O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga berishning tartib-taomillarini soddalashtirish va iqtisodiyotning noruda xom ashyo bazasini rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, noruda foydali qazilmalardan samarali foydalanishni ta’minlashda qator muammolar mavjud bo‘lib, bular yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga berish bilan bog‘liq normalarga nomuvofiqligi, qazib olish va qayta ishlashda ma’nan eskirgan, muddati tugagan texnika va uskunalardan foydalanilayotganligi, konlar va istiqbolli maydonlar to‘g‘risida tadbirkorlik subyektlarini xabardor qilish va ularga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash darajasi pastligida namoyon bo‘lmoqda.
Faqat joriy yilning sentabr — noyabr oylarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda 186 ta subyekt tomonidan tegishli litsenziya olmasdan 26,7 milliard so‘mlik noruda foydali qazilmalar noqonuniy qazib olinganligi holatlari aniqlandi, shuningdek, litsenziya shartlariga rioya qilmagan va yer qa’ri uchastkalaridan samarasiz foydalangan 23 ta subyektning yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi muddatidan oldin bekor qilinib, 55,6 million kub metr va 3,4 million tonna foydali qazilmalar zaxirasi davlat balansiga qaytarildi.
Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga berishda shaffoflikni ta’minlash, qazib olish va qayta ishlash jarayonlarida ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llash hamda sohaga salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki, 2019-yil 1-yanvardan boshlab:
vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansida hisobga olingan konlar va istiqbolli maydonlar joylashgan yer uchastkalarini berishda (realizatsiya qilishda) yer fondi toifasidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslari qo‘mitasining ijobiy xulosasi olinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma asosida yer qa’ridan foydalanuvchining murojaatiga ko‘ra mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tegishli yer uchastkalari o‘n kundan oshmagan muddatda ochiq savdolarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruxsatnomaning amal qilish muddati va yer qa’ri uchastkasining chegaralariga muvofiq ajratib beriladi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
noruda foydali qazilmalari yer uchastkalarining chegaralarini joyida belgilash ishlari Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslari qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining hududlardagi bo‘linmalari tomonidan bir vaqtning o‘zida yer qa’ridan foydalanuvchi ishtirokida amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
yer qa’ridan foydalanuvchilarga berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganda yoki muddatidan oldin bekor qilinganda Davlat geologiya va mineral resurslari qo‘mitasi tomonidan bu haqda uch kun muddatda Davlat soliq qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga yozma ma’lumot beriladi;
(1-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
Oldingi tahrirga qarang.
noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganda yoki muddatidan oldin bekor qilinganda tegishli yer maydonlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan zaxiraga qaytariladi;
(1-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
Oldingi tahrirga qarang.
noruda foydali qazilmalarni qazib olish hajmlari yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan uzluksiz ikki yil davomida bajarilmagan taqdirda (fors-major holatlaridan tashqari) haqiqatda qazib olingan hajmdan kelib chiqib, noruda foydali qazilmalar zaxiralarining o‘zlashtirilmay qoladigan qismi davlat balansiga va ular joylashgan yer uchastkalari mahalliy davlat hokimiyati organlari zaxirasiga qaytariladi. Bunda, ilgari berilgan ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilmasdan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi;
(1-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarida yer qa’ridan foydalanuvchining investitsiyaviy majburiyatlari nazarda tutiladi.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
2019-yil 1-iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan aniqlangan noruda foydali qazilmalar konlari;
Oldingi tahrirga qarang.
2020-yil 1-yanvardan barcha noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish (daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish bundan mustasno) huquqi uchun ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan “E-AUKSION” elektron savdo platformasidagi elektron auksion yakunlari asosida 20 kundan oshmagan muddatda belgilangan tartibda “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi. Bunda ruxsatnomani olish uchun ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham berilishi mumkin.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish ishlarini moliyalashtirgan yuridik va jismoniy shaxslarning o‘zlari qidirib topgan kondan foydali qazilmalarni qazib olishga ruxsatnoma olishda ularning qonun hujjatlarida belgilangan huquqlari saqlanib qolinadi.
