|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.11.2012
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT DAVLAT UNIVERSITETI HUZURIDA OLIY PEDAGOGIKA INSTITUTINI VA TOShKENT DAVLAT TEXNIKA UNIVERSITETI HUZURIDA OLIY MUHANDISLIK PEDAGOGIKASI INSTITUTINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-noyabrdagi 327-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 26-sentabrdagi 278-son qarori)” qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan
Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘qituvchilari malakasini oshirishning va ularni qayta tayyorlashning ilmiy, muhandis va pedagog xodimlar tayyorlash dasturlari mazmunini yangilashning muhimligini hisobga olib, shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi o‘quv yurtlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent davlat universiteti huzuridagi ilgari tugatilgan Ijtimoiy fanlar o‘qituvchilari malakasini oshirish instituti va tabiiy fanlar o‘qituvchilari malakasini oshirish fakulteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi ilgari tugatilgan Tarmoqlararo malaka oshirish institutining moddiy-texnika negizida Toshkent davlat universiteti huzurida Oliy pedagogika institutini xamda Toshkent davlat texnika universiteti huzurida Oliy muhandislik pedagogikasi institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. ToshDU huzuridagi Oliy pedagogika instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
malaka oshirish hamda respublika oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari ijtimoiy va tabiiy ixtisosliklaridagi professor-o‘qituvchilar tarkibining kasb mahoratini takomillashtirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy ishlarni amalga oshirish;
ilmiy, o‘quv-uslubiy va tarbiyaviy ishlarning ilg‘or usullarini o‘rganish, umumlashtirish va yoyish;
mustaqil O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatini tushuntirish;
ijtimoiy va tabiiy fanlar sohasidagi eng yangi bilimlar asosida o‘qituvchilar va tinglovchilar uchun o‘quv-uslubiy adabiyot va tematik to‘plamlar chiqarish;
ToshDTU huzuridagi Oliy muhandislik pedagogikasi instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin;
tarmoq muhandis-texnik xodimlarining (shartnoma asosida), texnika oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini hisobga olgan holda tinglovchilarning kasb mahoratini takomillashtirish, maxsus fanlar sohasida bilimlarni, o‘qitishning faol usullari va texnologiyalarini, oliy va o‘rta maxsus maktab pedagogikasi va psixologiyasini, umumiy madaniyatni, tarbiya va informatika usullarini chuqurlashtirish va yangilash;
ilg‘or tajribani to‘plash, tahlil qilish, umumlashtirish va yoyish bo‘yicha o‘quv-uslubiy ishlarni amalga oshirish;
fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini targ‘ib qilish;
o‘quv-uslubiy adabiyot, o‘qituvchilarga va tinglovchilarga yordam tariqasida tematik to‘plamlar chiqarish.
3. Belgilab qo‘yilsinki, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari 2-3 yilda kamida bir marta, vazirliklarning tasdiqlangan jadvali bo‘yicha, malaka oshirish tizimi o‘quv yurtlarida, ixtisoslikka bog‘liq ravishda, 3 oygacha bo‘lgan muddat bilan vaqt-vaqti bilan o‘qishlari majburdirlar.
Malaka oshirish muddati va natijalari pedagog xodimlar bilan kontrakt (shartnoma)lar tuzishda (qayta tuzishda) hisobga olinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 1 oy muddatda:
tashkil etilgan institutlarning maqomi va faoliyati to‘g‘risidagi Nizomni, ularning tuzilmasi va shtatlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Belgilab qo‘yilsinki, qayd qilib o‘tilgan institutlar professor-o‘qituvchilar tarkibining soni bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan tinglovchilarning o‘rtacha yillik kontingenti mazkur ixtisos bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari uchun belgilanadigan me’yorlardan 25 foiz kam bo‘lishi kerakligidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda professor-o‘qituvchilar tarkibining mutaxassisliklar bo‘yicha malakasini oshirishning 1993—1998-yillarga mo‘ljallangan jadvalini tayyorlasin;
oliy pedagogika va oliy muhandislik pedagogikasi institutlarining moddiy negizini yangilash va mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq hamda shartnoma bo‘yicha tushuvchi mablag‘larni hisobga olgan holda Oliy muhandislik pedagogikasi instituti faoliyatini amalga oshirishga va uning xarajatlariga zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin.
6. Toshkent davlat universiteti huzuridagi Oliy pedagogika instituti Amir Temur ko‘chasidagi 60-A-uyga va Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oliy muhandislik pedagogikasi instituti Talabalar shaharchasi, Talabalar ko‘chasi, 91-uyga joylashtirilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 19-iyundagi 294-son qarorining Amir Temur ko‘chasidagi 60-A-uydagi ToshDU huzuridagi sobiq malaka oshirish instituti egallab kelgan binoni Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazishga oid 2-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari o‘rtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 5-iyun,
270-son