Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.01.2005
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNLARINI TAYYORLASh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qabul qiladigan qonunlarni tayyorlash tartibini belgilaydi.
2-modda. Ushbu Qonunning amal qilish sohasi
Ushbu Qonun qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan organlar va shaxslarning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, uning Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshirigʻiga yoki tavsiyasiga binoan yoxud oʻz tashabbusi bilan qonun loyihalari ustida ishlayotgan vazirliklar, idoralar, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalarining faoliyatiga tatbiq etiladi.
3-modda. Qonun loyihalarini tayyorlashning demokratik asoslari
Qonunlar Oʻzbekiston Respublikasi xalqining xohish-irodasini ifoda etishi, turli siyosiy kuchlar, ijtimoiy tabaqalar va jamiyat guruhlari manfaatlarining oʻzaro murosasini taʼminlashi lozim.
Qonun loyihalarini tayyorlash oshkoralik, jamoatchilik fikrini oʻrganish va hisobga olish asosida, Oliy Majlis deputatlarining, partiya fraksiyalarining (bloklarining), davlat organlari va jamoat birlashmalarining ishtirokida amalga oshiriladi. Loyihalarni tayyorlashga ilmiy muassasalar, oʻquv yurtlari, olimlar, xalq xoʻjaligi tegishli tarmoqlarining mutaxassislari va yuridik xizmatlari jalb etiladi.
Qonun loyihalari umumxalq muhokamasiga qoʻyilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qaralsin: Oʻzbekiston Respublikasining “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
4-modda. Oliy Majlis qonun yaratuvchilik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
Oliy Majlis oʻz faoliyatida qonun yaratuvchilik ishining quyidagi asosiy yoʻnalishlari boʻyicha istiqbolga moʻljallangan va joriy rejalar ishlab chiqadi hamda qabul qiladi:
1) inson huquqlariga rioya etilishi hamda demokratik prinsiplarni hayotga yanada kengroq joriy etish;
2) davlat qurilishi;
3) bozor iqtisodiyotini shakllantirish;
4) xalqaro munosabatlarni rivojlantirish.
5-modda. Qonun loyihalarining qonunchilik prinsiplariga va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boʻlishini taʼminlash
Qonun loyihalarini tayyorlash chogʻida qonunchilik tizimi va prinsiplari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hisobga olinadi.
6-modda. Qonun loyihalarining sifatli boʻlishini taʼminlash
Qonun loyihasi ustida ishlayotgan davlat organlari, jamoat birlashmalari va shaxslar loyihaning ushbu Qonun talablariga muvofiq sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlashlari shart.
Qonun loyihasi har tomonlama asoslangan boʻlishi, inson huquqlari ustuvorligi prinsiplaridan kelib chiqishi, jamiyat va davlatning manfaatlarini aks ettirishi kerak.
7-modda. Qonun hujjatlarining samaradorligini oʻrganish
Oliy Majlisning qoʻmitalari va komissiyalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari va idoralari oʻzlariga topshirilgan tarmoqlar yoki boshqaruv sohasida, respublika jamoat birlashmalarining rahbar organlari oʻzlarining ustavlarida belgilangan vazifalarga muvofiq qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotini va uning samaradorligini oʻrganishni tashkil etadilar hamda zarurat boʻlsa, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadilar.
II. QONUN LOYIHALARINI TAYYORLASh IShINI TAShKIL ETISh
8-modda. Oliy Majlis Kengashining loyihalarni tayyorlash borasidagi faoliyati
Oliy Majlis Kengashi:
1) loyihalarni tayyorlash ishining rejalashtirilishini tashkil etadi, rejalar bajarilishi ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi;
2) Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalariga, davlat organlari va jamoat birlashmalariga loyihalarni ishlab chiqish toʻgʻrisida topshiriq hamda tavsiyalar beradi;
3) qonun loyihalariga doir konsepsiyalarni koʻrib chiqadi;
4) qoʻmitalar va komissiyalar, davlat organlari va jamoat birlashmalarining loyihalarni tayyorlashning borishi toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitadi;
5) Oliy Majlis deputatlariga loyihalarni tayyorlash ishida yordam beradi va koʻmaklashadi;
6) zarur hollarda loyihalarni umumxalq muhokamasiga qoʻyadi;
7) loyihalarni dastlabki yoki qoʻshimcha tarzda koʻrib chiqish uchun Oliy Majlisning tegishli qoʻmitalari va komissiyalariga topshiradi;
8) davlat organlari va jamoat birlashmalarining amaldagi qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyoti va uning samaradorligi toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitadi;
9) Oliy Majlis muhokamasiga kiritiladigan qonun loyihalari, ularga doir boshqa zarur materiallar bilan Oliy Majlis deputatlari oʻz vaqtida taʼminlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
10) ushbu Qonunning talablari buzilgan taqdirda, qonun loyihasini uni kiritgan organga qaytaradi;
11) zarur hollarda qonun loyihalarini tayyorlash yuzasidan tanlov eʼlon qiladi.
