|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 1-apreldagi OʻRQ-680-sonli “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Qonun dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish, ularning faoliyati va tugatilishining huquqiy asoslarini, huquq va majburiyatlarini belgilaydi, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarini tartibga soladi.
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Dehqon xoʻjaligi
Dehqon xoʻjaligi oilaviy mayda tovar xoʻjaligi boʻlib, oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshligʻiga berilgan yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiradi va realizatsiya qiladi.
(1-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Dehqon xoʻjaligidagi faoliyat tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi hamda dehqon xoʻjaligi aʼzolarining istagiga koʻra yuridik shaxs tashkil etgan holda va yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshirilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyatida yollanma mehnatdan doimiy asosda foydalanishi mumkin emas.
2-modda. Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish, ularning faoliyati va tugatilishi bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
3-modda. Dehqon xoʻjaligi aʼzolari
Dehqon xoʻjaligi aʼzolari jumlasiga birgalikda yashayotgan va dehqon xoʻjaligini birgalikda yuritayotgan oila boshligʻi, uning xotini (eri), bolalari, shu jumladan farzandlikka olingan bolalari, tarbiyaga olgan bolalari, ota-onalari, mehnatga qobiliyatli yoshga yetgan boshqa qarindoshlari kiradi.
4-modda. Dehqon xoʻjaligi boshligʻi
Yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarda dehqon xoʻjaligi nomidan shu xoʻjalik boshligʻi ish koʻradi.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilgan oila boshligʻi yoki oilaning muomalaga layoqatli aʼzolaridan biridir.
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligining boshligʻi vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotgan taqdirda yoki uzoq vaqt boʻlmaganda u oʻz majburiyatlarini bajarish vakolatini shu xoʻjalik aʼzolaridan biriga berishga haqlidir.
(4-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
5-modda. Dehqon xoʻjaligini tashkil etish tartibi
Dehqon xoʻjaligi ixtiyoriylik asosida tuziladi hamda fuqaroga belgilangan tartibda yer uchastkasi berilganidan va dehqon xoʻjaligi davlat roʻyxatiga olinganidan keyin tashkil etilgan hisoblanadi.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 55-moddasiga qarang.
Dehqon xoʻjaligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda va dov-daraxtlar bilan qoplanmagan oʻrmon fondi yerlarida, shuningdek zaxira yerlarda tashkil etiladi.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasini olishga muhtoj boʻlgan fuqarolar yashash joyidagi tuman (shahar) hokimiga oilasining tarkibini va yer uchastkasining moʻljallangan joyini koʻrsatgan holda ariza beradi.
Tuman (shahar) hokimi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaning xulosasi asosida dehqon xoʻjaligini yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalari berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi yoki arizachiga yer uchastkasi berish boʻyicha asoslantirilgan rad javobini yuboradi.
Tuman (shahar) hokimining yer uchastkasi berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin.
(5-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
6-modda. Dehqon xoʻjaligini davlat roʻyxatiga olish
Dehqon xoʻjaligini davlat roʻyxatiga olish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Dehqon xoʻjaligi boshligʻiga Yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Batafsil maʼlumot uchun Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga qarang.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
Agar davlat roʻyxatiga olish belgilangan muddatda amalga oshirilmagan yoki dehqon xoʻjaligi boshligʻi asossiz deb hisoblaydigan sabablarga koʻra rad etilgan boʻlsa, xoʻjalik boshligʻi sudga murojaat qilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari har bir dehqon xoʻjaligini Xoʻjalik kitobiga kiritib, unda dehqon xoʻjaligining tarkibi, xoʻjalik boshligʻi yoxud uning vazifasini bajaruvchi shaxs, shuningdek xoʻjalikning tashkiliy-huquqiy shakli (yuridik shaxs tashkil etgan holda yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd etib qoʻyadi.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaliklarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi.
