Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.04.1998
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Eksport qilish taqiqlangan buyumlar va mahsulotlarni olib chiqib ketishga qarshi kurashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1996-yil 4-yanvardagi 1354-son Farmonga qo‘shimchalar kiritish haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 16-apreldagi PF-1988-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi Farmonlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash va ba’zilariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Chorva va parrandani O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga noqonuniy olib chiqib ketishga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida:
1. 1996-yil 4-yanvardagi 1354-son Farmoniga quyidagicha mazmundagi 1-modda qo‘shilsin: “Barcha turdagi mollar (mayda va yirik qoramollar, cho‘chqa, ot, zotdor chorva) hamda parrandalar, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketish taqiqlansin”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumatning 1995-yil 25-iyuldagi 287-son qarori 7-ilovasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Bosh bojxona boshqarmasi, IIV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, respublika viloyatlari, shahar va tumanlarining hokimlari mazkur Farmonning so‘zsiz bajarilishini ta’minlasinlar.
4. Ushbu Farmon e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 20-mart,
PF-1410-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 3-son, 27-modda)