Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.04.2021
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi PLENUMIning
QarorI
Appelatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 16-sonli Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) amalga kiritilganligi va sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, shuningdek, ishlarni apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rishda IPK normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari va ajrimlarini apellatsiya hamda kassatsiya instansiyasi sudlarida qayta ko‘rish ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati bo‘lib, birinchi instansiya sudining xatolarini bartaraf etish imkonini beradi.
2. IPK 259-moddasiga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati, prokuror esa, apellatsiya protesti berishga haqlidir.
Aynan shu shaxslar qonuniy kuchga kirgan, apellatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati, prokuror esa, kassatsiya protesti berishga haqlidir (IPK 282-moddasining birinchi qismi).
Iqtisodiy sudlarga (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi) tushuntirilsinki, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilingan shaxsning (shu jumladan, jismoniy shaxsning) apellatsiya, kassatsiya shikoyatini ko‘rishda, bunday shaxs IPK 42-moddasida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadi.
3. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori ustidan nafaqat to‘liq, balki uning bir qismiga nisbatan ham berilishi mumkin. Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismi ham, xulosa qismi ham shikoyat (protest) berishning mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin.
IPK 259-moddasining birinchi qismi va 282-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar IPK 189-moddasiga muvofiq, qabul qilingan qo‘shimcha hal qiluv qaroriga ham apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) berishga haqlidir. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, qo‘shimcha hal qiluv qarori ustidan apellatsiya (kassatsiya) shikoyati (protesti) berish muddati asosiy hal qiluv qarori qabul qilingan (qonuniy kuchga kirgan) kundan hisoblanadi.
4. Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, garchi shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish uchun asoslar mavjud bo‘lsa-da, hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
Birinchi instansiya sudi tomonidan shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish to‘g‘risidagi masalani hal etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Birinchi instansiya sudiga shikoyatga aloqador qo‘shimcha hujjatlar yoki boshqa shaxslar tomonidan yangi shikoyat berilgan taqdirda, ular ham apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuboriladi.
Agar apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarorini tushuntirish, hal qiluv qarorida yo‘l qo‘yilgan xatolarni, harfiy xatolarni va hisob-kitobdagi yanglishishlarni tuzatish, sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etish, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar bo‘yicha sud majlisi tayinlangandan keyin kelib tushsa, birinchi instansiya sudi bunday ariza bo‘yicha ish yuritishni IPK 101-moddasining 1-bandiga mos holda to‘xtatib qo‘yadi, ishni esa shikoyat (protest) bilan birga apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuboradi.
5. Umumiy qoidaga ko‘ra, hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) u birinchi instansiya sudi tomonidan qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi mumkin. Shu bilan birga shuni inobatga olish lozimki, sudning soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi, huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) u qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida beriladi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) har qanday ish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin bir oy ichida berilishi mumkin.
Sudlarga tushuntirilsinki, apellatsiya tartibida shikoyat qilish (protest berish) muddatini hisoblash hal qiluv qarori qabul qilingan sanadan keyingi kundan, kassatsiya tartibida shikoyat qilish (protest berish) muddati esa, hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan sanadan keyingi kundan boshlanadi.
6. IPK 262-moddasining uchinchi qismi va 285-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, apellatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tkazib yuborilgan taqdirda, u shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra, tegishli ravishda apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan tiklanishi mumkin.
Iltimosnomada shikoyatni (protestni) bergan shaxs havola etayotgan muddatning o‘tkazib yuborilishi sabablari ko‘rsatilishi va asoslantirilishi lozim. Iltimosnoma shikoyat (protest) matnida yoki alohida arizada bayon etilishi mumkin va shikoyat (protest) bilan bir vaqtda berilishi lozim.
Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, agar o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma shikoyat (protest) qaytarilgunga qadar berilgan bo‘lsa, u shikoyat (protest) bilan birga berilgan hisoblanadi.
Sudlarga tushuntirilsinki, IPK 262-moddasining uchinchi qismi va 285-moddasining ikkinchi qismida apellatsiya, kassatsiya shikoyati berish muddatini tiklash to‘g‘risida iltimosnoma berish uchun belgilangan ikki oylik hamda olti oylik muddat qat’iy hisoblanadi va ushbu muddat o‘tkazib yuborilganidan keyin berilgan bunday muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma rad etilishi, muddati o‘tkazib berilgan apellatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilish esa, IPK 268-moddasi birinchi qismining 4-bandi va 291-moddasi birinchi qismining 4-bandiga asosan rad etilishi lozim. Apellatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash to‘g‘risida iltimosnoma mavjud bo‘lmagan taqdirda ham bunday shikoyatni (protestni) qabul qilish shu asoslar bilan rad etiladi.
