Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.04.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tarkibida mis bo‘lgan mahsulotlar eksportini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-sonli “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021-yil 1-apreldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Raqobatbardosh biznesni rivojlantirish, yakuniy mahsulot ishlab chiqaruvchilarga ko‘maklashish xamda mamlakatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-3454-son qarori kuyidagi mazmundagi 311-band bilan to‘ldirilsin:
“311. TIF TNning 74-guruhiga mansub mis mahsulotlarini chet el valyutasida eksportga realizatsiya qilish oborotiga belgilangan stavka bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i solinadi (bundan “Olmaliq TMK” AJning o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlari mustasno)”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha nol stavkani qo‘llash natijasida yuzaga kelgan salbiy tafovutni qaytarish mexanizmini tartibga solish yuzasidan, ortiqcha summani tashkilotlar tomonidan yaratilgan qo‘shimcha qiymat ulushiga qarab TIF TN kodlari guruhlari asosida qaytarishni nazarda tutgan holda, Hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “O‘zeltexsanoat” AK korxonalari eksporti prognozlarini kiritilayotgan o‘zgartishlarni inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tarkibida mis bo‘lgan mahsulotlar eksportida ularning deklaratsiya qilinayotgan tovarlarga muvofiqligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qo‘chkorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.S. Otajonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-iyun,
PQ-3768-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 07/18/3768/1308-son)