MUSTAQILLIK DEKLARATSIYASI
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Sovetining 1990-yil 20-iyundagi ikkinchi sessiyasida qabul qilingan
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti:
oʻzbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy anʼanalari,
har bir millatning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini taʼminlashdan iborat oliy maqsad haqi,
har bir kishining farovon hayot kechirishini taʼminlashni oliy maqsad deb bilgan holda,
Oʻzbekiston xalqlarining kelajagi uchun tarixiy masʼuliyatni chuqur his etgan holda,
xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib,
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Davlat mustaqilligini eʼlon qiladi.
1. Oʻzbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning oʻz hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlardagi tanho hokimligidir.
2. Oʻzbekiston SSRning davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qoʻyilmay turib oʻzgartirilishi mumkin emas.
3. Oʻzbekiston SSRda davlat hokimiyati uning hududiga kiradigan barcha tarkibiy va boʻlinmas qismlari ustidan amalga oshiriladi va shu hududda yashaydigan aholiga taalluqlidir.
4. SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlanganidan keyingina Oʻzbekiston SSR hududida kuchga ega boʻladi.
5. Oʻzbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga Oʻzbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.
6. Oʻzbekiston SSR xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini tan oladi va hurmat qiladi.
7. Oʻzbekiston SSR ittifoqdosh respublikalar va boshqa davlatlar bilan oʻzining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa munosabatlarini shartnomalar asosida belgilaydi va amalga oshiradi.
8. Oʻzbekiston SSR oʻzining taraqqiyot yoʻlini, oʻz nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) oʻzi taʼsis etadi.
9. Qoraqalpogʻiston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi mustaqilligini Muxtor Respublika Konstitutsiyasi taʼmin etadi. Oʻzbekiston SSR uning Asosiy Qonuni va Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi asosida Qoraqalpogʻiston MSSR manfaatlarini himoya qiladi.
10. Oʻzbekiston SSRning qonun chiqaruvchi hokimiyati Oʻzbekiston SSR davlat mustaqilligini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan qonunlarni ishlab chiqadi. Oʻzbekiston SSRning siyosiy va iqtisodiy sistemalari tarkibini va qurilishini belgilaydi.
11. Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti umumxalq muhokamasi asosida demokratik huquqiy davlat tuzishga qaror qilganini bildiradi, Oʻzbekiston SSRda yashayotgan barcha millat va elatlarning qonuniy siyosiy, iqtisodiy, etnik, madaniy huquqlariga hamda ona tillari rivojlantirilishiga kafillik beradi.
12. Ushbu Deklaratsiya Oʻzbekiston SSRning yangi Konstitutsiyasini hamda yangi ittifoq shartnomasini ishlab chiqish uchun asosdir.