Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
AHOLINI SIL KASALLIGIDAN MUHOFAZA QILISH TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari
Ushbu Qonun sil kasalligining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy, tibbiy, sanitariya-gigiyenaga oid, epidemiyaga qarshi va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishning, shuningdek sil kasalligiga chalingan bemorlarni aniqlash, davolash, dispanser koʻrigidan oʻtkazish va reabilitatsiya qilishning huquqiy asoslarini belgilaydi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
BCG — Kalmett-Geren batsillasi: sil kasalligi mikrobining vaksina sifatida qoʻllaniladigan kuchsizlantirilgan shtammi (koʻrinishi);
vaksinatsiya — sil kasalligining oldini olish maqsadida chaqaloqlarda faol immunitet hosil qilish usuli;
revaksinatsiya — kasal yuqtirmaslik bobidagi yoʻqolgan xususiyatni tiklash yoki sil kasalligiga nisbatan yanada kuchliroq darajada immunitet hosil qilish uchun odam yoki hayvon organizmiga takroriy ravishda vaksina kiritish;
sil kasalligi — sil mikobakteriyalari qoʻzgʻatadigan yuqumli kasallik;
sil kasalligining yuqumli shakllari — sil kasalligining sil mikobakteriyalarini chiqarib turadigan faol shakllari;
sil kasalligiga koʻra noqulay boʻlgan chorvachilik obyekti — hayvonlarning sil kasalligiga chalinish holati mavjud boʻlgan obyekt;
sil mikobakteriyalari (mikroorganizmlar) — sil kasalligini qoʻzgʻatuvchilar;
tuberkulin yordamida tashxis qoʻyish — kasallikni aniqlash uchun odam va hayvonlarni tuberkulin yordamida tekshirish usuli.
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishning asosiy prinsiplari
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
sil kasalligi tarqalishining oldini olishga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishning izchilligi va doimiyligi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, mamlakatimizda doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga sil kasalligiga qarshi bepul yordam koʻrsatish.
5-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishni taʼminlash
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish profilaktika tadbirlari, tibbiy koʻriklar oʻtkazish va aholini sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida, shuningdek davlat sogʻliqni saqlash tizimining boshqa muassasalarida sil kasalligidan davolash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda majburiy tarzda BCG bilan chaqaloqlarni vaksinatsiya va bolalarni revaksinatsiya qilish hamda tuberkulin yordamida tashxis qoʻyish amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud boʻlgan shaxslarning bajarishi ijozat etilmaydigan ishlar roʻyxatini qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlaydi. Roʻyxatda koʻrsatilgan ishlarni bajarishi ijozat etilgan shaxslarni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ularni albatta bakterioskopik tekshiruvdan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan davriylikda rentgen-flyuorografiya tekshiruvidan oʻtkazishni oʻz ichiga oladi.
(5-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2021-yil 19-oktabrdagi 31-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud boʻlgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar roʻyxati.
Sil kasalligining yuqumli shakllariga chalingan bemorlarning yotoqxonalarga koʻchib kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga chalingan bemorlarning yashash, ish, oʻqish joylarida (epidemiya oʻchoqlarida) epidemiyaga qarshi va sogʻlomlashtirish tadbirlari qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(5-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi PQ-4191-sonli “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
6-modda. Sil kasalligiga chalingan shaxslarni hisobga olish
Oldingi tahrirga qarang.
Tibbiyot muassasalari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, Davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Davlat bojxona qoʻmitasining tibbiy xizmatlari tibbiy koʻrik natijasida sil kasalligi borligi aniqlangan shaxslar haqida ularning turar joylaridagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarini xabardor qilishlari shart.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentabrdagi OʻRQ-564-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son)
Sil kasalligiga chalingan shaxslar turar joylaridagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida hisobga olinadi.