(6-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2-BOB. DEHQON XOʻJALIKLARIGA YER BERISh. YERGA EGALIK QILISh, YERDAN FOYDALANISh VA SUV ISTEʼMOLI
(2-bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
7-modda. Tomorqa yer uchastkasi
Tomorqa yer uchastkasi — qishloq xoʻjalik mahsulotini erkin savdo hamda oila ehtiyojlari uchun yetishtirish, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurilishi hamda uy-joyni obodonlashtirish maqsadida oila aʼzolaridan biriga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va oʻlchamlarda ajratib beriladigan yer uchastkasidir.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 55-moddasiga qarang.
Tomorqa yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati bilan guvohlantiriladi.
8-modda. Dehqon xoʻjaliklariga yer berish shartlari
Oilali va qishloq joylarda kamida uch yil mobaynida yashab turgan fuqarolarga, shuningdek tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasiga ega boʻlgan yosh fuqarolarga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga yer uchastkasi sugʻoriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha oʻlchamda, choʻl va sahro mintaqasida esa sugʻorilmaydigan yaylovlardan 1 gektargacha oʻlchamda beriladi. Qishloq joylarda kamida uch yil yashab turganlik toʻgʻrisidagi talab yangi sugʻoriladigan yer massivlari uchun qoʻllanilmaydi. Bunda dehqon xoʻjaligi yuritish uchun beriladigan yer uchastkasining oʻlchami yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga ilgari berilgan yoki beriladigan yer uchastkasini hisobga olgan holda aniqlanadi.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalari imoratlar va inshootlar qurish huquqisiz beriladi. Mazkur qoida yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga ilgari berilgan yoki beriladigan yer uchastkalariga tatbiq etilmaydi.
Fuqarolarga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun 0,06 gektar doirasida yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kimoshdi savdosi asosida realizatsiya qilinishi mumkin.
(8-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Dehqon xoʻjaligiga ajratilgan yerning chegaralari naturada (joyning oʻzida) yer tuzish xizmati organlari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan rasmiylashtiriladi.
Yer uchastkasidan oqilona va samarali foydalanayotgan dehqon xoʻjaligiga tuman (shahar) hokimining qarori bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish va realizatsiya qilish, ozuqa yetishtirishni tashkil etish, shuningdek yaylov yaratish uchun qisqa muddatli ijaraga qoʻshimcha ravishda yer uchastkalari berilishi mumkin.
(8-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalarini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
9-modda. Yerga egalik qilish va yerdan foydalanish
Dehqon xoʻjaligining yerga egalik qilish va yerdan foydalanish sohasidagi huquq va majburiyatlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Dehqon xoʻjaligiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas. Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kredit olish uchun garovga qoʻyilishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Dehqon xoʻjaligiga berilgan yer uchastkasi boʻlinishi mumkin emas.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Yer uchastkasining oʻlchami va chegaralari faqat dehqon xoʻjaligi boshligʻining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
(9-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi vafot etgan taqdirda, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi shu xoʻjalik aʼzolarining oʻzaro kelishuvi asosida, dehqon xoʻjaligi faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan xoʻjalik aʼzolaridan biriga meros boʻyicha oʻtadi. Dehqon xoʻjaligi boshligʻi mehnat qobiliyatini toʻla yoʻqotgan taqdirda, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish huquqi xoʻjalik aʼzolaridan biriga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda topshiriladi.
(9-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Dehqon xoʻjaligining yer uchastkasini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga qonunda nazarda tutilgan hollarda, faqat boshqa teng qimmatli yer uchastkasi berilib, dov-daraxtlarning, buzilayotgan binolar va inshootlarning bozor qiymati qoplangandan keyin yoxud ular boshqa joyga koʻchirilgandan yoki oʻzga binolar va inshootlar qurilgandan keyin hamda boshqa barcha zararlarning (boy berilgan foydani qoʻshgan holda) oʻrni qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda toʻla hajmda qoplangandan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 206-moddasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36—38-moddalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil maydagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari ijarachilari va mulkdorlarining koʻrgan zararlarini, shuningdek qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga qarang.
