Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “2018-yil hosili paxta xomashyosini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 30-avgustdagi 703-son qaroriga oʻzgartirish kiritish haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
2018-yil hosili paxta xomashyosini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, paxta yigʻim-terimida ishtirok etadigan terimchilarning moddiy manfaatdorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “2018-yil hosili paxta xomashyosini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 30-avgustdagi 703-son qarorining 1-bandi toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon, Kasbi tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) terimchilarni paxta yigʻim-terimiga qoʻshimcha ravishda jalb etish maqsadida qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta xomashyosi uchun terimchiga qoʻshimcha 150 soʻm ustama hamda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 soʻm, jami 300 soʻm miqdorida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida (mazkur qaror ilovasida nazarda tutilgan tumanlardan tashqari) qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta xomashyosi uchun terimchiga qoʻshimcha 100 soʻm naqd pulda kunlik ustama toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, qoʻshimcha toʻlangan toʻlovlar qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan yakuniy hisob-kitoblarda hisobga olinmasligi;”.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Bosh vazir oʻrinbosarlari Z.T. Mirzayev, A.A. Abduhakimov, N.S. Otajonov, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi vazifasini bajaruvchi A.A. Xaitov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-oktabr,
798-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2018-y., 09/18/798/2001-son)