|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
OLIY MAJLISNING INSON HUQUQLARI BO‘YICHA VAKILI (OMBUDSMAN) TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi O‘RQ-1002-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 27-avgustdagi “Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
1-modda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili* — mansabdor shaxs bo‘lib, unga O‘zbekiston Respublikasida davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar** tomonidan inson huquqlari to‘g‘risidagi amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishining samaradorligi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatlari berilgan.
* Bundan buyon matnda “Vakil” deb yuritiladi.
** Bundan buyon matnda “tashkilotlar va mansabdor shaxslar” deb yuritiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakil instituti inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari va vositalarini to‘ldiradi. Vakil O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ularni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, fuqarolarning inson huquqlari sohasidagi ijtimoiy ongini oshirishga ko‘maklashadi.
2-modda.
Vakil o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, boshqa qonun hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, shuningdek xalqaro huquqning umum e’tirof etgan prinsiplari va normalariga asoslanadi.
Vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisob beradi.
3-modda.
Vakil Oliy Majlis tomonidan deputatlar orasidan Oliy Majlisning vakolatlari muddatiga saylanadi. Oliy Majlisning vakolatlari muddati tugagach, Vakil yangi Vakil saylanguniga qadar o‘z vazifalarini bajarib turadi.
Vakilning Oliy Majlis tomonidan saylanadigan o‘rinbosari bo‘ladi. Vakil o‘rinbosariga Vakil uchun belgilangan huquqlar va kafolatlar tatbiq etiladi.
4-modda.
Vakil faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, adolatparvarlik, demokratizm, insonparvarlik, oshkoralik, har bir kishi uchun ochiqlikdir.
5-modda.
Vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati bo‘lib, qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir.
6-modda.
Vakil har yili Oliy Majlisga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etadi va u “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi”da e’lon qilinadi.
Vakil inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining yillik ma’ruzalarini tayyorlashda ishtirok etadi.
7-modda.
Vakil o‘z vakolatlarini bajarish muddati davomida siyosiy partiyaga a’zolikni yoki unda ishtirok etishni to‘xtatib turishi yoxud butunlay to‘xtatishi shart. Vakil haq to‘lanadigan biror-bir boshqa lavozimni egallashi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas. O‘qituvchilik, ilmiy va ijodiy faoliyat bundan mustasno.
8-modda.
Vakil Oliy Majlis tomonidan quyidagi hollarda lavozimidan muddatidan oldin ozod qilinishi mumkin:
o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida ariza berganida;
salomatligi jiddiy ravishda buzilgan va bu tibbiyot guvohnomasi bilan tasdiqlanganda;
uning deputatlik vakolatlari to‘xtatilganda;
sudning unga nisbatan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda.
9-modda.
Vakil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida yashab turgan ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoki harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.
Vakil uchinchi shaxslar, shu jumladan jamoat birlashmalarining aniq bir kishi yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi, buning uchun ularning roziligi bo‘lishi shart.
Vakil sudning vakolatiga taalluqli bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqmaydi.
10-modda.
Vakil arizachining o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ma’lum bo‘lib qolgan paytdan boshlab yoki agar arizachi o‘z huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qoniqmagan bo‘lsa, o‘z shikoyati bo‘yicha qabul qilingan oxirgi qarordan xabar topgan paytdan boshlab, bir yil davomida bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi.
11-modda.
Vakilga berilgan shikoyatda arizachining familiyasi, ismi, otasining ismi va uning manzili, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilishi, arizachining fikricha uning huquqlari buzilishiga olib kelgan harakatlar yoki harakatsizlik mohiyati bayon etilishi zarur. Shikoyatga arizachining talablarini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa guvohnomalar ilova qilinadi.
Vakilga berilgan shikoyat uchun davlat boji olinmaydi.
12-modda.
Vakil quyidagi huquqlarga ega:
shikoyatni ko‘rib chiqish;
arizachi o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan vositalar va shakllarni ko‘rsatish;
shikoyatni uning mohiyatiga ko‘ra hal qilishga vakolatli bo‘lgan tashkilot yoki mansabdor shaxsga yuborish;
arizachini uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishtirish;
shikoyatni ko‘rib chiqishning sababini albatta ko‘rsatgan holda rad etish;
qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish.
13-modda.