(9-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Dehqon xoʻjaliklari oʻziga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalarini yoki ushbu yer uchastkalarining bir qismini qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarga vaqtincha foydalanishga berishi mumkin. Yer uchastkasidan vaqtincha foydalanish tartibi taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi. Bunda dehqon xoʻjaliklarining ushbu yer uchastkalariga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi saqlanib qoladi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 29-sentabrdagi OʻRQ-639-sonli Qonuniga asoan yettinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2020-y., 03/20/639/1342-son)
10-modda. Yer uchastkasidan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq
Dehqon xoʻjaligiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkasidan foydalanganlik uchun haq yer soligʻi tariqasida undiriladi.
(10-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVI boʻlimi (“Yer soligʻi”).
11-modda. Suv isteʼmoli
Dehqon xoʻjaliklarining suv isteʼmoli ularga xizmat koʻrsatuvchi suv isteʼmolchilari uyushmalari tomonidan belgilanadigan suv obyektlaridan suv olish limitlari asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Dehqon xoʻjaligiga beriladigan suvning sarfini hisobga olish hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlash tartibi, shuningdek mazkur soliq boʻyicha imtiyozlar qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVII boʻlimiga (“Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq”) qarang.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
3-BOB. DEHQON XOʻJALIGINING HAMDA UNING AʼZOLARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
12-modda. Dehqon xoʻjaligining huquq va majburiyatlari
Dehqon xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyatining subyekti tariqasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga berilgan yer uchastkasida dehqon xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyatini mustaqil tashkil etish;
(12-moddaning birinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
yetishtirilayotgan va realizatsiya qilinayotgan mahsulotga mustaqil ravishda baho belgilash;
oʻzi yetishtirgan mahsulotni, shu jumladan bu mahsulotni isteʼmolchilarga oʻz xohishi boʻyicha realizatsiya qilish huquqini tasarruf etish;
xarid etiladigan mahsulotga oldindan haq toʻlanadigan fyuchers bitimlari tuzish;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchilarga sotish uchun va erkin savdoga moʻljallangan aksiyalarni sotib olish;
oʻz mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini, shu jumladan kimoshdi savdosi asosida sotib olingan huquqni garovga qoʻyish.
(12-moddaning birinchi qismi sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
Dehqon xoʻjaligi quyidagilarni bajarishi shart:
yer uchastkasidan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalanish;
(12-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
tabiiy obyekt boʻlmish yerga zarar yetkazmaslik;
yer uchastkasini asrash, uning unumdorligini saqlash va oshirish yuzasidan sarf-xarajatlar qilish;
(12-moddaning ikkinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
yangi berilgan yer uchastkasidan, agar qonun hujjatlarida boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, bir yil ichida foydalanishga kirishish;
(12-moddaning ikkinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
agrotexnika talablariga, belgilangan rejim, saqlash vazifasi va servitutlarga rioya etish;
dehqon xoʻjaligining majburiyatlari va qarzlari boʻyicha toʻla javobgar boʻlish;
xoʻjalik aʼzolari uchun xavfsiz mehnat sharoitini taʼminlash.
Qonun hujjatlarida dehqon xoʻjaligining boshqa huquq va majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
13-modda. Dehqon xoʻjaligi boshligʻining huquq va majburiyatlari
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi quyidagi huquqlarga ega:
dehqon xoʻjaligi nomidan ishonchnomasiz ish koʻrish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
ishonchnomalar berish;
bankda hisobvaraqlar ochish.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi dehqon xoʻjaligining hamda uning aʼzolarining manfaatlari himoya qilinishini va huquqlari amalga oshirilishini taʼminlashi shart.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
14-modda. Dehqon xoʻjaligi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
Dehqon xoʻjaligi aʼzolari:
xoʻjalik aʼzolari oʻrtasidagi shartnoma shartlariga koʻra birgalikda yoki yakka tartibda foydalaniladigan daromaddan oʻz ulushini olish;
qonun hujjatlariga muvofiq davlat ijtimoiy sugʻurtasidan oʻtkazilish va ijtimoiy taʼminlanish, shuningdek tovar qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish uchun dehqon xoʻjaligida sarflangan ish vaqti Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga badallar toʻlab borilgan taqdirda mehnat stajiga kiritilish huquqiga ega.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-fevraldagi 46-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib boʻlmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlash tartibini, shuningdek ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
(14-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 9-sentabrdagi OʻRQ-254-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 35-36-son, 300-modda)
Dehqon xoʻjaligi aʼzolari dehqon xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishi shart.
