O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 15-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 29-sentabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2023-yil 29-sentabrda ma’qullangan
Mamlakatimizda aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash, farmatsevtika tarmog‘iga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlarini va innovatsiyalarni joriy etish, tarmoqda ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, mamlakatimizda donor qonidan dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmakologik vositalar va dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish maqsadida tarmoqdagi ayrim cheklovlarni bekor qilish, shuningdek dori vositalarini va farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarida sog‘lom shaxslarning ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddatlarini o‘zgartirish uchun imkoniyatni nazarda tutuvchi, shuningdek bir ishlab chiqaruvchining turli savdo nomlari ostidagi, tarkibi bir xil dori moddalaridan iborat bo‘lgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlariga donor qoni va uning tarkibiy qismlarini xususiy tartibda to‘plashni, tayyorlashni, qayta ishlashni va saqlashni amalga oshirishga ruxsat beradigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun qon preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplashga, dori vositalarining yangi turlari ishlab chiqarilishiga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprelda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi 415-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 4-yanvarda qabul qilingan O‘RQ-399-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 1, 1-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2020-yil, № 7, 449-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:
1) 3-modda:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“klinik tadqiqot subyekti — farmakologik vositani yoki dori vositasini klinik tadqiq etishda o‘zining yozma ravishdagi roziligi bilan ixtiyoriy asosda ishtirok etuvchi jismoniy shaxs”;
oltinchi — o‘n uchinchi xatboshilari tegishincha yettinchi — o‘n to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
2) 8-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Umumiy farmakopeya maqolalarini, farmakopeya maqolalarini ishlab chiqish va ularni Davlat farmakopeyasiga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi”;
3) 10-moddaning:
“Farmakologik vositaning yoki dori vositasining klinik tadqiqotida klinik tadqiqot subyektining ishtirok etishi o‘zining yozma ravishdagi roziligi bilan ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Klinik tadqiqot rahbari klinik tadqiqot subyektiga ushbu tadqiqot usulining ahamiyati, mazkur tadqiqotning mohiyati va ehtimol tutilgan xavfi haqida batafsil tushuntirish berishi shart. Klinik tadqiqot subyekti tadqiqotning istalgan bosqichida unda ishtirok etishni rad qilishga haqli.
Farmakologik vositaning yoki dori vositasining klinik tadqiqoti voyaga yetmagan yoxud muomalaga layoqatsiz klinik tadqiqot subyekti ishtirokida o‘tkazilgan taqdirda, tadqiqotlar boshlanishidan oldin uning ota-onasidan yoki boshqa qonuniy vakillaridan yozma ravishda rozilik olinishi kerak.
Voyaga yetmagan klinik tadqiqot subyektlari ishtirokidagi klinik tadqiqotdan oldin, qoida tariqasida, voyaga yetgan klinik tadqiqot subyektlarida klinik tadqiqot o‘tkazilgan bo‘lishi kerak”;
to‘qqizinchi qismidagi “bemorning” degan so‘z “klinik tadqiqot subyektining” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
o‘ninchi qismidagi “bemorning” degan so‘z “klinik tadqiqot subyektining” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
4) 12-moddaning:
beshinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:
“Bir ishlab chiqaruvchining turli savdo nomlari ostidagi, tarkibi bir xil dori moddalaridan iborat bo‘lgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi”;
yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalariga ko‘ra xorijiy ishlab chiqaruvchilarga amal qilish muddati besh yil bo‘lgan tegishli ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi beriladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga esa muddatsiz beriladi”;
5) 18-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchisining buyurtmasiga muvofiq tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa ishlab chiqaruvchilar tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunday holda dori vositalarining va tibbiy buyumlarning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi dori vositalarini va tibbiy buyumlarni buyurtmaga muvofiq bevosita ishlab chiqaradigan tashkilotga beriladi”;
uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlari tegishincha to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustda qabul qilingan “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi 402-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 9, 162-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 4, 125-modda; 2019-yil, № 12, 880-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
1) 10-moddaning to‘rtinchi qismi chiqarib tashlansin;
2) 12-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qon bilan ishlash xizmati donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plashga, tayyorlashga, qayta ishlashga va saqlashga ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari hamda donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlari majmuidan iboratdir”.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 22-noyabr,
O‘RQ-879-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2023-y., 03/23/879/0873-son)