Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
PILLACHILIK SOHASI KORXONALARINING MOLIYAVIY FAOLIYATINI BARQARORLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, “Oʻzbek ipagi” uyushmasi rahbarlari tomonidan sohani boshqarishning zamonaviy bozor shart-sharoitlariga javob beradigan samarali tizimi taʼminlanmagan.
Sohaning iqtisodiy nochor korxonalarini isloh qilish juda qoniqarsiz amalga oshirilmoqda. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, shuningdek ishlab chiqarishlarni zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrilmayapti. Soha mahsulotlariga jahon bozorining tendensiyalarini marketing tadqiq etishning amaliy tizimi tashkil etilmagan. Koʻpchilik korxonalarda kreditorlik qarzlar darajasi yuqoriligicha qolmoqda, natijada qoniqarsiz moliyaviy ahvol vujudga kelgan.
“Oʻzbek ipagi” uyushmasining qishloq aholisi — pilla yetishtiruvchilar oldida qarzdor ekanligi jiddiy, toqat qilib boʻlmaydigan muammo boʻlib qolmoqda.
Pillachilik sohasini barqaror rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, tarmoq korxonalarining moliyaviy faoliyatini barqarorlashtirish va mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbek ipagi” uyushmasi rahbarlarining pillachilik sohasini isloh qilish va rivojlantirish, korxonalarni zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash, sohaga chet el investitsiyalarini jalb qilish boʻyicha ishi qoniqarsiz deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi “Oʻzbek ipagi” uyushmasi va tijorat banklari – kreditorlar bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2003-yil hosilidan yetkazib berilgan pilla uchun qishloq xoʻjaligi korxonalari oldidagi qarzlar 2003-yil 1-dekabrgacha qaytarilishini taʼminlaydigan uyushma korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish tadbirlarini va jadvalini aniq ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish va ularning qishloq xoʻjaligi korxonalari oldidagi qarzlarini oʻz vaqtida qaytarish uchun:
Oldingi tahrirga qarang.
istisno tariqasida, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga ipak ipining boʻsh qoldiqlarini, shuningdek ishlab chiqarilayotgan quruq pillaning 50 foizgachasini, shu jumladan, ipak chiqindilari (titishga yaroqsiz pilla, ipak ipi chiqitlari va titilgan xom ashyo)ni jahon darajasiga muvofiq boʻlgan narxlarda eksportga, shu jumladan, tovar-xom ashyo birjalari orqali erkin almashtiriladigan valyutaga va milliy valyutaga sotishga ruxsat berilsin;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 11-dekabrdagi 1005-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2018-y., 09/18/1005/2302-son)
“Oʻzbek ipagi” uyushmasining uyushma korxonalari tomonidan 2 yil muomalada boʻladigan 680 mln. soʻmlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Belgilansinki, 2004-yil hosilidan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
pilla yetishtiruvchilar bilan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi korxonalari oʻrtasidagi pilla tayyorlash uchun kontraktatsiya shartnomalari har yili 1-fevralgacha tuziladi va unda pilla yetishtiruvchilar bilan oʻz vaqtida hisob-kitob qilinmaganligi uchun qonunchilikka muvofiq jarima jazolari qoʻllanilishi nazarda tutiladi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
pilla yetishtiruvchi xoʻjaliklarga 1-apreldan kechikmay avans beriladi;
tayyorlanayotgan pilla uchun avans berish ular umumiy qiymatining kamida 30 foizi miqdorida, shu jumladan fyuchers asosida ipak ipni sotishdan olinadigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi korxonalarining pilla yetishtiruvchilar bilan pilla uchun uzil-kesil hisob-kitobi har yili 1-noyabrdan kechikmay amalga oshiriladi.
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi” korxonalariga 2004—2006-yillar davrida pilla yetishtirish uchun yetishmayotgan importdan keltiriladigan ipak qurti urugʻini “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan foydalangan holda belgilangan tartibda olib kelishga ruxsat berilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 4-yanvardagi 7-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 1-2-son, 13-modda)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
soha korxonalarini rekonstruksiya qilish va qayta jihozlashdan keyin boʻshab qoladigan maʼnaviy eskirgan asbob-uskunalar belgilangan tartibda sotilishini tashkil etsin.
9. Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari mavjud tutzorlar saqlab qolinishini, yangi tut daraxtlari ekilishini taʼminlasinlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi pillachilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 5-apreldagi 118-son qarori talablarini soʻzsiz bajarish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari M. Z. Usmonov va R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Qarorning bajarilishining borishi toʻgʻrisida 2004-yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 9-sentabr,
390-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 17-18-son, 145-modda; 2007-y., 1-2-son, 13-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son, 12.12.2018-y., 09/18/1005/2302-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)