Qonun hujjatlarida dehqon xoʻjaligi aʼzolarining boshqa huquq va majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
4-BOB. DEHQON XOʻJALIGINING MOL-MULKI
15-modda. Dehqon xoʻjaligining mulki
Dehqon xoʻjaligi:
oʻziga qarashli uy-joylar, xoʻjalik imoratlari, qishloq xoʻjalik ekinzorlari va koʻchatzorlari, dov-daraxtlar, mahsuldor chorva mollar, parrandalar, qishloq xoʻjalik texnikasi, asbob-uskuna va ashyo-anjomlari, transport vositalari, pul mablagʻlari, intellektual mulk obyektlariga, shuningdek boshqa mol-mulklarga;
ishlab chiqarish faoliyati natijasida yetishtirilgan mahsulotga;
olingan daromadga (foydaga);
qonunda taqiqlanmagan asoslarda ega boʻlingan boshqa mol-mulkka mulkdordir.
16-modda. Dehqon xoʻjaligining mol-mulkiga boʻlgan mulk huquqi
Dehqon xoʻjaligining oʻziga qarashli mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi davlat himoyasidadir.
Dehqon xoʻjaligining mol-mulki, agar uning aʼzolari oʻrtasidagi kelishuvga binoan umumiy ulushli mulk tashkil etish nazarda tutilgan boʻlmasa, uning aʼzolariga umumiy birgalikdagi mulk asosida qarashli boʻladi.
Dehqon xoʻjaligining mol-mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish xoʻjalik aʼzolarining oʻzaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mol-mulkni hosil qilish, koʻpaytirish, olish, sotish, uni ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga olish huquqiga ega.
(16-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
17-modda. Dehqon xoʻjaligining mablagʻlari va hisob-kitoblari
Dehqon xoʻjaligi pul muomalasini yuritish hamda pul mablagʻlarini saqlab turish va bu mablagʻlarni erkin tasarruf etish uchun bank muassasasida hisobvaraqlar ochish huquqiga ega. Dehqon xoʻjaligining hisob-kitob hisobvaragʻidan mablagʻlarni faqat uning roziligi yoki sudning qarori bilan hisobdan chiqarish mumkin.
18-modda. Dehqon xoʻjaligining mol-mulkini meros qilib qoldirish
Dehqon xoʻjaligining mol-mulki fuqarolik qonun hujjatlari normalariga muvofiq meros qilib qoldiriladi. Xoʻjalikda faoliyatni davom ettirayotgan merosxoʻrlar meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma berilganlik uchun davlat boji toʻlashdan ozod etiladilar.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining V-boʻlimiga (“Vorislik huquqi”) qarang.
5-BOB. DEHQON XOʻJALIGI FAOLIYATINING ASOSLARI
19-modda. Dehqon xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyati
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyati yoʻnalishlarini, ishlab chiqarish tuzilishi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi. Dehqon xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining qonunlarda taqiqlanmagan har qanday turi, shuningdek qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanishga haqli.
Dehqon xoʻjaligi oʻzi yetishtirayotgan va realizatsiya qilayotgan mahsulot sifatiga oid amaldagi normativ va standartlarga, ekologiyaga, sanitariyaga oid hamda qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan boshqa talab va qoidalarga rioya etishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaliklarining xoʻjalik faoliyatiga, shu jumladan ular tomonidan agrotexnika usullarini, yetishtiriladigan mahsulot turlarini tanlashda, uning narxini va uni realizatsiya qilish yoʻnalishlarini aniqlashda davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 34-moddasiga qarang.
