O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro va xorijiy moliya institutlari (keyingi o‘rinlarda moliya institutlari deb yuritiladi) bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, mazkur sohada ayrim davlat boshqaruvi organlari vakolatlarining aniq belgilab qo‘yilmaganligi va funksiyalarining takrorlanishi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada faollashtirishga to‘sqinlik qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tomonidan qarz, kredit va grant mablag‘larini jalb qilish va ulardan foydalanish borasidagi ishlarning tashkil etilishi vakolatli davlat organlarining mas’uliyati va tashabbuskorligini pasaytiradi, ortiqcha byurokratik tartib-taomillar va xarajatlarga olib keladi.
Qarz, kredit va grant mablag‘larini jalb etish, yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik qilish uchun kulay shart-sharoitlarni shakllantirish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirishning samarali va zamonaviy talablarga javob beradigan tizimini yaratish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasidan quyidagilar:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi — xalqaro moliya institutlari (Xalqaro valyuta jamg‘armasi bundan mustasno) bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);
Markaziy bank — Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev — Osiyo taraqqiyot banki va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov — Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi;
investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov — Islom taraqqiyot banki guruhi va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Sh.A. Vafayev — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari;
Markaziy bank raisi M.B. Nurmuratov — Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari;
investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari S.I. Xamidov — Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Islom taraqqiyot banki guruhi va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari etib belgilansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-martdagi PQ-89-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.03.2023-y., 07/23/89/0131-son)
2. Boshqaruvchilar idoralariga kuyidagilar yuklatilsin:
tegishli moliya institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
moliya institutlari bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, “yo‘l xarita”lari va dasturlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, respublika hududlarini rivojlantirish uchun moliya institutlarining jalb etiladigan qarz, kredit va grant mablag‘laridan yanada samaraliroq foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar, loyihalarni amalga oshirish guruhlari, ekspertiza organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shu jumladan loyiha, tender va kontraktga oid hujjatlar bo‘yicha ekspert xulosalarining o‘z vaqtida taqdim etilishini nazorat qilish;
moliya institutlarining jalb etiladigan qarz, kredit va grant mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishning borishi ustidan monitoring o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda moliya institutlari bilan hamkorlik dasturlarining amalga oshirilishi holati haqida hisobot taqdim etish;
moliya institutlari bilan investitsion hamkorlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tayyorlash, kelishish va imzolashda o‘rnatilgan tartibda ishtirok etish;
moliya institutlari missiyalarining ishchi uchrashuvlari jadvalini ishlab chiqish va tasdiqlash;
O‘zbekiston Respublikasida va xorijda moliya institutlari vakillari ishtirokida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, investitsion forumlar o‘tkazilishini tashkil etish.
3. Boshqaruvchilar idoralariga kuyidagi huquqlar berilsin:
vazirlik va idoralar tomonidan rioya etilishi majburiy bo‘lgan moliya institutlari missiyalarining ishchi uchrashuvlari jadvalini tasdiqlash;
moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlik jarayonida yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan xat-xabarlar, memorandumlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi nomidan imzolash;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan o‘rnatilgan tartibda boshqaruvchi idorasi vakolatiga taalluqli axborotlarni so‘rab olish;
zaruratga ko‘ra, tanlov o‘tkazish jarayonlari, loyiha va tender hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlarini uning yuqori sifatini ta’minlagan holda tezlashtirish, shuningdek, moliya institutlari bilan kelishuv bo‘yicha ularning mablag‘larini tegishli loyihalar komponentlari o‘rtasida qayta taqsimlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PF-5717-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2019-y., 06/19/5717/3132-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda moliya institutlaridagi O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakillarini tasdiqlash va ularni lavozimdan ozod etish;
moliya institutlari ishtirokida loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar, idoralar va loyihalarni amalga oshirish guruhlari mansabdor shaxslari hisobotlarini eshitish, loyihalar ijrochilarini taklif etgan holda ularning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
4. Moliya institutlari bilan realizatsiya qilinayotgan loyihalarni amalga oshirish guruhlarining rahbarlarini loyihaning ro‘yobga chiqarilishi bo‘yicha mas’ul bo‘lgan vazirliklar va idoralar rahbarlari tomonidan boshqaruvchi idorasi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlash va ozod etish tartibi belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PQ-4717-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 07/20/4717/0599-son)
6. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripovga O‘zbekiston Respublikasi nomidan moliya institutlariga tasdiqlangan boshqaruvchilar va boshqaruvchilarning o‘rinbosarlari xususida vakolat-xati yuborish vakolati berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Markaziy banki:
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PQ-4717-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 07/20/4717/0599-son)
ikki oy muddatda boshqaruvchi idoralarining reglamentini ishlab chiqishni va to‘liq faoliyat ko‘rsatishini;
moliya institutlarining moliyaviy va texnik ko‘magidagi loyihalar ro‘yxatining rasmiy veb-saytda o‘z vaqtida chop etilishini, moliya institutlarining qarzlari, kreditlari va grantlarini jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishni;
moliyalashtirish manbalarini o‘rganish hamda kreditlar, qarzlar va grantlarni jalb qilish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda baholashni;
moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni jalb etish va amalga oshirilishini monitoring qilish sohasida bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PQ-4717-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 07/20/4717/0599-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 12-avgustdagi “Xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlar va donor mamlakatlar mablag‘larini jalb qilish va ulardan samarali foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 229-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari S.R. Xolmurodov, J.A. Kuchkarov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-dekabr,
PQ-3439-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.12.2017-y., 07/17/3439/0433-son; 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son; 15.05.2019-y., 06/19/5717/3132-son; 19.05.2020-y., 07/20/4717/0599-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.03.2023-y., 07/23/89/0131-son)