|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ko‘chmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish hamda ko‘chmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining plastik shaklda tayyorlanadigan ko‘chmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasini (keyingi o‘rinlarda yangi namunadagi kadastr pasporti deb ataladi):
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida — 2020-yil 1-martdan boshlab;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda esa — 2020 — 2022-yillarda bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilansinki, 2020-yil 1-martdan boshlab Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga o‘tgan, bekor bo‘lgan yoki ko‘chmas mulk obyektining huquqiy holati o‘zgarganligini tasdiqlash yuzasidan murojaat qilinganda, ariza beruvchiga davlat xizmatlari markazlari orqali yangi namunadagi kadastr pasporti beriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:
bir oy muddatda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda yangi namunadagi kadastr pasporti shakli va uning tavsifini tasdiqlasin;
ikki oy muddatda chet el investorlarini jalb etgan holda yangi namunadagi kadastr pasportlarini yetarli miqdorda ishlab chiqarilishini hamda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan davlat xizmatlari markazlariga yetkazib berilishini;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda esa — 2020 — 2022-yillarda bosqichma-bosqich, lekin yangi namunadagi kadastr pasporti berilishidan bir oy oldin davlat xizmatlari markazlariga yetkazib berilishini ta’minlasin;
bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vaxabov hamda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi A.X. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-dekabr,
987-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 09/19/987/4141-son)