|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.03.2004
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TEMIR YOʻLLARDA YuK VA YOʻLOVChILAR TAShISh XAVFSIZLIGINI NAZORAT QILISh DAVLAT INSPEKSIYASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 2-martdagi 101-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Temir yoʻl transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 2-martdagi PF-2815-son Farmonini bajarish yuzasidan, temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish sohasidagi faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish tizimini takomillashtirish, yuk va yoʻlovchilar xavfsiz tashilishi nazorat qilinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi xodimlarining cheklangan soni 79 nafardan, shu jumladan markaziy apparat xodimlari soni 42 nafardan (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) iborat etib belgilansin.
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasida boshliqning ikki nafar, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin. Belgilansinki, “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining boshligʻi, boshliqning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi vazirining birinchi oʻrinbosariga, boshliqning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari tegishli ravishda vazir oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining taʼminoti:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yuk va yoʻlovchilar tashishdan olinadigan daromaddan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan miqdorlardagi majburiy toʻlovlar;
Oldingi tahrirga qarang.
temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuklar tashishga litsenziyalar berganlik uchun davlat boji mablagʻlarining bir qismi;
temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuklar tashishga litsenziyalar berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim;
(3-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
temir yoʻl texnikasi va asbob-uskunalarini sertifikatlashdan tushadigan mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi taʼminoti xarajatlari smetasi “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi tomonidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
4. Belgilansinki, “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, joylardagi hokimiyat organlari, temir yoʻl transporti xizmatlari koʻrsatuvchi yoki ulardan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasiga Vazirlar Mahkamasi komissiyasining qarori asosida mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik subyektlariga temir yoʻl transporti sohasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyat turlariga litsenziya berish huquqi berilsin.
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi Temir yoʻl transporti sohasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyat turlariga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi xodimlariga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining tegishli toifadagi xodimlari uchun amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash shartlari va imtiyozlar tizimi saqlab qolinsin.
7. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi xodimlariga belgilangan namunadagi kiyim-bosh kiyib yurish huquqi berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Toshkent shahri, Turkiston koʻchasi, 7-uyga joylashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Isayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 3-mart,
109-son
Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining tuzilmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi markaziy apparatining tuzilmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi) davlat organi hisoblanadi, u poyezdlar xavfsizligini taʼminlash sohasida chora-tadbirlar ishlab chiqish, ularni amalga oshirish va muvofiqlashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl maʼmuriyati funksiyalarini hamda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga oid belgilangan qoidalar va normalarga tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
2. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
3. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi yozilgan muhrga, bank hisob raqamlariga ega boʻladi.
II. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalari
4. Quyidagilar “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilarni tashish xavfsizligini taʼminlashga oid profilaktika chora-tadbirlari kompleksini ishlab chiqish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
temir yoʻllardan texnik foydalanish, shuningdek yuk va yoʻlovchilar tashishda koʻrsatiladigan xizmatlarga doir normativ hujjatlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini nazorat qilish;
temir yoʻl transporti sohasidagi faoliyatni sertifikatlash, standartlash va litsenziyalash;
poyezdlar harakati xavfsizligi qoidalari buzilishlari oqibatlarini tugatishda tiklash vositalari ishlarini taʼminlash va samaradorligini oshirish, odamlarni qutqarish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish;
loyihalarni ekspertiza qilishda hamda temir yoʻl transportining yangidan qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan obyektlarini doimiy yoki vaqtincha foydalanishga qabul qilib olish ishlarida ushbu obyektlarda poyezdlarning xavfsiz harakat qilishini taʼminlash yuzasidan qatnashish;
sanoat korxonalari va tashkilotlarining, idoraviy qarashliligidan qatʼi nazar, ularning kirish yoʻllarida harakat xavfsizligi ahvolini tekshirish;
kompaniya raisi nomenklaturasiga kiruvchi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yangidan lavozimga tayinlanayotgan xodimlari temir yoʻllardan texnik foydalanish qoidalari va yoʻriqnomalarni bilishlarini komissiya tuzib tekshirish hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining boshqa xodimlari (alohida roʻyxat boʻyicha), shuningdek, poyezdlar harakati xavfsizligi qoidalarining u yoki boshqacha buzilishlariga yoʻl qoʻygan xodimlari bilimlarini vaqti-vaqti bilan tekshirish;
poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash masalalarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik qilish.
III. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining asosiy funksiyalari
5. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻllarida texnik foydalanish qoidalariga, poyezdlar harakati va manevr ishlari yoʻriqnomasiga, signalizatsiya va aloqa yoʻriqnomasiga, shuningdek, temir yoʻl transporti texnika vositalarining avariyasiz ishlashini tartibga soluvchi boshqa yoʻriqnomalar va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini olib borish;
tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga va poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlovchi texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan profilaktika tadbirlari ishlab chiqilishi va belgilangan muddatlarda oʻtkazilishi ustidan davlat nazoratini olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va boshqa mamlakatlar hududida joylashgan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi xizmat koʻrsatadigan temir yoʻl uchastkalarida temir yoʻl hodisalari (avariya, halokat)ga oid xizmat tekshiruvlari oʻtkazilishini nazorat qilish va ularda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning yoʻlovchi tashish poyezdlari bilan boʻlgan temir yoʻl xodisalariga oid xizmat tekshiruvini oʻtkazish va boshqa davlatlar hududida yoʻlovchilar tashish poyezdlari bilan boʻlgan temir yoʻl hodisalarini tekshirishda belgilangan tartibda ishtirok etish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va tashkilotlar tomonidan oʻtkazilayotgan temir yoʻl hodisalarining xizmat tekshiruvlari toʻgʻriligini nazorat qilish;
temir yoʻl hodisalari hisobini yuritish hamda vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda poyezdlar harakati xavfsizligi ahvolini tahlil qilish, shuningdek yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligining ahvoli toʻgʻrisida manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarni xabardor qilish;
manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi hududida temir yoʻl hodisalari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni tasniflash va xizmat tekshiruvini oʻtkazish tartibi boʻyicha normativ hujjatlarni va harakatdagi sostavni va temir yoʻl transporti vositalarini sertifikatlash boʻyicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
Oldingi tahrirga qarang.
temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuklar tashish faoliyatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziyalashni tashkil etish;
(5-bandning toʻqqizinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 360-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)
temir yoʻl transporti sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarda litsenziyalar mavjudligini, ular tomonidan litsenziya shartnomalari shartlari, shuningdek tegishli qonun hujjatlari bajarilishini nazorat qilish;
ham kompaniya obyektlarida ishlovchi, ham mustaqil ishlovchi, lekin oʻz faoliyatida harakatdagi sostavdan yoki boshqa texnika vositalaridan foydalanuvchi temir yoʻl transporti boʻlinmalarining, qurilish tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning ishini ular poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash yuzasidan texnik taftishlari va tekshiruvlar oʻtkazilishini tashkil etish va ularni amalga oshirish;
temir yoʻl transporti texnika vositalarining ishonchliligini oshirish, poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlovchi texnika vositalarini joriy etish rejalari bajarilishi boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini nazorat qilish;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boʻlinmalari taftishchilari ishiga metodik rahbarlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
temir yoʻl transportida xavfli yuklar, qurol-yarogʻlar, harbiy texnika, harbiy mol-mulklar, portlovchi moddalar va buyumlar, shuningdek harbiy tarkiblar tranziti chogʻida xulosalar berish.
(5-band oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 1 maydagi 150-sonli qaroriga muvofiq toʻldirilgan — OʻR QHT, 2002-y., 9-son, 66-modda)
IV. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining huquqlari
6. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi quyidagi huquqlarga ega:
temir yoʻl hodisalariga oid oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi materiallarini belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga berish;
yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar boʻyicha vazirliklar va idoralar vakillarining, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining, shuningdek yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligi qoidalari buzilishlari hollari tekshiruvlarini oʻtkazish boʻyicha komissiyalar raislarining hisobotlari va axborotlarini eshitish;
tegishli vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalardan yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar boʻyicha normativ hujjatlar, tadbirlar rejalari, buyruqlar, yoʻriqnomalar, hujjatlar, maʼlumotlarni, shu jumladan yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligi qoidalari buzilishlari hollari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni tekshirish materiallarini talab qilish va olish;
yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha qoidalar, yoʻriqnomalar, buyruqlar va koʻrsatmalarni buzayotgan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ishdan chetlatishgacha boʻlgan choralarni koʻrish;
temir yoʻl transporti texnika vositalaridan foydalanishni va ishlarni amalga oshirishni toʻxtatish, odamlarning hayoti va salomatligiga, yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligiga xavf soluvchi nosozliklar tufayli peregonlarda, stansiyalarda va kirish yoʻllarida poyezdlar harakatini toʻxtatish yoki harakat tezligini cheklash toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;
lokomotivlar, motor vagonli harakatdagi sostav, vagonlar, yoʻllar va oʻtkazish stryelkalari, signalizatsiya va aloqa qurilmalari, bogʻlanish tarmoqlari sifatsiz taʼmirlangan hollarda ularni tuzatishdan chiqarishni taqiqlash;
lokomotivlar, vagonlar, yoʻllar, signalizatsiya va aloqa hamda elektr taʼminoti tizimlari va temir yoʻl transportining boshqa texnika vositalarining belgilangan tartib buzilgan holda oʻtkazilgan komissiya tekshiruvlari natijalarini bekor qilish;
