Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Bolali oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 10-dekabrdagi 437-son qarorining 2-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-fevraldagi PF-4944-son Farmoniga hamda Vazirlar Mahkamasining “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2014-yil 4-martdagi 48-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, istisno hollarda, 500 nafardan kam aholi, lekin kamida 100 oila yashaydigan borish qiyin boʻlgan va togʻli tumanlarda ham tashkil etilishi mumkinligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Bolali oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 10-dekabrdagi 437-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 12-son, 35-modda) 2-bandi uchinchi xatboshisining ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror talablari tegishli tumanlar budjetlarining 2018-yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida bajarilishini, 2019-yildan boshlab ular budjetlarini shakllantirishda ushbu qaror talablari inobatga olinishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Sh.S. Javlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-aprel,
306-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2018-y., 09/18/306/1111-son)