Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son Farmoni ijrosini taʼminlash, islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur oʻrganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda islom dini asoslari va hadis ilmini mukammal oʻzlashtirgan oliy maʼlumotli yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son Farmoni bilan oliy diniy-maʼrifiy taʼlim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabi (keyingi oʻrinlarda Maktab deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Maktab Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi oliy diniy taʼlim beruvchi nodavlat taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Maktab bitiruvchilariga beriladigan davlat namunasidagi diplom Oʻzbekiston Respublikasida oliy diniy taʼlim sohasidagi tegishli mutaxassisliklar boʻyicha bakalavr darajasini beruvchi oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat deb eʼtirof etiladi.
3. Quyidagilar Maktabning asosiy vazifalari etib belgilangani inobatga olinsin:
Qurʼoni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur oʻrgangan, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini puxta oʻzlashtirgan, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borish koʻnikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash;
hadisshunoslik maktabi shakllanishi va rivojlanishi, uning ilmiy-maʼnaviy asoslarini har tomonlama chuqur oʻrganish, tadqiq etish va uning natijalari asosida hadislardagi ezgu umuminsoniy gʻoyalarni xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish.
4. Quyidagilar:
Maktabda oʻqish muddati besh yil ekanligi, u kunduzgi taʼlim shaklida olib borilishi;
Maktabda “Hadisshunoslik” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi;
Maktabga 2018/2019 oʻquv yili uchun qabul kvotasi jami 10 ta oʻrin etib va keyingi yillar uchun qabul kvotasini shakllantirish ushbu sohadagi talab hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda Maktab muassisi tomonidan belgilanishi;
Maktabga arab tilini puxta oʻzlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati boʻlgan oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari saralab olinishi;
Oldingi tahrirga qarang.
Maktab bitiruvchisi taʼlimni oʻz ixtisosligiga koʻra Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi magistraturasida davom ettirishi, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida tahsil olishi inobatga olinsin.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-sentabrdagi 565-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2025-y., 09/25/565/0807-son)
5. Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga:
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda belgilangan tartibda Maktabning tuzilmasi va ustavini tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
Maktab faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida ilmiy-pedagog kadrlar tarkibini respublika oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat koʻrsatayotgan mutaxassislardan shakllantirish, shu jumladan, Maktabga xorijiy taʼlim (ilmiy) muassasalarida malakasini oshirib kelgan, yuqori saviyali professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar, sohaning salohiyatli, yetuk mutaxassislarini jalb etish choralarini koʻrish;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Maktab bilan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, xorijlik professor-oʻqituvchilarni Maktabga jalb qilish;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
Maktab professor-oʻqituvchilarini malaka oshirish, tajriba almashish va oʻqitish uchun chet mamlakatlarga yuborish choralarini koʻrish;
Maktab bitiruvchilari Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasi va doktoranturasida ilmiy ishlarini davom ettirishi uchun ularni puxta va mukammal oʻquv rejalari hamda oʻquv dasturlari asosida tayyorlash tavsiya etilsin.
6. Maktab faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidanamalga oshirilishi inobatga olinsin:
Imom Buxoriy yodgorlik majmui va muassis tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Maktabning oʻquv rejasi va oʻquv dasturlarini puxta ishlab chiqish, uning axborot-resurs markazini diniy va dunyoviy fanlar boʻyicha zarur darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar, badiiy adabiyotlar, davriy nashrlar bilan taʼminlashda koʻmaklashsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Din ishlari qoʻmitasining buyurtmasiga asosan Maktabdagi taʼlim jarayonida ishtirok etuvchi xorijiy oʻqituvchilar va ekspertlarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlarsiz rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Din ishlari qoʻmitasining buyurtmasiga asosan Maktabdagi taʼlim jarayonida ishtirok etuvchi xorijiy oʻqituvchilar va ekspertlarga davlat boji undirilmagan holda koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning Oʻzbekiston Respublikasida vaqtinchalik yashash joyida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va muddatining uzaytirilishini taʼminlasin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
10. Maktab Samarqand viloyati, Payariq tumani, Xoja Ismoil shaharchasida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi binosida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
11. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Ziyo” media markaziga Maktab bilan hamkorlikda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy va yurtimizdan yetishib chiqqan boshqa buyuk ulamolarning saboqlari rukni ostida telekoʻrsatuvlar hamda radioeshittirishlar tayyorlash va maqolalar chop etish tavsiya etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi J.K. Akramov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-noyabr,
896-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2018-y., 09/18/896/2148-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son; 06.09.2025-y., 09/25/565/0807-son)