Shikoyatni ko‘rib chiqish, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan hollarni o‘z tashabbusi bilan tekshirish chog‘ida Vakil quyidagi huquqlarga ega:
aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirishda ko‘maklashishni so‘rab tashkilotlar va mansabdor shaxslarga murojaat qilish;
aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirish uchun tashkilotlarning vakillari va mansabdor shaxslarni taklif etish. Tekshiruv o‘tkazishni harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilot yoki mansabdor shaxsga topshirish mumkin emas;
tashkilotlarga va mansabdor shaxslar huzuriga bemalol kirish;
tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, materiallar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish;
tashkilotlar va mutaxassislarga aniqlanishi zarur bo‘lgan masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlashni topshirish;
tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalar yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlarda ishtirok etish;
ushlangan yoxud qamoqda saqlanayotgan shaxs bilan uchrashish va suhbatlar o‘tkazish;
harakatlarida inson huquqlari va erkinliklarini buzish hollari aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida xat bilan tegishli organlarga murojaat etish.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan holatlarni tekshirish chog‘ida ma’lum bo‘lib qolgan arizachining va boshqa shaxslarning xususiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar ularning roziligisiz oshkor qilinishi mumkin emas.
14-modda.
Mansabdor shaxslar Vakil so‘ragan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar, materiallar va boshqa ma’lumotlarni taqdim etishlari shart.
Vakil o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning, jamoat birlashmalarining rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari tomonidan kechiktirmasdan qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Faoliyati davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlar bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilotlar, muassasalar va korxonalarga Vakilning kirish tartibi, shuningdek Vakilga davlat siri yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirdan iborat bo‘lgan axborotni taqdim etish O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Vakilning vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
15-modda.
Vakil shikoyatni tekshirish natijalariga binoan:
arizachiga ko‘rib chiqish natijalarini ma’lum qilishi;
harakatlari yoki harakatsizligida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi aniqlangan tashkilot yoki mansabdor shaxsga buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan tavsiyalar bayon etilgan o‘z xulosasini yuborishi shart. Bunda Vakilning xulosasini olgan tashkilot yoki mansabdor shaxs uni ko‘rib chiqishi va bir oydan kechiktirmay asosli javob yuborishi shart.
16-modda.
Vakilning xulosasida quyidagi tavsiyalar nazarda tutilishi mumkin:
ish tashkilot yoki mansabdor shaxs tomonidan oxiriga yetkazilishi zarurligi;
tashkilot yoki mansabdor shaxsning qarori o‘zgartirilishi yoxud bekor qilinishi kerakligi;
tashkilot yoki mansabdor shaxsning qarori asoslanishi zarurligi;
tashkilot yoki mansabdor shaxs qo‘shimcha qaror qabul qilishi lozimligi.
Vakilning xulosasida boshqa tavsiyalar ham ifodalanishi mumkin.
17-modda.
Vakil Oliy Majlisning, sessiyalar oralig‘idagi davrda esa, Oliy Majlis Kengashining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Oliy Majlis Vakiliga nisbatan jinoiy ish faqat O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Vakilni majburiy tarzda olib kelish, ushlab turish, shuningdek uning shaxsiy buyumlari, yuki, transporti, turar joyi yoki xizmat xonalarini ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
18-modda.
Vakilga shikoyat bergan shaxs, shuningdek Vakil tomonidan axborot to‘plash va uni tahlil etish yoki ekspert bahosi berish topshirilgan shaxslar bu harakatlari uchun ta’qib ostiga olinishi yoki boshqa tarzda huquqlari cheklanishi mumkin emas.
19-modda.
Vakilning zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan uning faoliyatiga ko‘maklashish uchun Oliy Majlisning Vakili raisligida Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya tuziladi.
Komissiya o‘z faoliyatida Oliy Majlisning Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Reglamentga asoslanadi.
Vakil Komissiya a’zosini o‘z vakili etib tayinlashi mumkin.
20-modda.
Vakilning faoliyatini ta’minlash uchun Kotibiyat tuzilishi mumkin, ushbu Kotibiyat haqidagi nizom Vakil tomonidan tasdiqlanadi.
Vakil davlat gerbi tasviri tushirilgan o‘z muhriga ega bo‘ladi.
Vakilning faoliyatini moddiy va boshqa jihatlardan ta’minlash davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
24-aprel 1997-y.,
392-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., № 4-5, 102-modda)