Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OLMALIQ KON-METALLURGIYA KOMBINATINI AKSIONERLIK JAMIYATIGA AYLANTIRISH TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Rangli metallar qazib olish va qayta ishlash ishlab chiqarishini boshqarishni takomillashtirish hamda uni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 1997-yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini ochiq turdagi aksionerlik jamiyati (“Olmaliq KMK” AJ)ga aylantirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
Olmaliq KMK bilan birgalikda, “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi va Davlat geologiya qoʻmitasini jalb etgan holda, ikki oy muddatda mol-mulkni baholasin, tashkil etiladigan aksionerlik jamiyatining ustav jamgʻarmasini belgilasin;
Tojikiston Respublikasining tegishli organlari bilan birgalikda Oltintopgan ruda boshqarmasi balansida boʻlgan asosiy fondlardan foydalanish mexanizmini belgilasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3 va 4-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-iyundagi 251-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
5. Belgilab qoʻyilsinki:
a) “Olmaliq KMK” AJ:
yuridik shaxs hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining huquqiy vorisi hisoblanadi. Olmaliq KMK tomonidan ilgari tuzilgan barcha shartnomalar va olingan majburiyatlar boʻyicha javob beradi;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va jamiyat Ustavi asosida amalga oshiradi;
v) Olmaliq KMK aksiyalari xorijiy investorlarga faqat erkin almashtiriladigan valyutaga sotiladi;
g) aksiyalarni sotishdan tushgan erkin almashtiriladigan valyuta mablagʻlarining 50 foizi ishlab chiqarishni rivojlantirish, texnik qayta jihozlash va rekonstruksiya qilishga maqsadli foydalanish uchun aksionerlik jamiyatiga beriladi.
Aksiyalarni sotishdan tushgan qolgan erkin almashtiriladigan va milliy valyutadagi mablagʻlar Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 31-dekabrdagi 469-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq taqsimlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-and Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-iyundagi 108-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2007-y., 23-son, 236-modda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining “Olmaliq KMK” AJ aksiyalarining 40 foizini xorijiy investorlarga sotish yuzasidan xalqaro tender (investitsiya tanlovi) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
9. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik, “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar ishtirokida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga 1997—2007-yillarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini rekonstruksiya qilish va texnik qayta jihozlash boʻyicha investitsiya dasturini kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Olmaliq KMK Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda uy-joy kommunal xoʻjalik va ijtimoiy madaniy obyektlarini “Olmaliq KMK” AJ balansidan Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimliklari balanslariga bosqichma-bosqich oʻtkazish tartibi va muddatlarini belgilasinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 10-fevral,
71-son