Agar apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) qonunda belgilangan muddat o‘tganidan keyin berilgan va u xatoga yo‘l qo‘yilib ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, apellatsiya, kassatsiya shikoyati bo‘yicha ish yuritish IPK 273-moddasi birinchi qismining 1-bandi hamda 296-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
7. Apellatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi. Muddat o‘tkazib yuborilganligining uzrli sabablari sifatida sudga bunday shikoyat (protest) bilan o‘z vaqtida murojaat qilishga obyektiv ravishda to‘sqinlik qilgan holatlar hisoblanishi mumkin.
Apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati tiklanishi sabablari haqida shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
8. Apellatsiya, kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni, tegishlicha, IPK 263 va 286-moddalari talablariga mos bo‘lishi kerak.
Apellatsiya, kassatsiya shikoyati uni berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan shikoyatga uning sud hujjati ustidan shikoyat qilish vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma yoxud boshqa hujjat ilova qilinadi.
Agar shikoyatni qabul qilishda sudyada uni imzolagan shaxsda ta’sis hujjatlariga muvofiq shikoyatni imzolash huquqi borligi borasida shubha tug‘ilsa, sudya apellatsiya, kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qiladi va arizachiga uning shikoyatni imzolashga vakolatini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishni taklif qiladi. Shikoyatni imzolash vakolatini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmaganda, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyatni IPK 272-moddasining birinchi qismi, 295-moddasining birinchi qismiga asosan ko‘rmasdan qoldiradi.
9. Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, apellatsiya, kassatsiya shikoyatiga davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari ilova qilinishi kerak, to‘lov elektron tarzda amalga oshirilgan hollar bundan mustasno.
Shikoyatga (protestga) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) va unga ilova qilingan, ularda mavjud bo‘lmagan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari yuborilganligi yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinishi kerak.
Qayd etilgan talablarga rioya etmaslik, shikoyatni (protestni) IPK 269-moddasi birinchi qismining 2 va 3-bandlariga, 292-moddasi birinchi qismining 3 va 4-bandlariga asosan qaytarish uchun asos bo‘ladi.
10. Sudlar shuni e’tiborga olishi kerakki, IPK 269-moddasining birinchi qismi va 292-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan apellatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish asoslarining ro‘yxati tugal bo‘lib, uni kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
11. Sudlar da’vo arizasini qabul qilishni rad etish yoki uni qaytarish to‘g‘risidagi ajrim ustidan berilgan shikoyatga (protestga) qaytarilgan da’vo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlar, apellatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish yoki uni qaytarish to‘g‘risidagi ajrim ustidan berilgan kassatsiya shikoyatiga (protestiga) esa, qaytarilgan apellatsiya shikoyati (protesti) va unga ilova qilingan hujjatlar ilova qilinishi kerakligiga e’tibor qaratishi kerak.
Ushbu talablarga rioya qilmaslik shikoyatni (protestni) qaytarish uchun asos bo‘lmaydi. Bunday holda sudya shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qiladi va arizachiga ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etishni taklif qiladi.
12. Apellatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish, qaytarish to‘g‘risidagi masala shikoyat (protest) ish bilan birga sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay sudya tomonidan yakka tartibda hal qilinadi (IPK 266-moddasining birinchi qismi, 289-moddasining birinchi qismi).
Apellatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqarilganda, ajrimning ko‘chirma nusxasi shikoyat (protest) va ilova qilingan hujjatlar bilan birga shikoyatni (protestni) bergan shaxsga yuboriladi. Shikoyatning (protestning) ko‘chirma nusxasi ishga qo‘shib qo‘yiladi.
13. IPKda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya qilingan holda berilgan shikoyat (protest) apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining ish yurituviga qabul qilinadi. Shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda shikoyatni (protestni) ko‘rish bo‘yicha sud majlisini o‘tkazish vaqti va joyi ko‘rsatiladi.
Ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, protestni bergan prokurorga, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan, shikoyat bergan shaxsga yuboriladi.
14. Shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinganidan keyingi barcha sud hujjatlari hay’atda qabul qilinadi.
15. Sudlarga tushuntirilsinki, IPK 50-moddasining birinchi qismiga muvofiq, davlat organlari va boshqa shaxslar (masalan, Savdo-sanoat palatasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari va sh.k.) faqat da’vo ular tomonidan berilgan holdagina sud hujjati ustidan apellatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin.
