Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
qarori
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 20, 201 va 921-moddalariga hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4 va 17-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi namunasi va tavsifi 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining koʻkrak nishoni namunasi va tavsifi 3 va 3a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining transportda tekin yurish tartibi va shartlari, transport tashkilotlari bilan bu borada hisob-kitob qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-apreldagi 78-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatining yoʻlovchilar transportida bepul yurishi hamda transport tashkilotlari bilan shu bilan bogʻliq hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi va shartlari toʻgʻrisida nizom asosida amalga oshiriladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida deputatning guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomni, ularning namunasi hamda tavsiflarini tasdiqlash tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida” 2020-yil 6-yanvardagi 1019-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
7. Ushbu qaror nusxasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalariga hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga yuborilsin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻrinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-oktabr,
1416-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1416-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY NIZOM
Mazkur Namunaviy nizom xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatiga (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) guvohnoma va koʻkrak nishoni berish, ulardan foydalanish, shuningdek yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda yangisini berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Deputatning guvohnomasi deputatning vakolati va shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
2. Deputatning koʻkrak nishoni deputatlik maqomiga ega boʻlgan vakolatli shaxs sifatida ajratib turuvchi belgi hisoblanadi.
Koʻkrak nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
3. Deputatga guvohnoma va koʻkrak nishoni tegishincha hududiy, tuman va shahar saylov komissiyasida (deputatlar uchun alohida yuritilgan tegishli qayd daftarida) roʻyxatga olinib, tegishli saylov komissiyasi raisi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan topshiriladi.
2-bob. Deputatning guvohnomasi
4. Deputatning guvohnomasi tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi.
5. Xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashi deputatiga guvohnoma tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan 001 raqamidan 060 raqamigacha u saylangan saylov okrugi tartib raqami boʻyicha beriladi.
Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatiga guvohnoma tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan 001 raqamidan 030 raqamigacha u saylangan saylov okrugi tartib raqami boʻyicha beriladi.
6. Boʻshab qolgan oʻrinlarga viloyat, tuman, shahar Kengashi deputati etib saylangan hamda roʻyxatga olingan deputatga guvohnoma navbatdagi tartib raqamidan boshlab beriladi.
3-bob. Guvohnoma yoki koʻkrak nishonni yangisini olish tartibi
7. Deputatning yaroqsiz holga kelgan guvohnomasi oʻrniga aynan shu raqam bilan yangi guvohnoma beriladi.
Deputatning yaroqsiz holga kelgan koʻkrak nishoni yangisi bilan almashtiriladi.
Deputatning yoʻqolgan guvohnomasi oʻrniga navbatdagi tartib raqami bilan yangi guvohnoma beriladi.
8. Guvohnoma yoki koʻkrak nishoni yaroqsiz holga kelgani haqida deputat viloyat, tuman va shahar Kengashi orqali, tegishli saylov komissiyasiga ikki ish kuni ichida ariza bilan murojaat qilishi shart.
Guvohnoma yoki koʻkrak nishoni yoʻqotilgani haqida deputat tegishli xalq deputatlari Kengashi raisi nomiga yozgan va ustxat qoʻyilgan bildirishnoma nusxasini ilova qilgan holda tegishli saylov komissiyasiga ikki ish kuni ichida ariza bilan murojaat qilishi shart.
Arizaga guvohnoma yoki koʻkrak nishonining yoʻqotilgan yoxud yaroqsiz holga kelganligi sabablari koʻrsatilishi hamda yaroqsiz holdagi guvohnoma yoki koʻkrak nishoni va tegishli hujjatlar ilova qilinishi lozim.
Deputat guvohnomasini va (yoki) koʻkrak nishonini yoʻqotgan taqdirda unga ushbu Nizomda belgilangan tartibda guvohnoma va (yoki) koʻkrak nishoni yoʻqolgani haqida ariza bergan kundan boshlab bir oy ichida yangi guvohnoma va (yoki) koʻkrak nishoni beriladi.
9. Deputatning yoʻqotilgan guvohnomasi topib olingan taqdirda ushbu guvohnoma ichki ishlar organlariga yoki tegishli saylov komissiyasiga topshirilishi shart.
10. Deputatning yaroqsiz holga kelgan guvohnomasi, topib olingan yoki vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan deputatning tegishli saylov komissiyasiga qaytarilgan guvohnomalari kesish yoʻli bilan foydalanib boʻlmaydigan holga keltiriladi hamda belgilangan tartibda (yoqish yoʻli bilan) yoʻq qilinadi va bu haqda tuzilgan dalolatnoma tegishli viloyat, tuman va shahar hokimligining idoraviy arxivda saqlanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
11. Deputat guvohnoma va koʻkrak nishonidan oʻz vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi.
Deputat oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda guvohnomasini koʻrsatib, tegishli viloyat, tuman va shahar hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqidan, shuningdek ularning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Deputat guvohnoma va koʻkrak nishonini avaylab asrashi shart.
