O‘zbekiston Respublikasining qonuni
ADVOKATLIK FAOLIYATINING KAFOLATLARI VA ADVOKATLARNING IJTIMOIY HIMOYASI TO‘G‘RISIDA
1-modda. Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatlik faoliyati bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, shug‘ullanishga haqlidir.
(1-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-963-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-sonli “Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziya beriladi.
(1-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-son qarori bilan tasdiqlangan Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizom bilan belgilangan.
2-modda. Advokatlik faoliyatining asosiy prinsiplari
Advokatlik faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
advokatning mustaqilligi;
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatning kasb etikasi qoidalariga, advokatlik siri va advokat qasamyodiga qat’iy rioya etish;
(2-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-198-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 514-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Advokatura to‘g‘risida” Qonunining 9-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda man qilinmagan usullar va vositalarni qo‘llash.
(2-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 141-moddasining ikkinchi qismi.
3-modda. Advokat qasamyodi
Advokat tegishli malaka komissiyasining majlisida quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“O‘z kasbiy burchimni halol va vijdonan bajarishga, inson huquqlari va erkinliklarini hamisha himoya qilishga, advokatlik sirini saqlashga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga tantanali qasamyod qilaman”.
4-modda. Advokatning vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Advokat O‘zbekiston Respublikasining butun hududida, shuningdek, agar olingan topshiriqni bajarish zaruriyati taqozo etsa va tegishli davlatlarning qonunchilikka zid bo‘lmasa, respublika tashqarisida ham advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
(4-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muayyan ishni olib borishga advokatning vakolatli ekanligi order bilan tasdiqlanadi.
Advokat, taraf sifatida, sud ishlarini yuritishning hamma bosqichida protsessning barcha ishtirokchilari bilan teng huquqlarga ega.
Advokat quyidagi huquqlarga ega:
qonunda belgilangan tartibda ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur ma’lumotlarni ko‘chirib olish;
 LexUZ sharhi
Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha himoyachi sifatida advokat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 375 — 378-moddalarida belgilangan tartibda jinoyat ishi tamomlangandan keyin undagi barcha materiallar bilan tanishib chiqish va ushbu ishdagi hujjatlardan ko‘chirmalar yozib olishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
o‘z himoyasidagi shaxs bilan u ushlangan paytdan boshlab qonunchilikda belgilangan tartibda miqdori va muddati cheklanmagan xoli uchrashuvlar o‘tkazish;
(4-modda to‘rtinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 230-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza o‘tkazilishini so‘rash;
ekspertiza xulosasi ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish;
(4-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 3-avgustdagi O‘RQ-786-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 03/22/786/0705-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-moddaning to‘rtinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-198-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
ish materiallari bilan tanishish hamda ishni sudda va boshqa organlarda ko‘rish chog‘ida ovoz yozish qurilmalari hamda boshqa texnika vositalaridan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish;
(4-modda to‘rtinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga muvofiq, sud zalida ovozlarni yozib olish, fotosuratga, videoyozuvga, kinoga olishga faqat sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
agar jinoyat ishini yuritishda, shuningdek fuqarolik ishini, iqtisodiy ishni yoki ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish va hal etishda himoyani yoki vakillikni amalga oshirish zaruriyati taqozo etsa, davlat sirlari, tijorat siri yoki boshqa sir hisoblangan ma’lumot bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tanishish.
(4-modda to‘rtinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 89-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Advokat qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega.
(4-modda beshinchi qismidagi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Advokat:
yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan yuridik va jismoniy shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida maslahat berishi;
yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan shaxsning ishiga uning holatini og‘irlashtiradigan kasbiy nuqtai nazar bilan yondashmasligi;
Oldingi tahrirga qarang.
ishonch bildiruvchi shaxsning (o‘z himoyasi ostidagi shaxsning) nuqtai nazariga ko‘ra noqonuniy qaror chiqarilgan taqdirda, bu qaror ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishi shart.
(4-moddaning oltinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-198-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 514-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi.
Oldingi tahrirga qarang.
Advokat qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
(4-modda yettinchi qismidagi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Advokatning boshqa huquq va majburiyatlari “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonun (6 va 7-moddalari)da, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan.
5-modda. Advokatning mustaqilligini ta’minlash
Advokatning mustaqilligi:
unga qonunda belgilangan tartibda advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijozat berish, bu faoliyatni to‘xtatib turish va tugatish;
 LexUZ sharhi
Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani to‘xtatib turish va tugatish tartibi “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunning 14 — 16-moddalarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-son qarori bilan tasdiqlangan Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-bobida nazarda tutilgan.
advokatning daxlsizligi;
advokatlik sirini oshkor etishni talab qilishni man etish;
advokat olib borayotgan ishlarga aralashganlik yoxud advokatning daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik;
davlat tomonidan unga advokatlik faoliyati kafolatlari berilishi hamda ijtimoiy himoyalanishi orqali ta’minlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Advokatura to‘g‘risida” Qonunining 12-moddasi.
6-modda. Advokatning daxlsizligi
Advokatning shaxsi daxlsiz. Advokatning daxlsizligi uning uy-joyiga, xizmat xonasiga, foydalanishidagi transporti va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga ham taalluqlidir.