7-modda. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarni sil kasalligidan muhofaza qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar sil kasalligining oldini olish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 23-martdagi 67-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya taʼminoti boʻyicha qoidalarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3159, 20.05.2019-y.) qarang.
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar sil kasalligiga chalingan hollarda ularga zarur tibbiy yordam koʻrsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, sil kasalligining yuqumli shakllariga chalingan shaxslar ajratib qoʻyiladi va davolash uchun ixtisoslashtirilgan sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga qonunchilikda belgilangan tartibda yotqiziladi.
(7-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2019-yil 23-martdagi 67-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya taʼminoti boʻyicha qoidalarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3159, 20.05.2019-y.) qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tibbiy xizmati xodimlari tergov hibsxonalarida yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning turar joylaridagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarini quyidagilardan xabardor qilishlari shart:
mazkur shaxslar sil kasalligiga chalinganligi ilk bor aniqlangan har bir holat haqida;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinayotgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar haqida;
mazkur shaxslarning sil kasalligidan vafot etganligi holatlari haqida.
Jazoni ijro etish muassasalari maʼmuriyati ozod qilinish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarda jazoni oʻtab boʻlgan shaxslarda sil kasalligi bor-yoʻqligi haqida belgi qoʻyishi shart.
Ichki ishlar organlari:
Oldingi tahrirga qarang.
jazoni ijro etish muassasasidan kelgan, sil kasalligiga chalingan bemor shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoki boshqa hujjatini rasmiylashtirish paytida sil kasalligiga qarshi kurash muassasasini u xizmat koʻrsatayotgan hududga sil kasalligiga chalingan bemor kelganligi haqida xabardor qiladi va uning yashash manzilini koʻrsatadi;
(7-modda oltinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)
jazoni ijro etish muassasalaridan kelgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida hisobga olinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
8-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishga doir veterinariya-sanitariya tadbirlari
Oldingi tahrirga qarang.
Veterinariya xizmatlari aholini sil kasalligidan muhofaza qilish maqsadida hayvonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi belgilagan tartib va muddatlarda majburiy tarzda tuberkulin yordamida tashxis qoʻyishdan oʻtkazadi.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Sil kasalligiga chalingan va sogʻlom hayvonlarni birga saqlash, shuningdek sil kasalligiga koʻra noqulay boʻlgan chorvachilik obyektlaridagi hayvonlar va chorvachilik mahsulotlarini erkin realizatsiya qilish taqiqlanadi.
Sil kasalligiga koʻra noqulay boʻlgan chorvachilik obyektlaridagi hayvonlar belgilangan tartibda faqat goʻsht kombinatlarida va kushxonalarda soʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sil kasalligidan oʻlgan hayvonlarni, shuningdek ularning zararlangan aʼzolari, toʻqimalari va tanalarini utilizatsiya qilish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(8-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 17-fevraldagi 8/B-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Yuqumli kasallikka chalingan hayvonlarga xizmat koʻrsatishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari.
Sanitariya-epidemiologiya, veterinariya xizmatlari muassasalari hamda sil kasalligiga qarshi kurash muassasalari odamlar va hayvonlarning sil kasalligiga chalinish hollari toʻgʻrisida oʻzaro xabar berib turilishini taʼminlaydilar.
9-modda. Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatish
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatish sil kasalligining oldini olishga, unga barvaqt tashxis qoʻyish, uni vaqtida va malakali davolashga qaratilgan maxsus profilaktika, sanitariya-epidemiologiya va veterinariya tadbirlari oʻtkazishni oʻz ichiga oladi.
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam fuqarolar ixtiyoriy ravishda murojaat qilganda, ularning oʻz roziligiga koʻra yoxud qonuniy vakillarining roziligi bilan koʻrsatiladi.