Oliy Majlis Kengashi loyihalarni tayyorlash ishini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
9-modda. Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining loyihalarni tayyorlash borasidagi faoliyati
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari:
1) oʻz tashabbusi bilan yoki Oliy Majlis, uning Kengashi topshirigʻiga koʻra qonun loyihalarini ishlab chiqadi va ularni Oliy Majlis muhokamasiga kiritadi;
2) loyihalarni tayyorlash yoki dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun maxsus komissiyalar yoki ishchi guruhlari tuzadi;
3) loyihalar yuzasidan tegishli davlat organlari, jamoat birlashmalari va ilmiy muassasalarning fikrini soʻraydi;
4) loyihalar yuzasidan tushgan takliflarni umumlashtiradi va koʻrib chiqadi.
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari loyihalarni tayyorlash ishini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
10-modda. Oliy Majlis deputatining loyihalarni tayyorlash borasidagi faoliyati
Oliy Majlis deputati:
1) Oliy Majlisga, uning Kengashi yoki Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalariga loyihalar ishlab chiqish toʻgʻrisida takliflar kiritishi mumkin;
2) tegishli davlat organlari va jamoat birlashmalariga murojaat qilishga haqlidir, bu organlar va birlashmalar loyihani ishlab chiqishda unga yordam koʻrsatishlari, axborot materiallari va maʼlumotnomalar bilan taʼminlashlari shart;
3) Oliy Majlis yoki uning organlari loyihalar tayyorlash uchun tuzadigan komissiyalar va ishchi guruhlarining ishida qatnashadi;
4) qonun loyihalarini tayyorlash chogʻida saylovchilarning fikrini hisobga oladi.
Oliy Majlis deputati loyihalarni tayyorlash ishini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
11-modda. Vazirlar Mahkamasining loyihalarni tayyorlash borasidagi faoliyati
Vazirlar Mahkamasi:
1) oʻz tashabbusi bilan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis yoki uning Kengashi topshirigʻiga binoan qonun loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni Oliy Majlis muhokamasiga kiritadi;
2) vazirliklar va idoralarga loyihalar tayyorlash toʻgʻrisida topshiriqlar beradi, loyihalarni tayyorlashga doir ishlarni birlashtirib va yoʻnaltirib turadi;
3) qonun loyihalari yuzasidan davlat organlari, jamoat birlashmalari va ilmiy muassasalarning fikrini soʻraydi;
4) Oliy Majlisga loyihani umumxalq muhokamasiga qoʻyish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
5) vazirliklar va idoralarning amaldagi qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyoti va uning samaradorligini oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitadi.
Vazirlar Mahkamasi loyihalarni tayyorlash ishini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining loyihalarni tayyorlash borasidagi faoliyati
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
1) qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
2) yuqori organlarning topshirigʻiga binoan va oʻz tashabbusi bilan qonun loyihalarini tayyorlaydi, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan birgalikda loyihalarni tayyorlashda ishtirok etadi;
3) qonun loyihalarini tayyorlash zaruratiga oid masalalarni davlat boshqaruvi organlari bilan dastlabki tarzda kelishib oladi;
4) Oliy Majlis va uning organlarining yoki Vazirlar Mahkamasining topshiriqlariga muvofiq qonun loyihalari yuzasidan yuridik xulosalar beradi;
5) qonun loyihalarini tayyorlashni amalga oshirayotgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning ishini muvofiqlashtirib boradi;
6) qonun ijodkorligi masalalarida davlat boshqaruvi organlarining faoliyatiga metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
7) Oliy Majlisni, uning organlarini va Vazirlar Mahkamasini qonun loyihalarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan xabardor qiladi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-son Qonuni tahririda — “Xalq soʻzi”, 2004-yil 13-fevral, 31 (3305)-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi loyihalarni tayyorlash ishini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qaralsin: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-avgustdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizom.
III. QONUN LOYIHALARINI TAYYORLASh
13-modda. Loyihalarni tayyorlash boʻyicha komissiyalar yoki ishchi guruhlarini tuzish
Qonun loyihalarini tayyorlash uchun komissiyalar, ishchi va tahrir guruhlari tuzilishi mumkin.