Ular tomonidan bunday shikoyat berilgan boshqa hollarda, uni qabul qilish IPK 268-moddasi birinchi qismining 1-bandi, 291-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi.
16. Shikoyat (protest) qonun hujjatlariga muvofiq apellatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest berilishi) mumkin bo‘lmagan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa, shikoyatni (protestni) qabul qilish IPK 268-moddasi birinchi qismining 2-bandi, 291-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan rad etiladi.
IPKga ko‘ra, sudya, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi, tarjimonni rad qilish va o‘zini o‘zi rad qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rish natijalari (IPK 23-moddasi); ishni boshqa iqtisodiy sudga tegishliligi bo‘yicha o‘tkazish (IPK 39-moddasi); ishga daxldor bo‘lmagan javobgarni almashtirish (IPK 45-moddasi); ishda ishtirok etishga uchinchi shaxslarni jalb qilish (IPK 47, 48-moddalari); mutaxassisni sud majlisida ishtirok etish uchun jalb qilish (IPK 57-moddasi); dalillarni talab qilib olish va ularni turgan joyida ko‘zdan kechirish (IPK 69, 70-moddalari); ashyoviy dalillarni qaytarish (IPK 79-moddasi); ekspertiza tayinlash yoki ekspertiza tayinlash haqidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish (IPK 80-moddasi); sud topshirig‘i (IPK 91-moddasi); sud topshirig‘ining ijrosi (IPK 92-moddasi); ish yuritishni tiklash (IPK 106-moddasi); protsessual muddatlarni tiklash (IPK 123-moddasi); protsessual muddatni uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish (IPK 124-modda); kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish (IPK 134-moddasi); sud buyrug‘ini bekor qilish (IPK 147-moddasi); da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish (IPK 153-moddasi); da’voning asosini yoki predmetini o‘zgartirishni, da’vo talablari miqdorini ko‘paytirishni yoki kamaytirishni, da’vogarning da’vodan to‘liq yoki qisman voz kechishini qabul qilish haqida yoxud qabul qilishni rad etish (IPK 157-moddasi); ishlarni birlashtirish (IPK 158-moddasi); talablarning bir qismini alohida ish yuritishga ajratish (IPK 159-moddasi); qarshi da’voni qabul qilish (IPK 161-moddasi); ishni sud muhokamasiga tayyorlash (IPK 162-moddasi); ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomalarini hal etish (IPK 169-moddasi); sud muhokamasini keyinga qoldirish (IPK 171-moddasi); qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilishni rad etish (IPK 189-moddasi); qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani ish yuritishga qabul qilish (IPK 330-moddasi) haqidagi ajrimlar, shuningdek, sud buyrug‘i (IPK 143-moddasi) va ijro varaqasi (IPK 336-moddasi) ustidan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat (protest) qilinmasligi inobatga olinishi lozim.
17. Shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati tiklanishi rad etilganligi sababli (IPK 268-moddasi birinchi qismining 4-bandi, 291-moddasi birinchi qismining 4-bandi) uni qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimda o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash nima sababdan rad etilganligi asoslantirib berilishi, ajrimning xulosa qismida esa, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilganligi ko‘rsatilishi kerak.
Shikoyatni ish yuritishga qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimda, shuningdek, shikoyatni berishda to‘langan davlat bojining qaytarilishi va bu to‘g‘risida ma’lumotnoma berilishi ko‘rsatilishi lozim.
18. Sudlarga tushuntirilsinki, shikoyatda uni imzolagan shaxsning familiyasi to‘liq, ismi yoki ismi va otasining ismining bosh harflari ko‘rsatilgan bo‘lsa, shikoyatni IPK 269-moddasi birinchi qismining 1-bandiga hamda 292-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qaytarish, agar shikoyat ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, uni IPK 272-moddasining birinchi qismi hamda 295-moddasining birinchi qismiga asosan ko‘rmasdan qoldirish uchun asos bo‘lmaydi.
Apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi mumkin. Shikoyatdagi (protestdagi) elektron raqamli imzo ayni bir vaqtning o‘zida qo‘lda qo‘yilgan imzo bilan bir xil ahamiyatga egadir.
Bunda sudlarning e’tibori elektron raqamli imzoning haqiqiyligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining axborot tizimida tasdiqlanishiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining axborot tizimida elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlanmaganligi shikoyatni (protestni) imzolanmagan deb baholash uchun asos bo‘lishiga qaratilsin.