Davlat organlari aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatish uchun:
sil kasalligiga qarshi ambulatoriya, statsionar va sanatoriy yordami koʻrsatuvchi muassasalarni tashkil etadi;
sil kasalligiga chalingan bolalarni sil kasalligiga qarshi kurashuvchi statsionar va sanatoriy muassasalarida oʻqitish uchun sharoitlar yaratadi;
sil kasalligiga chalingan shaxslarning mehnat terapiyasini tashkil etish hamda ularni yangi kasblarga oʻrgatish uchun sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida davolash-mehnat ustaxonalarini barpo etadi;
sil kasalligiga chalingan shaxslarga ijtimoiy yordam koʻrsatish maqsadida boshqa chora-tadbirlarni koʻradi.
10-modda. Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatilishi ustidan nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
(10-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
11-modda. Sil kasalligiga chalingan shaxslarning huquqlari
Sil kasalligiga chalingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
oʻzlariga nisbatan muruvvatli va insoniy muomala qilinishi;
oʻz huquqlari toʻgʻrisida hamda chalingan kasalliklarining xususiyati va qoʻllanilayotgan davolash usullari haqida maʼlumot olish;
sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishning barcha turlarini, shu jumladan ambulatoriya va statsionar sharoitlarida maslahat-tashxis qoʻyish, davolash va reabilitatsiya yordamini, sil kasalligi bilan bogʻliq barcha ekspertiza turlarini, sanitariya-profilaktika yordamini olish;
ixtisoslashtirilgan sanatoriylarda davolanish;
ijtimoiy-maishiy yordam olish;
ishga joylashishda koʻmak olish;
oʻqish va qayta taʼlim olish.
Oldingi tahrirga qarang.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanayotgan shaxslar mazkur moddada nazarda tutilgan barcha huquqlardan foydalanadi, shu jumladan biror-bir cheklovlarsiz xatlar yozish va olishga, posilkalar, banderollar va pul joʻnatmalari olishga, telefondan foydalanishga, eng zarur narsalarga ega boʻlish va ularni olishga, oʻz kiyim-boshidan foydalanishga haqli.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Sil kasalligiga chalinish oqibatida mehnat qobiliyatini vaqtinchalik yoʻqotgan shaxslarning ish joyi, egallab turgan lavozimi belgilangan tartibda ularda saqlanib turadi hamda ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 364-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yotoqxonalarda, shuningdek aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining turar joylarida yashovchi shaxslarda sil kasalligining yuqumli shakllari aniqlangan taqdirda, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda alohida uy-joy maydoni beriladi.
(11-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 42, 58-moddalari, “Bemorning uy-joy maydoni koʻpaytirilishi mumkin boʻlgan ayrim ogʻir turdagi surunkali kasalliklarning roʻyxati” (roʻyxat raqami 1060, 10.08.2001-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga chalingan shaxslarning bolalari koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlariga, maktablar, internatlar va sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalariga navbatdan tashqari qabul qilinish huquqidan foydalanadilar.
(11-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi yoki sanatoriysida davolanayotgan bolalarga umumiy oʻrta taʼlim dasturi boʻyicha oʻqish imkoniyati yaratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga chalingan va shu tufayli nogironligi boʻlgan bola deb topilgan bolalarning ota-onalari (qonuniy vakillari) sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida bolalari bilan birga boʻlish huquqiga egadirlar.
(11-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
Sil kasalligiga chalingan bemorlar va ularni kuzatib boruvchi shaxslar sil kasalligiga qarshi kurash sanatoriysiga borib kelishda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan yiliga bir marta tekin yurish huquqiga ega. Sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga maslahat olish va davolanish uchun chaqirilayotgan yoki yuborilayotgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tekin yurish (borib kelish) huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martdagi 153-son “Ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar roʻyxatini tasdiqlash va bunday kasalliklarga duchor boʻlgan shaxslarga imtiyozlar belgilash toʻgʻrisida”gi qarori.