(19-modda uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 23-modda)
Davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining va fuqarolarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) natijasida, shuningdek bunday organlar, tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining dehqon xoʻjaligiga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlarni lozim darajada bajarmasliklari oqibatida dehqon xoʻjaligiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi kerak.
Yuridik shaxs tariqasida roʻyxatga olingan dehqon xoʻjaligi tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqa shakllarda xoʻjalik yurituvchi korxonalar bilan teng shartlarda amalga oshiradi.
20-modda. Dehqon xoʻjaligida mehnat
Dehqon xoʻjaligining faoliyati xoʻjalik aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Dehqon xoʻjaligidagi muayyan ishni bajarishga boshqa shaxslar mehnat shartnomasi asosida vaqtincha jalb etilishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligining aʼzolari dehqon xoʻjaligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ixtiyoriy ravishda badallar toʻlangan taqdirda davlat ijtimoiy sugʻurtasidan oʻtkazilishi lozim.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 9-sentabrdagi OʻRQ-254-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 35-36-son, 300-modda)
Dehqon xoʻjaligining barcha aʼzolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga badallar toʻlab borayotgan dehqon xoʻjaligi aʼzolarining mehnat faoliyati hisobini dehqon xoʻjaligi boshligʻi yuritadi.
(20-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 9-sentabrdagi OʻRQ-254-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 35-36-son, 300-modda)
Dehqon xoʻjaligida ishlangan vaqt davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha badallar toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimida mehnat daftarchasini belgilangan tartibda rasmiylashtirgan holda mehnat stajiga qoʻshiladi.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-fevraldagi 46-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib boʻlmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlash tartibini, shuningdek ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom, Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomaga (roʻyxat raqami 402, 29.01.1998-y.) qarang.
(20-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 9-sentabrdagi OʻRQ-254-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 35-36-son, 300-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq xoʻjaligi kooperativida (shirkat xoʻjaligida), boshqa qishloq xoʻjaligi yoki oʻrmon xoʻjaligi korxonasida, muassasasida, tashkilotida ishlayotgan dehqon xoʻjaligi aʼzosining mehnat faoliyati hamda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha badallar toʻlashi hisobini yuritish tegishincha mazkur kooperativ (shirkat xoʻjaligi), korxona, muassasa va tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
(20-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Dehqon xoʻjaligi aʼzolariga ijtimoiy sugʻurta boʻyicha davlat nafaqalari va pensiyalar tayinlash hamda toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-fevraldagi 46-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib boʻlmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlash tartibini, shuningdek ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga qarang.
21-modda. Mahsulotni dehqon xoʻjaligi tomonidan realizatsiya qilish tartibi
Dehqon xoʻjaligi oʻzi yetishtirayotgan mahsulotni realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan ixtiyoriylik asosida xoʻjalik shartnomalari tuzish huquqiga ega. Taraflar shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda, qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 24-bobiga (“Majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik”), Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunining V-boʻlimiga (“Shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik”) qarang.
Dehqon xoʻjaligi oʻzi yetishtirayotgan mahsulotga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib mustaqil ravishda baho belgilaydi.
22-modda. Dehqon xoʻjaliklarining birgalikdagi faoliyati
Dehqon xoʻjaliklari ixtiyoriylik asosida, shu jumladan ulushli (pay) asosda mahsulot yetishtirish, xarid qilish, uni qayta ishlash va sotish, moddiy-texnika taʼminoti, qurilish, texnikaviy, suv xoʻjaligi, veterinariya, agrokimyo, maslahat berish yoʻsinidagi va boshqa xil xizmat koʻrsatish boʻyicha kooperativlarga (shirkatlarga), jamiyatlarga, ittifoqlarga, uyushmalarga va boshqa birlashmalarga birlashish, kirish huquqiga ega.
