|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XO‘JALIGI KORXONALARINI SANATSIYA QILISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarini sanatsiya qilishning samaradorligini ta’minlash va qulay iqtisodiy sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qishloq xo‘jaligi korxonalarini sanatsiya qilish bo‘yicha Hukumat komissiyasi hamda viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan sanatsiya qilinadigan barcha qishloq xo‘jaligi korxonalarida tashqi boshqaruvchilar tayinlanganligi;
tashqi boshqaruvni o‘tkazish uchun tijorat banklarida sanatsiya qilinadigan barcha qishloq xo‘jaligi korxonalarining maxsus schyotlari ochilganligi hamda barcha pul tushumlari va xarajatlar faqat maxsus schyot orqali amalga oshirilishi;
sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalarining tovar-moddiy boyliklar va xizmatlar uchun, shu jumladan mehnatga haq to‘lash uchun, shuningdek, budjet bilan va budjetdan tashqari fondlar bilan hisob-kitoblari maxsus schyotdan faqat to‘lov topshiriqlari bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishga normativ xarajatlar doirasida amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Tashqi boshqaruvchilar qishloq xo‘jaligi korxonalarini sanatsiya qilish masalalari bo‘yicha mintaqaviy komissiyalar bilan birgalikda:
sanatsiya qilinadigan korxonalarning tovar-moddiy boyliklari qoldig‘i va mol-mulkini, qurilishi tugallanmagan ishlab chiqarishlarini, yer maydonlarini, tuzilgan shartnomalarini 1998-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra bir oy muddatda xatlasinlar;
asosiy fondlar va moddiy vositalarning ortiqcha qoldiqlarini sotish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar, shuningdek, zarurat bo‘lsa ilgari tuzilgan shartnomalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Agrobank” ATB va boshqa tijorat banklari debitor qarzlarni undirishda sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalariga ko‘maklashsinlar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-maydagi 142-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 21-son, 252-modda)
4. Quyidagilar:
sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalarining 1998-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra budjetga muddatida to‘lanmagan to‘lovlarini to‘lash, shu jumladan penya, 2000-yilgacha kechiktirilsin. To‘lov muddati kechiktirilgan mablag‘lar sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 2000-yil mobaynida to‘lanadi;
sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalarining Pensiya jamg‘armasi, Ish bilan ta’minlash jamg‘armasi, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi va Yo‘l jamg‘armasidan penya qo‘shilmagan holdagi qarzlarini to‘lash 2000-yilgacha kechiktirilsin. Keyinchalik ular 2001-yildan boshlab 2 yil davomida teng ulushlarda to‘lanadi.
5. Sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalarining 1998-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra to‘lov manbalari bilan ta’minlanmagan kreditorlik qarzlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tegishli vazirliklar va idoralarga imtiyozli foizsiz kreditiga qayta rasmiylashtirilsin, ushbu kredit sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 2003-yildan boshlab 3 yil davomida teng ulushlarda to‘lanadi.
“O‘zkimyosanoat” uyushmasi, “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi, “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasi, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar korxonalari va tashkilotlarining budjetga muddatida to‘lanmagan to‘lovlar bo‘yicha qarzlari sanatsiya qilinayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalarining ko‘rsatib o‘tilgan idoralardan kreditor qarzi miqdoridagi qayta rasmiylashtirilgan kredit summasiga hisobdan chiqarilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 104-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
7. “O‘zagrosug‘urta” davlat-aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasining:
sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalaridan 1996-yil uchun sug‘urta to‘lovlari to‘lash bo‘yicha qarzlarni 1998-yil 1-aprelgacha to‘lash;
sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalarining 1996-yil uchun sug‘urta to‘lovlari bo‘yicha qarzlarini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
8. “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalarining 1997-yil hosilidan tayyorlangan paxta xomashyosini qayta ishlashni 1998-yil 1-martgacha tugallasin hamda xo‘jaliklar ixtiyorida qoladigan paxta va paxta tolasi uchun uzil-kesil hisob-kitob qilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sanatsiya qilinadigan xo‘jaliklar yonidan o‘tuvchi xo‘jaliklararo kollektor-drenaj tizimlari ahvolini ikki hafta muddatda tekshirib chiqsin hamda 1998-yilga ajratilgan mablag‘lar doirasida ularni tozalashni nazarda tutsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi aholi foydalangan elektr energiyasi va gaz uchun 1998-yil 1-martdan boshlab bevosita xo‘jaliklar aholisi bilan hisob-kitob qilinishini ta’minlasinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda xo‘jalik ichki suv quvurlari tizimlaridan foydalanishni tashkil etish va qishloq aholisi tomonidan ichimlik suvdan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari xususiylashtirilgan chorvachilik fermalarining, ijaraga berilgan bog‘lar, uzumzorlar, issiqxonalar va boshqa obyektlarning ahvolini o‘rganib chiqsinlar hamda xo‘jaliklarning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazilgan hollarda shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan belgilangan tartibda tegishli qarorlar qabul qilsinlar.
13. Sanatsiya qilinadigan paxta va don yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga ishlab chiqarish bo‘linmalari va mazkur xo‘jalikdagi oilalar bilan xo‘jalik ichki pudrat shartnomalari, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga esa yer uchastkalarining xo‘jalik ichki ijarasi shartnomalarini tuzish tavsiya qilinsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bir oy muddatda:
yer uchastkalarining xo‘jalik ichki ijarasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yuzasidan xo‘jalik ichki pudrati namunaviy shartnomalarini;
buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
15. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashqi boshqaruvchilar bilan birgalikda sanatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi korxonalarining ortiqcha xodimlarini bo‘shatish, shuningdek, ushbu xodimlarni ishga joylashtirish bo‘yicha bir oy muddatda takliflar ishlab chiqsin va taqdim etsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga qishloq xo‘jaligida qonun hujjatlariga rioya etilishi, shu jumladan qishloq xo‘jaligi korxonalarining faoliyati, shuningdek, shartnoma intizomi ta’minlanishi ustidan nazoratni kuchaytirish tavsiya qilinsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 14-yanvardagi 21-son qarori bilan belgilangan qishloq xo‘jaligi korxonalarining sanatsiya qilinishi uchun (1998-1999-yillarda) shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi va mintaqaviy komissiyalar sanatsiya qilinadigan xo‘jaliklarni moliyaviy sog‘lomlashtirish rejalarining bajarilishini yilning har choragida tahlil qilsinlar va hisobot oyidan keyingi oyning 20-kunida Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsinlar.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-aprelda qabul qilingan 169-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
19. “O‘zteleradio” kompaniyasi, Davlat matbuot qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi va korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari bo‘yicha mintaqaviy komissiyalar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi korxonalarini sanatsiya qilishni yoritishga doir maxsus eshittirishlar va ruknlar tashkil etsinlar.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-aprelda qabul qilingan 169-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 7-8-son, 58-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-iyuldagi 362-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
21. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari B. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 7-fevral,
61-son