12-modda. Sil kasalligiga chalingan shaxslarning majburiyatlari
Sil kasalligiga chalingan bemorlar:
jamoat joylarida, ish, oʻqish joyida, jamoat transportidan foydalanishda, shuningdek yashash joylarida shu toifadagi bemorlar uchun belgilangan sanitariya normalari va qoidalariga rioya etishga;
tibbiyot xodimining davolanish rejimiga, kundalik turmush va ishdagi yurish-turishiga doir tavsiyalarini bajarishga;
tibbiyot xodimining chaqiruviga muvofiq sil kasalligiga qarshi kurash muassasasiga kelishga;
turar joyi oʻzgargan taqdirda oʻn kunlik muddat ichida yangi joydagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida hisobga turishga majburdirlar.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan va shifokor belgilagan davolanishdan boʻyin tovlayotgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 54-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2571-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
121-modda. Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, tibbiy tekshiruvdan va (yoki) davolanishdan boʻyin tovlayotgan shaxsni davolash
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, dispanser hisobida turgan hamda tibbiy tekshiruvdan va (yoki) davolanishdan boʻyin tovlayotgan shaxs sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga sudning hal qiluv qarori asosida gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizilishi kerak.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish toʻgʻrisidagi ariza ushbu muassasa tibbiy komissiyasining tibbiy tekshiruvdan va (yoki) davolanishdan boʻyin tovlayotgan mazkur shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish zarurligi haqidagi xulosasi qabul qilingan kundan eʼtiboran bir sutka ichida beriladi. Ariza sudga shaxs dispanser hisobida turgan yoki davolanayotgan yoxud uning yashash (turgan) joyidagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi tomonidan beriladi.
(121-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
122-modda. Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlishi muddatlari
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlishining davomiylik muddati olti oygacha etib belgilanadi.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda turgan shaxs oʻzining mazkur muassasadan chiqarilishi yoki ushbu muassasada yotishi muddati uzaytirilishi masalasi hal etilishi uchun oʻzidan sil mikobakteriyalari ajralib chiqishi nuqtai nazaridan har oyda kamida bir marta belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda yotishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza ushbu muassasa tibbiy komissiyasining shaxs davolanishda boʻlgan muassasada yotishi muddatini uzaytirish zarurligi haqidagi xulosasi asosida sudga beriladi.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlishi muddati ushbu muassasa tibbiy komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan olti oygacha uzaytirilishi mumkin.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlgan shaxs mazkur muassasadan quyidagilar asosida chiqarilishi kerak:
oʻzidan sil mikobakteriyalari ajralib chiqishi barqaror ravishda tugagan taqdirda sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi tibbiy komissiyasining xulosasi;
sudning sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish muddatini uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlgan shaxs mazkur muassasadan chiqarilganidan keyin yashash joyida dispanser kuzatuvida boʻlish va davolanishni davom ettirish uchun yuboriladi.
(122-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
123-modda. Sudning sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini ijro etish
Oldingi tahrirga qarang.
Sudning sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini ijro etish qonunchilikda belgilangan tartibda ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(123-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 18-sentabrdagi “Shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga hamda sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga yotqizish yoki uning ushbu muassasalarda yotishi muddatini uzaytirish bilan bogʻliq fuqarolik ishlari boʻyicha sud amaliyoti haqida”gi 14-son qarori.
13-modda. Sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishda ishtirok etayotgan xodimlar uchun kafolatlar va imtiyozlar
Oldingi tahrirga qarang.
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar mehnat sharoiti noqulay va oʻziga xos ishlarda band boʻlgan shaxslar jumlasiga kiritiladi va ularga qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.
(13-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 758-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-oktabrdagi 637-son “Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning roʻyxatini hamda ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarga ular xizmat vazifalarini bajarish chogʻida sil kasalligi yuqsa, bu — kasbiy kasalliklar toifasiga kiritiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 1-dekabrdagi PQ-229-son “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidaqarori.
14-modda. Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishni moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari manbalar va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(14-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 54-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 11-may,
215-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 84-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 553-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son; 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)