Dehqon xoʻjaliklarining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi majburiydir.
(22-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-apreldagi OʻRQ-533-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2019-y., 03/19/533/2885-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-138-sonli Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2007-y., 52-son, 533-modda)
24-modda. Dehqon xoʻjaligini kreditlash va sugʻurtalash
Yuridik shaxs tashkil etgan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari faoliyatni amalga oshirish uchun kredit olishlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki va pul mablagʻlarini ixtiyoriylik asosida va shartnoma shartlarida, shu jumladan dehqon xoʻjaliklarini kreditni uzishning zarur garov, sugʻurta hamda boshqa kafolatlarini taʼminlagan holda imtiyozli kreditlashga jalb etishlari, shuningdek xususiy kichik tadbirkorlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlarning barcha turlaridan foydalanishlari mumkin.
Dehqon xoʻjaligini ishlab chiqarish ahamiyatiga molik obyektlar qurilishi, asosiy ishlab chiqarish vositalarini xarid etish uchun uzoq muddatli kreditlash va joriy ishlab chiqarish faoliyati uchun qisqa muddatli kreditlash kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Dehqon xoʻjaligi oʻziga qarashli va ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining (koʻchatzorlarining), koʻp yillik dov-daraxtlarning, yetishtirilgan mahsulotning, xomashyoning, materiallarning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun oʻzining javobgarlik xavfini ixtiyoriylik asosida sugʻurta qildiradi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda sugʻurta tovoni oladi.
25-modda. Dehqon xoʻjaliklarini davlat yoʻli bilan va boshqa tarzda qoʻllab-quvvatlash
(25-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Davlat qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish va uni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi dehqon xoʻjaliklarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Davlat organlari dehqon xoʻjaligini rivojlantirish va mustahkamlashga koʻmaklashishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari, qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
(25-modda uchinchi qismining birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 555-modda)
ishlab chiqarish va ijtimoiy-maishiy ahamiyatga molik obyektlari boʻlmagan hududda dehqon xoʻjaliklari tashkil etilganida uni birlamchi obodonlashtirish (yoʻllar, elektr uzatish va aloqa liniyalari qurish, suv bilan taʼminlash, gazlashtirish, telefonlashtirish, radiolashtirish, yer tuzish, yerlarni melioratsiyalash) ishlarini amalga oshiradi;
dehqon xoʻjaliklariga ishlab chiqarish obyektlari va turar joylarni barpo etishda yordam koʻrsatadi;
dehqon xoʻjaligi uchun kerakli mol-mulk va ishlab chiqarish vositalarini birjalarda, yarmarkalarda, bozorlarda yuridik va jismoniy shaxslardan olishda koʻmaklashadi;
navli urugʻlik va qishloq xoʻjalik ekinlarining koʻchat materiallarini, organik va mineral oʻgʻitlarni, qishloq xoʻjalik ekinlarini zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish vositalarini yetkazib berish yuzasidan davlat agrotexnika xizmati koʻrsatish tizimi orqali texnikaviy xizmat koʻrsatadi;
qishloq xoʻjaligi texnikasi, asbob-uskunalari va ashyo-anjomlarini lizing asosida olishda koʻmaklashadi;
chorva mollar va parrandalar boqish uchun shartnoma asosida aralash ozuqa ajratadi, yosh chorva mollar va parrandalar, zotdor qoramollar olishda koʻmaklashadi;
dehqon xoʻjaliklarining chorva mollariga veterinariya xizmati koʻrsatish uchun zarur sharoitlar yaratadi;
(25-moddaning uchinchi qismi sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
dehqon xoʻjaliklarida yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotini tayyorlash va realizatsiya qilishda koʻmaklashadi;
konsalting va axborot xizmatlari koʻrsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(25-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari dehqon xoʻjaligiga berilgan yerlardan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiradilar hamda yerdan samarali va oqilona foydalanilishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻradilar.