Oliy Majlis, uning Kengashi yoki Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari tuzadigan tayyorlov komissiyalari tarkibiga deputatlar, davlat organlari, jamoat birlashmalari, ilmiy muassasalar, oʻquv yurtlarining vakillari, mutaxassislar va olimlar kiritilishi mumkin.
Qonun loyihasini tayyorlash topshirilgan davlat organi yoki jamoat birlashmasi loyihani ishlab chiqishda ishtirok etayotgan organlarning, boshqa manfaatdor davlat organlari va jamoat birlashmalarining, ilmiy muassasalarning vakillaridan, mutaxassislar va olimlardan iborat komissiya tuzishi mumkin.
Loyiha ustida ish boshlangunga qadar loyihani tayyorlayotgan komissiya yoki organ (organlar) qonunning konsepsiyasini ishlab chiqadi, uning maqsadini, amal qilish sohasini, tarkibiy tuzilishini, qonun hujjatlari tizimidagi oʻrnini aniqlaydi.
Loyihani tayyorlayotgan organning iltimosiga koʻra vazirliklar va idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar loyiha yuzasidan xulosalar beradilar, maslahatlar berish uchun mutaxassislar ajratadilar, zarur materiallarni taqdim etadilar.
14-modda. Loyihani tayyorlash chogʻida qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotini va jamoatchilik fikrini oʻrganish
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari, davlat organlari va jamoat birlashmalari qonun loyihasini tayyorlash chogʻida:
1) loyiha mavzusi boʻyicha amaldagi qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotini oʻrganadilar va hisobga oladilar, jamiyatning huquqiy jihatdan tartibga solishga boʻlgan ehtiyojini, qonun hujjatlarining samaradorligiga taʼsir etuvchi sabablar va shartlarni aniqlaydilar;
2) qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan davlat organlari va jamoat birlashmalarining, mehnat jamoalari va fuqarolarning takliflarini, ommaviy axborot vositalarining materiallarini, ilmiy muassasalar, olimlar va mutaxassislarning takliflarini, shuningdek jamoatchilik fikrini oʻrganuvchi boshqa vositalarning maʼlumotlarini umumlashtiradilar hamda ulardan foydalanadilar;
3) qonun bilan tartibga solish borasida boshqa davlatlar tajribasini hisobga oladilar.
15-modda. Qonun aktining turi
Tartibga solinayotgan munosabatlarning xususiyatiga va oʻziga xos jihatlariga qarab qonun aktining loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining yoki Oliy Majlis qarorining loyihasi tariqasida tayyorlanadi.
16-modda. Loyihani taqriz uchun yuborish
Loyiha uni tayyorlash uchun masʼul boʻlgan organ tomonidan manfaatdor davlat organlari va jamoat birlashmalariga, shuningdek ilmiy muassasalarga va oʻquv yurtlariga taqriz uchun yuborilishi mumkin, ular loyiha yuzasidan oʻz taklif va mulohazalarini maʼlum qiladilar.
Loyihani dastlabki tarzda muhokama etish chogʻida bildirilgan yoki unga doir taqrizlarda bayon etilgan taklif va mulohazalar keyinchalik loyiha ustida ish olib borilganda koʻrib chiqiladi va umumlashtiriladi.
17-modda. Qonun qabul qilinishi bilan bogʻliq boʻlgan normativ hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish
Qonunni qoʻllash uchun zarur boʻlgan normativ hujjatlarning (amalga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi hujjatlarning, hukumat va idoralarning normativ hujjatlari va shu kabilarning) loyihalari, ilgari qabul qilingan qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritish yoki bu qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi takliflar, qoida tariqasida, qonun loyihasi bilan bir vaqtda ishlab chiqiladi. Bu normativ hujjatlar yangi qonun qabul qilinishi bilan bir vaqtda yoki uni amalga kiritguncha yoxud u qabul qilinganidan keyin mumkin qadar qisqa muddat ichida qabul qilinadi.
18-modda. Qonun loyihasini mustaqil ekspertizadan oʻtkazish
Qonun loyihalari ekspert baholashidan oʻtkazilishi mumkin. Ekspertiza Oliy Majlis qoʻmitasida, komissiyasida loyiha ustidagi ishlar tugallanganidan keyin oʻtkaziladi.
Qonun loyihasini ekspertizadan oʻtkazishga olimlar, amaliyotchi xodimlar va boshqa shaxslar jumlasidan boʻlmish yuqori malakali mutaxassislar jalb etiladi.
Loyihani ekspertizadan oʻtkazish natijalari yuzasidan ekspertlar tegishli xulosa taqdim etadilar.