19. IPK talablariga ko‘ra, agar shikoyat (protest) hal qiluv qarorini qabul qilgan sudni chetlab o‘tgan holda yuborilgan bo‘lsa, shikoyat (protest) apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaytariladi. Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, agar shikoyat (protest) qayd etilgan asos bilan qaytarilsa, sud ajrimida shikoyat (protest) hal qiluv qarorini qabul qilgan sud orqali berilishi lozimligi ko‘rsatilishi kerak.
20. Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, agar shikoyatni (protestni) qaytarish uchun bir nechta asoslar mavjud bo‘lsa, sud ajrimida ushbu asoslarning har biri ko‘rsatib o‘tilishi va ular bartaraf etilgach, shikoyatni (protestni) bergan shaxs apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli ekanligi ko‘rsatilishi kerak.
21. Sudlarga tushuntirilsinki, apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikr IPK 270-moddasining birinchi qismi va 293-moddasining birinchi qismida belgilangan muddat o‘tganidan keyin, ammo shikoyat (protest) bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingunga qadar berilgan bo‘lsa, ushbu yozma fikr qabul qilinishi va unga tegishli baho berilishi lozim.
22. Apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari hal qiluv qarorining ijrosini to‘xtatib turish haqida IPK 271-moddasining birinchi qismi va 294-moddasining birinchi qismiga muvofiq, berilgan iltimosnomani muhokama qilishda ish holatlarini va iltimosnomada keltirilgan vajlarni o‘rganishi lozim. Agar sud arizachining vajlarini asosliligi haqida xulosaga kelsa, u bunday iltimosnomani qanoatlantirishga haqli.
Sud hujjatining ijrosi apellatsiya, kassatsiya instansiyasida ish yuritish tamomlanguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin. Bunday holda sudlar shuni inobatga olishi lozimki, shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish natijasida hal qiluv qarori kuchida qoldirilgan bo‘lsa, uning ijrosini davom ettirish (tiklash) yuzasidan alohida hujjat qabul qilinmaydi.
23. Apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida IPK 101 va 102-moddalarida nazarda tutilgan ish yuritishni to‘xtatib turish haqidagi qoidalar qo‘llaniladi.
Bunda sudlar shuni e’tiborga olishi lozimki, IPK 101-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganida sud ish yuritishni to‘xtatib turishga majbur. IPK 102-moddasida qayd etilgan asoslar mavjud bo‘lganida esa, ish yuritishni to‘xtatib turish masalasi sud tomonidan ishning muayyan holatlaridan kelib chiqib hal etiladi. IPK 101-moddasi birinchi qismining 1-bandida belgilangan normani qo‘llashda shuni nazarda tutish kerakki, sud ish yuritishni ushbu ishni konstitutsiyaviy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat yoki ma’muriy sud ishlarini yuritish tartibida ko‘rilayotgan boshqa ish yoki masala bo‘yicha qarop qabul qilingunga qadar ko‘rish mumkin bo‘lmagan holda to‘xtatib turishga majbur. Ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lsa-da, ular ishni ko‘rishga to‘sqinlik qilmasa, ish bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish mumkin emas.
24. Shikoyatdan (protestdan) voz kechilganda apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritish tugatiladi.
Protest chaqirib olinganligi munosabati bilan u bo‘yicha ish yuritish tugatilganligi ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni qonunda belgilangan muddatlarda apellatsiya, kassatsiya shikoyati berish huquqidan mahrum qilmaydi.
25. Sudlar shuni e’tiborga olishi lozimki, agar ishda taraf bo‘lgan yuridik shaxs apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sud hujjati qabul qilinguniga qadar tugatilgan bo‘lsa, shikoyat (protest) bo‘yicha ish yuritish IPK 273-moddasi birinchi qismining 6-bandi va 296-moddasi birinchi qismining 6-bandiga asosan tugatiladi.
Agar ishni apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rish jarayonida ishda taraf bo‘lgan yuridik shaxs birinchi instansiya sudi tomonidan sud hujjati qabul qilinguniga qadar tugatilganligi aniqlansa, ushbu asos bilan shikoyat (protest) bo‘yicha ish yuritishni tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday holda sud hujjati bekor qilinadi va ish yuritish IPK 110-moddasining 4-bandiga asosan tugatiladi.
26. IPK 273-moddasining ikkinchi qismi va 296-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar apellatsiya, kassatsiya shikoyatida (protestida) birinchi instansiya sudi tomonidan ko‘rib chiqish predmeti bo‘lmagan yangi talablar bildirilgan bo‘lsa, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi shikoyatning (protestning) bu talablarga taalluqli qismi bo‘yicha ish yuritishni tugatadi.