12. Deputatning guvohnomasini va (yoki) koʻkrak nishonini olib qoʻyish, shuningdek guvohnomani va (yoki) koʻkrak nishonini boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
13. Deputatning vakolatlari muddati tugaganidan keyin guvohnoma va koʻkrak nishoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi hamda deputatlik vakolatini toʻliq oʻtagan shaxsda esdalik sifatida qoladi.
14. Deputatning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda guvohnoma va koʻkrak nishoni tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati orqali ikki ish kunidan kechiktirmay tegishli saylov komissiyasiga qaytarilishi shart.
15. Deputat viloyat, tuman va shahar Kengashining vakolatlari muddati davrida vafot etgan taqdirda guvohnoma va koʻkrak nishoni uning oila aʼzolarida xotira sifatida qoladi.
16. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1416-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputati guvohnomasining
NAMUNASI




Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1416-son qaroriga
2a-ILOVA
2a-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputati guvohnomasining
TAVSIFI
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) guvohnomasi 90x60 millimetr oʻlchamdagi qattiq charm muqovali kitobcha koʻrinishiga ega boʻladi.
2. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatining guvohnomasi toʻq qizil rangli, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputatining guvohnomasi toʻq koʻk rangda boʻladi.
3. Deputat guvohnomasining old tomoni yuqori va oʻrta qismlari oraligʻida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining metaldan tayyorlangan oʻxshash tasviri oʻrnatiladi, uning ostida ikki satrda oltin rangda “VILOYAT (TUMAN, SHAHAR) KENGASHI DEPUTATI” degan matn joylashtiriladi.
4. Deputatning guvohnomasi ichki soʻl tomonining:
yuqori qismi chap tomonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli tasviri tushiriladi;
oʻrta qismi markazida uch satrda tegishli “XALQ DERUTATLARI _________________ VILOYATI (SHAHAR, TUMANI) KENGASHI DEPUTATI” degan matn qora rangda yirik joylashtiriladi. Bunda chiziq oʻrniga tegishli hudud nomi yoziladi;
pastki qismining markazida qizil rangda guvohnomaning amal qilish muddati (kun, oy, yil) koʻrsatiladi.
5. Deputatning guvohnomasi ichki oʻng tomonining:
chap oʻrta qismida deputatning 30x40 millimetr oʻlchamidagi (oq fonda) rangli fotosurati joylashtiriladi. Fotosurat oʻng tomonining pastki burchagiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasining muhri shaklidagi gologramma yopishtiriladi;
yuqori qismi markaziga bir satrda qizil rangda “GUVOHNOMA №___” soʻzlari joylashgan boʻladi. Bunda chiziq oʻrniga guvohnomaning tartib raqami yoziladi;
oʻrta qismining markazida, fotosuratdan oʻngroqda alohida uch satrda deputatning familiyasi, ismi va otasining ismi qora rangda yirik koʻrsatiladi;
pastki qismining markazida qora rangda tegishli “_____________ hududiy (shahar, tumani) saylov komissiyasining 20__-yil __-_________dagi ____-son qarori bilan roʻyxatga olingan.” degan matn joylashtiriladi. Bunda chiziq oʻrniga tegishli hudud nomi yoziladi.
6. Guvohnomaning ichki tomonlari maxsus qogʻozdan tayyorlangan va shaffof plyonka bilan qoplangan boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1416-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputati koʻkrak nishonining
NAMUNASI

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 31-oktabrdagi 1516-son qaroriga
3a-ILOVA
3a-ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputati koʻkrak nishonining
TAVSIFI
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining (bundan buyon matnda deputat deb yuritiladi) koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining hilpirab turgan tasviri koʻrinishida boʻladi.
2. Deputat koʻkrak nishonining asosi mis qotishmadan tayyorlanadi. Koʻkrak nishonning old tomoni sirlangan moviy, oq va yashil rangdagi tasma chiziqlar hamda qizil rangdagi hoshiya chiziq bilan qoplangan. Oq tasma chiziq moviy va yashil tasma chiziqlardan sirlangan qizil rangdagi hoshiya bilan ajralib turadi. Koʻkrak nishondagi tasvirlar, yozuv, nishon qirralari hamda orqa tomoni zarhal qilib ishlangan.
3. Koʻkrak nishon old tomonining yuqori chap burchagida moviy fonda yarim oy va undan oʻngroqda uch qatorda oʻn ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan boʻladi. Yarim oy vertikal holatda joylashtirilgan, yulduzlar esa undan oʻngroqda, uch qatorda, yaʼni yuqori qatorda uchta, oʻrta qatorda toʻrtta va quyi qatorda beshta yulduz joylashtiriladi.
4. Deputat koʻkrak nishonining oq tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida “VILOYAT (TUMAN, SHAHAR)” degan, yashil tasma chizigʻi ustida lotin yozuvida ikki satrda “KENGASHI DEPUTATI” degan matnlar sariq rangda yoziladi.
5. Koʻkrak nishon toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
6. Koʻkrak nishonning kattaligi 23x30 millimetr.