|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.11.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TAMAKI MAHSULOTLARI VA ALKOGOLLI ICHIMLIKLARGA AKSIZ MARKALARI QO‘LLANISHNI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari olib kelish hamda sotishni tartibga solish, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida:
1. 1997-yilning 1-iyulidan boshlab aksiz markalari bo‘lmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni:
O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga (xalqaro tranzitdan tashqari);
“vaqtincha olib kirish” rejimida O‘zbekiston Respublikasi hududiga;
jismoniy shaxslar tomonidan (qaytadan jo‘natish ham shu jumlaga kiradi) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlansin. O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan normalar doirasida aksizsiz olib kirish bundan mustasno.
Belgilab qo‘yilsinki, 1997-yilning 1-iyulidan boshlab importyorlar tomonidan aksiz markalarini respublikadan tashqariga olib chiqib ketish yuk bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda to‘ldirilgan bojxona deklaratsiyasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 25-moddasi birinchi qismi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasiga, aksiz markalari bo‘lmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish (xalqaro tranzitdan tashqari), saqlash chog‘ida, shuningdek Davlat soliq qo‘mitasiga — ularni saqlash, sotish hamda yashirincha ishlab chiqarish chog‘ida shunday mahsulotlar va ichimliklarni musodara etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish huquqi berilsin.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 16-apreldagi PF-1988-sonli Farmoni tahririda)
Ko‘rsatib o‘tilgan huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishlari belgilab qo‘yilsin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1861-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1861-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat daromadiga o‘tkaziladigan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni hisobga olish, baholash va sotish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 15-oktabrdagi PF-3335-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 19-son, 177-modda)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-sonli “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 5-fevraldagi PF-3963-sonli Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2008-y., 6-7-son, 25-modda)
4. Davlat soliq qo‘mitasi yigirma kun muddatda:
Adliya vazirligi bilan kelishgan holda aksiz markalari bo‘lmagan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni musodara qilish hamda sotish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birga xalqaro tranzit tartibida O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududi orqali tashib o‘tiladigan aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlardan olinadigan boj haqi va aksiz solig‘ini bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazib, ushbu summani tovar respublika hududidan olib chiqib ketilgandan keyin qaytarib berish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki hafta muddatda amaldagi qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflar kiritilsin.
6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 12-iyun,
PF-1789-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 7-son, 177-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 19-son, 177-modda; 2008-y., 6-7-son, 25-modda)