Bunda yangi talablar deganda, birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilmagan moddiy-huquqiy talablar, shuningdek, birinchi instansiya sudida ishni ko‘rishda ishtirok etmagan shaxsga nisbatan bildirilgan talablar tushuniladi.
27. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida IPK 34 va 35-boblarida belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda birinchi instansiya sudida ishni ko‘rish qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqadi.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida, jumladan, boshqa javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb qilish (IPK 44-moddasi), ishga daxldor bo‘lmagan javobgarni almashtirish (IPK 45-moddasi), uchinchi shaxslarni ishda ishtirok etishga jalb qilish (IPK 47, 48-moddalari), da’voning asosi yoki predmetini o‘zgartirish, da’vo talablari miqdorini o‘zgartirish (IPK 157-moddasi), ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish (IPK 158-moddasi), talablarni bir qismini alohida ish yuritishga ajratish (IPK 159-moddasi), qarshi da’voni taqdim etish (IPK 161-moddasi), shuningdek, qonunda faqat birinchi instansiya sudida ishni ko‘rish uchun belgilangan boshqa qoidalar qo‘llanilmaydi.
28. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining majlisiga sud muhokamasini o‘tkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, shikoyatni (protestni) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
Jamiyat yoki davlat manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atilgan ishlar bo‘yicha sud majlisida prokurorning ishtiroki shartligidan kelib chiqib, bunday ishlar bo‘yicha sud majlisini o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risidagi sud ajrimi qonunda belgilangan tartibda prokurorga yuborilishi lozim.
29. Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) IPK 277-moddasining birinchi qismi va 300-moddasining birinchi qismida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi lozim.
Alohida hollarda apellatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish muddati sud raisi tomonidan ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.
IPK 171-moddasi talabidan kelib chiqib, ushbu normada belgilangan asoslar mavjud bo‘lgan hollardagina, apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha sud muhokamasi o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga qoldirilishi mumkin.
Shuni e’tiborga olish lozimki, sud muhokamasini keyinga qoldirishlar soni uch martadan oshmasligi lozim.
30. Sudlar IPK 278-moddasining 5-bandi va 301-moddasining 3-bandi normalarini qo‘llashda shuni inobatga olishi lozimki, hal qiluv qarori ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida qabul qilingan bo‘lsagina, ushbu normada ko‘rsatilgan asos bilan ishni yangidan ko‘rish uchun yuborish mumkin.
31. Sudning hal qiluv qarorini o‘zgartirish deganda, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi va (yoki) xulosa qismiga o‘zgartirishlar kiritish tushuniladi.
Yangi qaror deganda, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan taraflarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida sudning xulosasini jiddiy o‘zgartiradigan qaror qabul qilinishi tushuniladi.
32. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish asoslari IPK 279 va 302-moddalarida belgilanganligiga e’tibor qaratishi lozim. Bunda sudlar shuni inobatga olishi lozimki, birinchi instansiya sudi tomonidan o‘z kuchini yo‘qotgan qonun hujjatlarining qo‘llanilganligi ham moddiy huquq normalarining noto‘g‘ri qo‘llanilishi deb baholanadi.
Shu bilan birga nazarda tutish kerakki, ayrim qonun hujjatlarida munosabatlar vujudga kelgan paytda amalda bo‘lgan qonun hujjatlari qo‘llanilishi nazarda tutilishi mumkin.
Bunday holda sud tomonidan o‘z kuchini yo‘qotgan yoki o‘zgartirilgan qonun hujjatlari qo‘llanilganligi moddiy huquq normalarini noto‘g‘ri qo‘llash hisoblanmaydi.
33. Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining qarori IPK 280 va 303-moddalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudining qarorida shikoyatda (protestda) bayon qilingan har bir vajga baho berilishi kerak.
Agar ijro etilmagan sud hujjati bekor qilinib yoki o‘zgartirilib, da’voni to‘liq yoki qisman rad etish to‘g‘risida yangi sud hujjati qabul qilinsa yoki ish yuritish tugatilsa yoxud da’vo ko‘rmasdan qoldirilsa, apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida bekor qilingan yoki tegishli qismi o‘zgartirilgan sud hujjati bo‘yicha undiruv to‘liq yoki qisman bekor qilinishi ko‘rsatiladi.
34. Apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari shuni inobatga olishi lozimki, birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan apellatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berish va ko‘rish sudning hal qiluv qarori ustidan apellatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) berish va ko‘rish uchun IPK 34 va 35-boblarida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-dekabr,
26-son