|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.02.2001
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 1993 YIL 11 MARTDAGI 127-SON QARORIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-fevraldagi 75-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish masalalarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining oʻrni va masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, ijtimoiy-mehnat sohasida paydo boʻluvchi vazifalarni tezkorlik bilan tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 11-martdagi 127-son qaroriga qarorning 4-bandi uchinchi xatboshini quyidagi tahrirda bayon etgan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
“viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari tegishli hokimliklarning tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi, hokimliklar va Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga boʻysunadi va ularga hisob beradi;
tuman (shahar) mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boʻlimlari tegishli hokimliklarning tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi, hokimliklar, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalariga boʻysunadi va ularga hisobga beradi, ularga uslubiy rahbarlik qilish va ular faoliyatini muvofiqlashtirish esa Mehnat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari rahbarlarini viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan tayinlash tartibi saqlab qolinsin. Tuman (shahar) mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boʻlimlari mehnat birjalari rahbarlari tumanlar (shaharlar) boʻlimlari rahbarlari tumanlar (shaharlar) hokimlarining taqdimnomasiga koʻra tegishli viloyat va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan tayinlanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-iyuldagi 310-sonli qarori tahririda)
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari ishini oʻrganib chiqsinlar hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan toʻliq chora-tadbirlar koʻrsinlar, ular faoliyatini takomillashtirishda, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, ijtimoiy-mehnat sohasida bozor munosabatlarini shakllantirishda ularning ahamiyatini oshirishda doimiy ravishda amaliy yordam koʻrsatsinlar, aholini ish bilan taʼminlash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan barcha tashkilotlarning saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirsinlar.
4. Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlarining asosiy vazifalari hisoblansin:
ish bilan taʼminlanmagan aholini hisobga olish va ishsizlar sonini aniqlash, mehnat bozori konyunkturasini tahlil qilish va prognozlashtirish, ishsizlarni va ish bilan taʼminlanmagan aholini ishga joylashtirish, ishsizlarni yangi kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash;
ish bilan taʼminlash hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda qishloq xoʻjaligidan va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridan ortiqcha ish kuchlarini boʻshatib olish uchun shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy ishlarni tashkil etish;
aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan samarali foydalanish;
aholini muayyan ijtimoiy himoya qilish, ishsizlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan shaxslar uchun eng kam miqdorda ish oʻrinlari yaratish, bu oʻrinlar butlanishini taʼminlash va ulardan foydalanishni nazorat qilish;
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-iyuldagi 310-sonli qarori tahririda)
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda ishsizlarni ishga joylashtirishni operativ nazorat qilish, bolali oilalarni, kam taʼminlangan oilalarni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini va aniq ijtimoiy himoyaning boshqa chora-tadbirlarini amalga oshirish;
ishlab chiqarishdagi mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilishning holati, mehnatning noqulay sharoitlarida ishlaganlik uchun imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishi hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 7-aprel,
175-son