|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Orol dengizi qirg‘oqlarida artemiya sistalarini yig‘ib olish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QXT, 2014-yil, 43-son, 530-modda) bilan tasdiqlangan Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida nizomning 20-bandi quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Istisno tariqasida, artemiya sistalari yig‘ib olish uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddati keyingi kalendar yilining 31-mart kuniga qadar belgilanadi”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Orol dengizi qirg‘oqlarida artemiya sistalarini yig‘ib olish ishlarini amalga oshirish uchun 2018-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga rasmiylashtirilgan ruxsatnomalarning amal qilish muddatini 2019-yilning 31-mart kuniga qadar uzaytirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.T. Qo‘chkarov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-fevral,
98-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2019-y., 09/19/98/2584-son)