tegishli sugʻurta tashkilotlari bilan tuziladigan bitimlar asosida amalga oshiriladi.
21-modda. Nizolarni hal etish
Turizm sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
22-modda. Turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Turizm toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-avgust,
830-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 227-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 113-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)