temir yoʻl transporti sohasida oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan vazirliklar va idoralar korxonalari obyektlarini kunning har qanday vaqtida toʻsiqlarsiz tekshirish, harakatdagi sostavni va boshqa texnika vositalarini yaratish (qurish)da, sinashda, keng koʻlamda ishlab chiqarishda va ularni foydalanishga qabul qilib olishda qatnashish;
tegishli vazirliklar, idoralar, shuningdek tashkilotlar va korxonalarga (ayni paytda ushbu tashkilotlar va korxonalar tizimiga kiruvchi vazirliklar va idoralarni xabardor qilgan holda) oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash yuzasidan ishlardagi aniqlangan buzilishlar va kamchiliklarni bartaraf etish haqida koʻriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot taqdim etish muddatini belgilagan holda bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan kelishgan holda ushbu vazirliklar, idoralar apparatlari va tashkilotlar vakillarini, shuningdek ularga boʻysunuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning malakali mutaxassislarini temir yoʻl hodisalariga oid xizmat tekshiruvini oʻtkazishda ishtirok etish, temir yoʻl hodisalariga oid xizmat tekshiruvini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ekspertizalar oʻtkazish va texnikaviy maslahatlashish uchun jalb qilish;
tegishli vazirliklar va idoralarga oʻzlariga qarashli ilmiy-tadqiqot, loyihalash, konstruktorlik tashkilotlari va oliy oʻquv yurtlari rejalariga yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash, shuningdek temir yoʻl hodisalariga oid xizmat tekshiruvini oʻtkazish jarayonida tekshirishlar, sinovlar va tadqiqotlar muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilishini kiritishni topshirish;
poyezdlar harakati, yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash sohasi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirganda va tekshiruvlar oʻtkazganda xizmat vagonlari, avtomobillardan, shuningdek boshqa huquqlardan foydalanish;
lokomotivlar va poyezdlar brigadalari tarkibiga ichki va xalqaro temir yoʻllarda safar qilishda “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi xodimlarini belgilangan tartibda tekshiruvchilar sifatida kiritish.
V. Javobgarlik
7. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vakolati doirasida oʻziga yuklangan vazifalarning va qabul qilingan qarorlarning bajarilishi uchun javob beradi.
VI. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish
8. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
9. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan boshliq rahbarlik qiladi.
Boshliqning belgilangan tartibda tayinlanadigan ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi boshligʻi:
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarishi uchun shaxsan javob beradi, oʻz oʻrinbosarlari va tarkibiy boʻlinmalar boshliqlarining “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi faoliyatining alohida yoʻnalishlariga rahbarlik qilishga oid javobgarligi darajasini belgilaydi;
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida va ularni bajarish yuzasidan buyruqlar, qarorlar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi, ularning bajarilishini tashkil etadi va tekshiradi;
zarur hollarda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari, idoralari bilan birgalikda qoʻshma normativlar va yoʻriqnomalar chiqaradi.
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi boshligʻi oʻziga yuklangan funksiyalar va vazifalarni amalga oshirishda amaldagi qonun hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasi vazirining birinchi oʻrinbosariga berilgan huquqlardan foydalanadi.
11. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi boshligʻining oʻrinbosarlari oʻz zimmalariga yuklangan funksiyalar va vazifalarni amalga oshirishda amaldagi qonun hujjatlarida Oʻzbekiston Respublikasi vazirining oʻrinbosariga berilgan huquqlardan foydalanadilar.
12. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining oʻz vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
13. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasida yuk va yoʻlovchilar xavfsiz tashilishini taʼminlash, halokatlar, avariyalar, harakatdagi sostavning yoʻldan chiqishi va shu singari hollarning oldini olish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bilan bogʻliq dolzarb muammolarni koʻrib chiqish uchun vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbar xodimlari va olimlardan iborat idoralararo ilmiy-texnika kengashi tashkil etiladi. Idoralararo kengashning shaxsiy tarkibi tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlarining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi. Idoralararo kengash toʻgʻrisidagi nizom koʻrsatib oʻtilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishgan holda “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
14. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasiga xizmat tekshiruvini oʻtkazishdan olingan axborotni qayta ishlash va tahlil etish, shuningdek temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashishning xavfsizligi holatini oʻrganish bilan bogʻliq ishlarni tezkor amalga oshirish uchun halokatlar, avariyalar va harakatdagi sostavning yoʻldan chiqishi hollarini va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni xizmat tekshiruvidan oʻtkazishning usul va vositalari ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish huquqi beriladi.
15. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining tuzilmasi va xodimlari soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasining shtat jadvali “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
16. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi xodimlari maxsus guvohnomaga ega boʻladilar.
“Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi xodimlariga belgilangan namunadagi kiyim-bosh kiyib yurishga ruxsat berilgan.
17. “Oʻzdavtemiryoʻlnazorat” inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tugatiladi yoki qayta tashkil etiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 5-son, 24-modda; 2002-y., 9-son, 66-modda; 2003-y., 15-16-son, 131-modda)