|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyundagi PF-5739-sonli “Tadbirkorlik subyektlarni tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2020-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibini yoʻlga qoʻyish va soddalashtirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish boʻyicha doimiy ishlovchi maxsus hududiy komissiyalarini tuzsinlar, ularning tarkibiga hokimiyatlarning, moliya, soliq, bank, statistika, ichki ishlar organlari, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Davlat xizmatlari markazlari vakillari kiritilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-yanvardagi PF-5304-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 06/18/5304/0591-son)
Tegishli ravishda shahar, tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari maxsus hududiy komissiyaning raisi etib belgilansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PF-5055-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 411-modda)
2. Tuzilayotgan hududiy maxsus komissiyalar zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalar faoliyatini bundan buyon davom ettirish maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarning muassislari (qatnashchilari) yoki taʼsis hujjatlarida vakil qilingan organlar ularni tugatishga rozi boʻlmagan, shuningdek mazkur shaxslar va organlarning turgan joyini aniqlash hamda ularni tugatish jarayoniga jalb etishni taʼminlash mumkin boʻlmagan hollarda iqtisodiy sudlarining qarorlari boʻyicha ana shunday korxonalarni tugatish jarayonini amalga oshirish.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 980-modda)
3. Belgilab qoʻyilsinki, savdo hamda savdo-vositachi korxonalar uch oy mobaynida, boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar — yuridik shaxslar olti oy mobaynida bank hisobvaraqlari boʻyicha pul operatsiyalarini oʻtkazish bilan moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan taqdirda, tijorat banklari:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlarini yopadilar;
xoʻjalik yurituvchi subyektning hisobvaraqlari yopilgan sanadan boshlab uch kun muddatda u hisobga qoʻyilgan joydagi soliq xizmati organiga mazkur subyekt faoliyatini bundan buyon davom ettirish maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi masalalarni belgilangan tartibda ishlab chiqish uchun axborot beradilar.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yopiladigan hisobvaraqlaridagi mablagʻlar qoldigʻi tijorat banklari tomonidan shu mablagʻlardan foydalanish huquqini bermaydigan maxsus hisobvaraqlarga qoʻshiladi, xoʻjalik yurituvchi subyektning toʻlash uchun bankka taqdim qilingan kreditorlik qarzi esa kutilmagan holatlarning alohida hisobvaraqlariga oʻtkaziladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar nomiga kelib tushadigan mablagʻlar ularning bank hisobvaraqlari yopilgandan keyin foydalanish huquqini bermaydigan maxsus hisobvaraqlarga qoʻshiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Foydalanish huquqini bermaydigan maxsus hisobvaraqlarga jamlangan mablagʻlar tijorat banklari tomonidan birinchi navbatda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning Davlat budjeti hamda maqsadli davlat jamgʻarmalari oldidagi qarzini toʻlashga, qolgan summalarni esa toʻlovlarning kalendar navbatiga qarab ularning kreditorlik qarzlarini toʻlashga sarflanadi.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olishni amalga oshiruvchi organlar soliq organlarining taqdimnomasi hamda hududiy maxsus komissiyaning tegishli xulosasi boʻyicha korxonalarni tugatish jarayonlarini, shu jumladan, zarur hollarda sud tartibida amalga oshira boshlasinlar.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PF-5055-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 411-modda)
Belgilab qoʻyilsinki, muassislar (qatnashchilar) yoki ular tomonidan vakil qilingan organlar turgan joyni aniqlash imkoni boʻlmagan hollarda korxona moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotganlar toifasiga kiritilgan va bu haqda ommaviy axborot vositalarida tegishli eʼlonlar bosib chiqarilgan kundan boshlab uch oy muddat oʻtgandan keyin tugatish jarayoni sud tartibida amalga oshirilishi mumkin.
5. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha arizachi va javobgar sud chiqimlari hamda davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlariga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
“Xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarga beriladigan qoʻshimcha ragʻbatlantirish omillari va imtiyozlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 30-noyabrdagi 1652-son Farmonining 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarning ustav jamgʻarmalarini taʼsis hujjatlarida koʻzda tutilgan miqdorlarda shakllantirishning oxirgi muddati hukumatning ayrim qarorlarida boshqa narsa koʻzda tutilmagan boʻlsa, korxona davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi kerak”;
“Yangi tashkil etilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan bank va soliq nazoratini kuchaytirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 29-martdagi 2276-son Farmonining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni bajarish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 28-iyun,
PF-2331-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 6-son, 155-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 29-son, 356-modda; 2017-y., 22-son, 411-modda, 37-son, 980-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 06/18/5304/0591-son)