Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-sonli “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, shuningdek ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida:
1. Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini takomillashtirishning quyidagi asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining eng muhim vazifasi deb hisoblansin:
birinchidan — mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilinishini taʼminlash, xodimlarning xizmat vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazoratni korrupsiya va mansab vakolatini suiisteʼmol qilish holatlarini istisno etadigan tarzda kuchaytirish;
ikkinchidan — mahkumlarda qonun talablariga va jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga rioya etish madaniyatini, bilim va maʼnaviy-ahloqiy saviyasini oshirishga intilishni shakllantirishga qaratilgan qayta tarbiyalash va axloqan tuzatish jarayonini takomillashtirish;
uchinchidan — fuqarolar bilan ularni jinoiy-ijroiya sohasida tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda samarali muloqot oʻrnatish, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorlikni taʼminlash;
toʻrtinchidan — malakali kadrlarni tanlash, ularni maxsus kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish;
beshinchidan — mehnat bozorida talabga ega boʻlgan kasblar boʻyicha asosiy hunar va umumtaʼlim dasturlarini amalga oshirish doirasida mahkumlarni, xususan voyaga yetmagan va maʼlumotga ega boʻlmaganlarni oʻqitish sifatini oshirish;
oltinchidan — mahkumlarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish va ularni ish bilan taʼminlash maqsadida jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish, shu jumladan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish;
yettinchidan — qoʻyilgan vazifalarni samarali bajarishni, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarga qulay sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faoliyatda keng qoʻllash.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining boʻlinmalarini birinchi navbatda, jazoni ijro etish muassasalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hisobidan, tanlov va tender savdolarini oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jihozlash;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Jazoni ijro etish departamenti)ning Markazlashtirilgan jamgʻarmasini tashkil etib, uni shakllantirish manbalari sifatida jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish va qishloq xoʻjalik faoliyati, ular tomonidan xizmatlar koʻrsatish evaziga olinadigan foydasi hisobidan Jazoni ijro etish departamenti tomonidan belgilanadigan miqdordagi ajratmalarni, shuningdek qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalarni belgilash;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
oʻquv jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarini joriy etishni hisobga olgan holda jazoni ijro etish tizimidagi taʼlim muassasalarining faoliyatini;
hunarga ega boʻlmagan mahkumlarni, birinchi navbatda voyaga yetmaganlarni kasbiy tayyorlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutadigan takliflarni kiritsin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Jazoni ijro etish departamenti, uning boʻlinmalari va muassasalarining faoliyatiga:
(6-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
hisob maʼlumotlariga oʻzgartirishlar kiritish huquqini faqat prokuratura organlariga bergan holda mahkumlarga qoʻllanilgan intizomiy jazolarni avtomatlashtirilgan hisobini yuritish tizimini;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarni nazorat qilish va tekshirish boʻyicha zamonaviy texnik vositalarini;
Oldingi tahrirga qarang.
Jazoni ijro etish departamenti, uning boʻlinmalari va muassasalari oʻrtasida, shu jumladan mahkumlarga masofali video-uchrashuv tashkil etish imkoniyatini nazarda tutgan holda himoyalangan aloqa kanali boʻyicha videokonferensiya tizimini bosqichma-bosqich joriy etilishini taʼminlasin.
(6-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlari 2023-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatga barcha turdagi soliqlar toʻlashdan ozod etilsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017-yil 1-noyabrga qadar 2018 — 2022-yillarda jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar Dasturini tasdiqlasin:
jazoni ijro etish muassasalarining bino va inshootlarini kapital qurish va rekonstruksiya qilish;
maqsadli parametrlar va manzilli dasturiga muvofiq jazoni ijro etish muassasalari va ular tashkilotlarining ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va texnik jihatdan qayta jihozlash;
ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarida muayyan turdagi mahsulotlar uchun buyurtmalarni joylashtirish;
jazoni ijro etish muassasalariga ajratilgan yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Belgilansinki:
Jazoni ijro etish departamenti, jazoni ijro etish muassasalari rahbarlari maqsadli parametrlar va manzilli dasturga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni toʻliq amalga oshirilishi, shuningdek, Markazlashtirilgan jamgʻarmani shakllantirilishi va uning mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadilar;
jazoni ijro etish muassasalarining moliya-xoʻjalik faoliyati, shuningdek Markazlashtirilgan jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish va ulardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Nazorat-taftish inspeksiyasi va boshqa sohaviy xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Jazoni ijro etish departamentining 2019-yil va keyingi yillarda xarajatlar smetasini tasdiqlashda majburiy tartibda Markazlashtirilgan jamgʻarmaning daromad va xarajatlari hisobga olinadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi, shuningdek boʻysunuvida oliy taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab davlat grantlari asosida oliy taʼlim muassasalarida tahsil olgan bitiruvchilarni keyinchalik Jazoni ijro etish departamenti, uning boʻlinmalari va muassasalariga ishga joylashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyurtmasi boʻyicha taqsimlashni taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
bir oy muddatda Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining boʻlinmalari va muassasalari tuzilmalarini tasdiqlasin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Markazlashtirilgan jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-oktabrdagi 861-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining Markazlashtirilgan jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
uch oy muddatda davlat unitar korxonalarni tashkil etish va yuqori malakali menedjerlarni keng jalb qilish orqali jazoni ijro etish muassasalarida ishlab chiqarish va qishloq xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi, uning boʻlinmalari va muassasalarining ishchi va xizmatchilari shtat meʼyorlarini, lavozim nomlarini, razryad va bazaviy tarif stavkalarini tasdiqlasin;
2017-yil 20-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalarining moddiy-texnika taʼminotiga boʻlgan ehtiyojini tanqidiy oʻrganish natijalari asosida ularni birinchi navbatda jazoni ijro etish muassasalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan jihozlash, shuningdek vazirlik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining ishlab chiqarish faoliyatini yanada kengaytirish boʻyicha kompleks choralarni koʻrsin;
2017-yil 1-dekabrga qadar jazoni ijro etish muassasalarini Oʻzbekiston Respublikasida jazoni oʻtash hamda afv etishni amalga oshirish tartibi va shartlari bilan tanishish uchun axborot stendlari va (yoki) xuddi shu maqsadlardagi texnik vositalar bilan jihozlanishini, shuningdek ushbu maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligini rasmiy veb-saytida joylashtirilishini taʼminlasin;
2018-yil yakuni boʻyicha jazoni ijro etish muassasalari davlat unitar korxonalarining ishlab chiqarish va qishloq xoʻjalik faoliyatini rivojlantirish yuzasidan, shu jumladan ularning faoliyatini tahlili hamda boshqa xoʻjalik subyektlari bilan hamkorlikdagi faoliyatini maqsadga muvofiqligini inobatga olgan holda takliflar kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jazoni ijro etish muassasalari faoliyatining qonuniyligi ustidan, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlarini soʻzsiz taʼminlanishi, ularni saqlash tartibi va sharoitlari haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, korrupsiya va mansabni suiisteʼmol qilish holatlarining, shu jumladan ishlab chiqarish faoliyatida samarali oldi olinishi va aniqlanishiga alohida eʼtibor qaratgan holda, qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-avgust,
PQ-3200-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 33-son, 838-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)