(25-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)
Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari dehqon xoʻjaliklarining yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanilishi, shu jumladan yerlarga ishlov berilishining holati, urugʻlar, koʻchatlar va daraxtlarning ekilishi, issiqxonalar qurilishi, chorva va parrandaning koʻpaytirilishi yuzasidan uylarni aylanib chiqish orqali muntazam ravishda monitoring oʻtkazishga haqli.
(25-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-apreldagi OʻRQ-533-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2019-y., 03/19/533/2885-son)
26-modda. Dehqon xoʻjaligi faoliyatining natijalarini hisobga olish
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyatining natijalarini hisobga olib boradi.
6-BOB. DEHQON XOʻJALIGINI TUGATISh (FAOLIYATINI TOʻXTATISh)
27-modda. Dehqon xoʻjaligini tugatish (faoliyatini toʻxtatish) asoslari
Dehqon xoʻjaligi quyidagi hollarda tugatiladi (faoliyati toʻxtatiladi):
xoʻjalik faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan bironta ham xoʻjalik aʼzosi yoki merosxoʻr qolmagan boʻlsa;
yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqidan ixtiyoriy voz kechilganda;
(27-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
yer uchastkasi qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganda;
(27-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
belgilangan soliqlar muttasil toʻlanmaganda;
agar qonun hujjatlarida boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, yangi berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida foydalanishga kirishmagan taqdirda;
(27-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 21-dekabrdagi OʻRQ-506-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son)
dehqon xoʻjaliklari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari bir necha marta yoki bir marta, lekin qoʻpol ravishda buzilganda.
28-modda. Dehqon xoʻjaligini tugatish (faoliyatini toʻxtatish) tartibi
Dehqon xoʻjaligi:
dehqon xoʻjaligi aʼzolarining qaroriga binoan;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga binoan tugatiladi (faoliyati toʻxtatiladi).
Dehqon xoʻjaligini tugatish (faoliyatini toʻxtatish) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53—56-moddalariga qarang.
7-BOB. YAKUNLOVChI QOIDALAR
29-modda. Nizolarni hal etish
Dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish, ularning faoliyati va tugatilishi bilan bogʻliq nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
30-modda. Majburiyatlar boʻyicha javobgarlik
Dehqon xoʻjaligi oʻz majburiyatlari boʻyicha qonunlarga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki bilan javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Dehqon xoʻjaligi aʼzolari dehqon xoʻjaligi mol-mulki yetarli boʻlmaganda, qonun hujjatlariga muvofiq dehqon xoʻjaligining majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga tegishli mol-mulk bilan solidar ravishda subsidiar javobgar boʻladi.
(30-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 14-yanvardagi OʻRQ-199-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2009-y., 3-son, 9-modda)
Davlat dehqon xoʻjaligining majburiyatlari boʻyicha, dehqon xoʻjaligi esa davlat majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
31-modda. Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Dehqon xoʻjaligi qonun hujjatlariga muvofiq xoʻjalik aʼzolarining va unda vaqtinchalik asosda ishlayotgan shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga ular mehnat majburiyatlarini bajarish chogʻida yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan uning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlgan qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan dehqon xoʻjaligida mablagʻ boʻlmagan yoxud yetarli boʻlmagan taqdirda, undirilishi lozim boʻlgan summalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan toʻlanadi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-son Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 18-modda)
Dehqon xoʻjaligining hamda uning aʼzolarining yerdan belgilangan maqsadda va samarali foydalanmaganlik uchun javobgarligi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 60, 65, 67—69-moddalariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197-moddasiga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 30-aprel,
604-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 88-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda; 5-son, 89-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2005-y., 21-son, 148-modda; 2007-y., 52-son, 533-modda; , 2008-y., 52-son, 513-modda; 2009-y., 3-son, 9-modda, 52-son, 555-modda; 2010-y., 35-36-son, 300-modda; 2013-y., 41-son, 543-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2018-y., 03/18/506/2356-son; 05.04.2019-y., 03/19/533/2885-son; 30.09.2020-y., 03/20/639/1342-son)