Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida” yil 3-fevraldagi PQ-2756-son qaroriga asosan 2017-yilda Xorazm viloyati Urganch tumanida 358 ta paxtachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklarining 1247 ta konturidagi 9300 gektar maydoniga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 25800 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan nazorat oʻrnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi natijasida shartnoma rejasi 94,4 foizga bajarilgan yoki 1451 tonna paxta xom ashyosi kam topshirilishi sababli 1,9 mlrd.soʻm daromad olinmay qolgan.
Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablari oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab doirasida yoʻlga qoʻyilmaganligi natijasida:
birinchidan, gʻoʻzani ball boniteti past (38 — 44), suv bilan yetarli taʼminlanmagan va kam hosilli (19 — 22 s/ga) yerga joylashtirilishi oqibatida 648 gektar maydonlarning har gektaridan oʻrtacha atigi 20 sentnerdan hosil olingan va har gektar hisobida 1,75 mln.soʻmdan daromad olinmay qolgan;
ikkinchidan, joriy yilda gʻoʻza zararkunandalari va hasharotlariga qarshi maxsus kimyoviy vositalar zaxirasi toʻliq yaratilishiga qaramasdan 56 ta fermer xoʻjaliklarining 270 gektar maydonida oʻrgimchakkana va 150 gektar maydonida koʻsak qurti tarqalib, ularga qarshi kurash choralarini qoʻllashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilganligi sababli 120,7 tonna paxta hosili yoʻqotilgan;
uchinchidan, fermer xoʻjaliklari balansidagi 163 ta nasoslardan sugʻoriladigan 352 ta fermer xoʻjaliklarining 91 tasiga mavsumda yetarli darajada suv bilan taʼminlab berilmaganligi sababli 603 tonna, ichki ariqlarda 26,1 km. uzunliqdagi lotoklarning buzilishi natijasida 33 ta fermer xoʻjaliklarida 400 tonna — jami 1003 tonna rejadagi hosil yetishtirilmagan;
toʻrtinchidan, tumanda mavjud qishloq xoʻjalik texnikalarining 37 tasi taʼmirtalab, haydov traktorlarining 20 foizi eskirganligi sababli 1780 gektar maydonni shudgorlash sifatsiz va sayoz oʻtkazilgan, 5 ta fermer xoʻjaliklarida kultivatorlarning yetishmasligi agrotexnika tadbirlarining kechikishiga olib kelgan.
Yuqoridagi kabi qoʻpol agrotexnik xatoliklardan toʻgʻri xulosa chiqarish va 2018-yilda yerdan unumli foydalanishda sektor rahbarlari, mutasaddilar, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlarining masʼuliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorazm viloyati Urganch tumanida:
paxta yetishtirish va uni yigʻib-terib olishdagi jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, gʻoʻza parvarishida agrotexnika tadbirlarini belgilangan muddatda sifatli oʻtkazilmaganligi uchun Xorazm viloyati Urganch tumani hokimi O. Bekchanovga “hayfsan” eʼlon qilinsin;
paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida debitor va kreditor qarzdorliklarning oʻsishiga yoʻl qoʻyganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari B. Atajanov ogohlantirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasiga tegishli ravishda boʻyicha bir oy muddatda tuman prokurori, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻiga nisbatan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida mavjud boʻlgan debitor va kreditor qarzdorliklarni undirilishi boʻyicha 4 ta sektor rahbarlari oʻrnatilgan tartibda zarur choralarni koʻrsinlar.
4. Quyidagilar:
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanidagi fermer xoʻjaliklariga yangi qishloq xoʻjaligi texnikalari va mexanizmlarini yetkazib berishning 2018-2019-yillarga moʻljallangan prognoz rejasi 2-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida barcha toifadagi fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini undirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqaridagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam harajatli dala shiyponlari, issiqxonalar qurish, parranda, sogʻin sigirlar hamda asalari boqishni tashkil etish prognoz rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2018-yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta va gʻalla ekinlari ekiladigan yer maydonlari konturlarining dala chetlari hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar chetlariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz rejasi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2018-yilda boshoqli don ekinlaridan boʻshagan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyati boshqarmasiga fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi va taʼminotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda 15 kun muddatda Urganch tumanida tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarning samarali joylashtirilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda fermer xoʻjaliklari rahbarlari uchun yilda fermer xoʻjaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan joriy yilning mart oyida seminarlar oʻtkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror ijrosi boʻyicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanishi hamda Xorazm viloyati hokimligi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayevga axborot berib borishi belgilab qoʻyilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev hamda Xorazm viloyati hokimi I.M. Sobirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-mart,
153-son