Advokatga nisbatan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatning uy-joyi yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanishidagi transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish, uning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, advokatni ko‘zdan kechirish va shaxsiy tintuvdan o‘tkazish, xuddi shuningdek uning pochta-telegraf jo‘natmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish yoki olib qo‘yish, advokatni majburiy keltirish, ushlab turish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi bilan amalga oshirilishi mumkin.
(6-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30-noyabrdagi O‘RQ-651-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2020-y., 03/20/651/1577-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi advokatga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat prokurorlari, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning iltimosnomasiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llanilishi mumkin.
(6-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi O‘RQ-411-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 39-son, 457-modda)
Advokatning ish bo‘yicha huquqiy nuqtai nazariga nisbatan surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas.
Advokatni yuridik va jismoniy shaxslarga qonunga muvofiq yuridik yordam ko‘rsatganligi munosabati bilan jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki unga shunday javobgarlikka tortish bilan tahdid qilish mumkin emas.
7-modda. Advokatlik faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi
Advokat yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganida uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatdan va uning yordamchisidan va stajyoridan advokatlik siri predmeti hisoblangan holatlar to‘g‘risida biron-bir tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar berishni talab qilish, shuningdek ular haqida tezkor-qidiruv faoliyatida, jinoyat ishlari, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar va boshqa ishlarni yuritishda foydalanish uchun biron-bir material taqdim etishni talab qilish man etiladi.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-198-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatlik faoliyatini amalga oshirishda biron-bir maxsus ruxsatnoma (order va advokat guvohnomasidan tashqari) talab qilish yoki boshqa to‘siqlar vujudga keltirish man etiladi;
(7-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-198-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatning muayyan ishni o‘rganishiga to‘sqinlik qilish yoki ishonch bildiruvchi shaxsning (o‘z himoyasi ostidagi shaxsning) qonuniy manfaatlariga zid keluvchi nuqtai nazarni majburan egallashiga erishish maqsadida unga qanday shaklda bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatish, shuningdek advokatga tahdid qilish, uni haqoratlash, unga nisbatan tuhmat qilish, kuch ishlatish yoki uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tajovuz qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
(7-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 142-moddasi.
8-modda. Advokatlik faoliyati himoyalanishini ta’minlash
Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi.
Advokatning o‘z himoyasidagi shaxs bilan xoli uchrashuvlar o‘tkazishini, jinoyat ishiga doir barcha materiallar bilan tashishib chiqishi va undan zarur ma’lumotlarni ko‘chirib olishini rad etish man qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik yordam berish bilan bog‘liq axborotni talab qilib olish, olib qo‘yish, ko‘zdan kechirish, tekshirish, undan nusxa ko‘chirish, bunday axborotni to‘plash va undan foydalanishga faqat advokat ayblanuvchi tariqasida javobgarlikka tortilgan taqdirda, boshqa hollarda — jinoyat, fuqarolik ishlari, iqtisodiy ishlar, intizomiy ishlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda esa, faqat yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
(8-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Davlat tomonidan advokatga quyidagilar ta’minlanadi:
kasbiy vazifalarini bajarish imkoniyati;
O‘zbekiston Respublikasi hududida, shuningdek uning tashqarisida yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslarga maslahat berish imkoniyati;
o‘z kasbiy vazifalarini bajarishi tufayli hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf-xatar yuzaga kelganda zarur darajadagi himoya.
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatning kasbga oid huquqlarining davlat organlari va boshqa organlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan buzilishi qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
(8-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1971-moddasi.
9-modda. Yuridik yordamni ta’minlash kafolatlari
Har kim o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yuridik yordam so‘rab o‘zi xohlagan har qanday advokatga murojaat qilishga haqlidir.
Ushlab turilgan shaxsga, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumga advokat bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda undan maslahat olish uchun zarur shart-sharoit ta’minlanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
10-modda. Advokatning hayotini va sog‘lig‘ini muhofaza qilish
Advokatning hayoti va sog‘lig‘i davlat himoyasida bo‘ladi.
(10-modda O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-198-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 514-modda)
11-modda. Advokaturaning mablag‘lari
Advokatura notijorat tashkilotdir va faoliyatni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi.
Advokaturaning shtatlari, mansab okladlari va ma’muriy-xo‘jalik xarajatlarining smetalari moliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi lozim. Advokaturaning ish haqi fondi banklar tomonidan nazorat qilinmaydi.
12-modda. Davlat bilan advokatura o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar
Davlat har bir fuqaroning teng va erkin yuridik yordam olish huquqini ta’minlash uchun advokatura bilan hamkorlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Advokatura manfaatlariga daxldor masalalar davlat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi ishtirokida belgilangan tartibda hal etiladi.
(12-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-198-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 52-son, 514-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 27-maydagi 112-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori.
Davlat advokaturani fuqarolar murojaat etishi uchun qulay bo‘lgan joylarda zarur binolar bilan belgilangan tartibda ta’minlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Advokaturaga kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar va qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda boshqa imtiyozlar berilishi mumkin.
(12-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 25-dekabr,
721-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y.,1-son, 12-modda, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 52-son, 514-modda; 2016-y., 39-son, 457-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2020-y., 03/20/651/1577-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 04.08.2022-y., 03/22/786/0705-son; 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)