Basharti tayyorlangan qonun loyihasi uni ishlab chiquvchilar oldiga qoʻyilgan vazifalarga javob bermaydi deb topilsa, Oliy Majlis va uning organlari ushbu loyihani tayyorlash yuzasidan tuzilgan komissiya yoki ishchi guruhini tarqatib yuborish toʻgʻrisida va bunday guruhni yangi tarkibda tuzish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
19-modda. Qonun hujjatini tajriba tariqasida qoʻllash
Yangi qonunning samaradorligini oʻrganish maqsadida Oliy Majlis oʻz tashabbusi bilan yoki qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan organlar va shaxslarning taklifiga binoan mazkur qonunni ayrim hududda yoki xalq xoʻjaligining biror tarmogʻida tajriba tariqasida vaqtincha joriy etish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishi mumkin.
IV. QONUN LOYIHALARINING MAZMUNIGA QOʻYILADIGAN ASOSIY TALABLAR
20-modda. Loyihaning mazmuni va tuzilishi
Qonun loyihasida normativ koʻrsatmalar moddalar shaklida bayon etiladi. Kodekslar va boshqa qonunlarning moddalariga, qoida tariqasida, sarlavha qoʻyiladi.
Qonun loyihalari muqaddimaga ega boʻlishi, boʻlimlar, kichik boʻlimlar, boblar va paragraflarga, moddalari esa qismlar, bandlar va kichik bandlarga boʻlinishi mumkin. Boʻlimlar, boblar, moddalar, moddalarning qismlari, bandlari va kichik bandlari loyiha mavzui mantiqan rivojlanib borishini taʼminlaydigan tarzda ketma-ket joylashtiriladi.
Qonun loyihasidagi qoidalar aniq va ravshan boʻlishi lozim. Loyihada ishlatiladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan, ularning amaldagi qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq yagona shaklda qoʻllaniladi. Zarur hollarda maxsus atamalar va tushunchalarning qisqacha taʼrifi beriladi, umumiy qabul qilingan qisqartmalar qoʻllaniladi va boshqa qisqartmalarga tushunchalar berib oʻtiladi.
21-modda. Loyihaning rekvizitlari
Qonun loyihasida quyidagi rekvizitlar boʻlishi zarur: qonun aktining turi; uning asosiy mazmunini aks ettiruvchi sarlavhasi; qonun aktiga imzo qoʻyuvchi mansabdor shaxsning nomi.
Qonun loyihasida zarur hollarda uni amalga kiritish muddati va tartibi koʻrsatiladi.
V. YAKUNLOVChI QOIDALAR
22-modda. Qonunchilik tashabbusi huquqi
Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan organlar va shaxslar qonun loyihalarini Oliy Majlis muhokamasiga kiritadilar. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oliy Majlisda qonunchilik tashabbusi huquqiga Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, oʻz davlat hokimiyatining oliy organi orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokurori egadirlar.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlmagan vazirliklar, idoralar va boshqa organlar yoki jamoat birlashmalari tomonidan tayyorlangan qonun loyihalari, agar loyihani tayyorlash toʻgʻrisidagi topshiriqda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Qonun loyihasi dastlabki tarzda koʻrib chiqish natijalarini hisobga olgan holda, shuningdek ushbu Qonunning talablari buzilgan taqdirda maromiga yetkazish uchun qaytarilishi mumkin.
23-modda. Loyihani asoslash
Qonun loyihasini Oliy Majlisga kiritish chogʻida uni qabul qilish zarurligi asosi, shuningdek loyiha kelishib olingan davlat organlari va jamoat birlashmalarining roʻyxati ham taqdim etiladi. Amalga oshirish uchun qoʻshimcha moddiy va boshqa xarajatlar talab qilinadigan loyiha taqdim etilayotganda unga moliyaviy-iqtisodiy asoslar ilova qilinadi.
Loyihani tayyorlashda qatnashgan va bu loyihaga eʼtirozi boʻlgan davlat organining yoki jamoat birlashmasining rahbari oʻzi rozi boʻlmagan qoidalarning mohiyati yuzasidan asoslantirilgan fikrini taqdim etadi.
24-modda. Qonun loyihalarini Oliy Majlisda muhokama etish
Oliy Majlisga kiritilgan qonun loyihalari Oliy Majlisning Reglamenti qoidalariga muvofiq muhokama qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qaralsin: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 5-maydagi 49-I-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Reglamenti.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 30-avgust,
481-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y.,9-son, 237-modda, “Xalq soʻzi” gazetasi, 2004-yil 13-fevral, 31-son)