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qo‘yishning boshlang‘ich narxi auksion tashkil qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar yig‘indisidan kam bo‘lmagan summada belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, noruda foydali qazilmalar yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini “E-AUKSION” elektron savdo platformasida realizatsiya qilishdan olingan pul mablag‘lari va ushlab qolingan zakalat summasi, auksion tashkil qilish bilan bog‘liq to‘lov summalari chegirilgan holda teng ulushlarda:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
noruda foydali qazilmalarni qazib olish faoliyati olib boriladigan hududlardagi tegishli tuman (shahar)lar mahalliy budjetlariga;
mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish yillik davlat dasturlarini amalga oshirishga maqsadli yo‘naltirilgan holda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining maxsus g‘aznachilik hisob raqamlariga o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tabiiy pardozbop toshlarni (marmar, granit, travertin va ohaktosh) qazib olish va ularning texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar 2022-yil 1-yanvarga qadar
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi PQ-5083-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son)
belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun chetdan olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish, ularga ishlov berish, shuningdek, tabiiy pardozbop toshlarning texnogen mineral hosilalarini qayta ishlashga mo‘ljallangan maxsus texnika va uskunalar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi;
tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish, ularga ishlov berish, shuningdek, tabiiy pardozbop toshlarning texnogen mineral hosilalarini qayta ishlash faoliyati bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini hisoblashda mazkur soliq bo‘yicha belgilangan stavka ikki barobarga pasaytiriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
tashqi bozor konyunkturasini o‘rganib, noruda foydali qazilmalarni chuqur qayta ishlashni va ulardan ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish obyektlarida mahalliy noruda xom ashyo asosida ishlab chiqarilgan qurilish materiallarini, shu jumladan tabiiy pardozbop toshlarni keng qo‘llashni hamda noruda foydali qazilmalar noqonuniy qazib olingan hollarda ularning qiymatini aniqlash tartibini belgilovchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
6. “O‘zqurilishmateriallari” AJ 2019-yil 1-martga qadar respublika hududida aniqlangan barcha tabiiy pardozbop toshlarning milliy brendi va katalogini yaratsin, ularning kengaytirilgan taqdimotini o‘tkazsin hamda har yili bir marotaba katalogning yangilanib borilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda Jizzax viloyati Forish tumanini Navoiy viloyati Nurota tumani bilan bog‘lovchi temir yo‘l tarmog‘ini qurish masalasini har tomonlama o‘rganib chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga mazkur masala bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi 2019-yil 1-aprelga qadar:
aniqlangan noruda foydali qazilmalar konlari va istiqbolli maydonlarning davlat kadastrini xatlovdan o‘tkazsin;
xatlov natijalariga ko‘ra, noruda foydali qazilmalar yer qa’ri uchastkalari va istiqbolli maydonlar to‘g‘risida batafsil (xarita, foto va video) ma’lumotlarni berish, interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish va mazkur jarayonlarni foydalanuvchilar tomonidan onlayn kuzatib borish imkoniyatini beruvchi qo‘mitaning yangilangan rasmiy veb-saytini va uning mobil versiyasini yaratsin;
Oldingi tahrirga qarang.
noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berishda “E-AUKSION” elektron savdo platformasida elektron auksionni o‘tkazish reglamentini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(8-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb yuritiladi) foydali qazilmalaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
huquqbuzarliklarni profilaktika qilishning ilg‘or uslubiyotlarini joriy etish, idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash;
foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanish aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish, marksheyderlik ishlarini o‘tkazgan holda yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash;
aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish, sohada huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi foydali qazilmalaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlarini amalga oshirishda Inspeksiya bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalardan shakllantiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
yer qa’ridan foydalanish sohasida belgilangan talablarni buzganlik uchun undiriladigan jarimalar summasining 50 foizi miqdoridagi ajratmalar;
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
yer qa’ri foydali qazilmalaridan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha aniqlangan zarar summasining 20 foizi miqdoridagi ajratmalar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari Inspeksiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, qazib olingan foydali qazilmalarning haqqoniy hajmini aniqlash uchun bajariladigan marksheyderlik ishlarini moliyalashtirishga hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga maqsadli yo‘naltiriladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga geologik tasvirlash ishlarida, bajariladigan marksheyderlik o‘lchovlarida hamda xavfli geologik jarayonlarni o‘rganishda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni xarid qilish, olib kirish va ulardan foydalanishga ruxsat berilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda noruda foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-dekabr,
PQ-4078-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.12.2018-y., 07/18/4078/2373-son; 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2021-y., 07/21/5083/0371-son; 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)