Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ENERGETIKASIDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI ChUQURLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Energetika sohasida bozor islohotlarini chuqurlashtirish, energetika tarmoqlari korxonalarini boshqarishni takomillashtirish va ularning ish samaradorligini oshirish hamda shu asosda mamlakat energetika tizimining barqaror ishlashini taʼminlash, iqtisodiyot va aholining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida:
1. Quyidagilar energetika sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari deb hisoblansin:
energetika tarmoqlarini monopoliyadan chiqarish tadbirlarini izchil amalga oshirish, davlat tomonidan tartibga solish darajasini pasaytirish, elektr energiyasini sotish sohasida raqobat muhitini yaratish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning elektr uzatish liniyalariga bogʻlanishlari uchun teng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish;
energetika tarmogʻining yirik korxonalari — issiqlik elektr stansiyalari, markazlashtirilgan issiqlik-elektr qurilmalari, elektr tarmoqlari korxonalari va boshqalarni bosqichma-bosqich aksiyalashtirish;
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini, loyihalash, qurilish-montaj va tuzatish ishlarini olib boruvchi korxonalar va tashkilotlarni jadal surʼatlarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, ular negizida mulkchilikning nodavlat shakllaridagi korxonalar, shu jumladan xususiy korxonalar tashkil etish;
energetika korxonalarini aksiyalashtirish, ishlab chiqaruvchi quvvatlar va elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, texnika bilan qayta jihozlash va yanada rivojlantirish jarayonlariga chet el investitsiyalarini keng jalb qilish;
elektr ishlab chiqarish, uni uzatish va sotish boʻyicha boshqaruv tizimiga va xoʻjalik aloqalariga bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish;
energetika quvvatlari va koʻmir sanoatining oʻzaro bogʻliq va mutanosib rivojlanishini taʼminlash.
2. Energetika korxonalarini monopoliyadan va davlat tasarrufidan chiqarish hamda aksiyalashtirish masalalari boʻyicha maxsus komissiyaning:
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligini tugatish va uning tarkibiy boʻlinmalari negizida ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (“Oʻzbekenergo DAK”ni tashkil etib, uning tarkibiga mustaqil yuridik shaxs huquqlari bilan “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasini kiritish;
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tuzilmasida elektr energiyasi uzatish boʻyicha yuqori kuchlanishli tarmoqlar shuʼba korxonasi (“Oʻzelektrtarmoq”) tashkil etish;
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining elektr energiyasini taqsimlash va sotish boʻyicha mintaqaviy shuʼba korxonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
3. Quyidagilar “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
respublika iqtisodiyoti va aholisini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash, respublika energetika tizimi ish rejimlarini boshqarish va muvofiqlashtirish;
elektr energetikasi va koʻmir sanoatini rivojlantirishning qisqa muddatli va uzoq muddatli prognozlarini hamda maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, elektr energiyasi va koʻmir ishlab chiqarish va isteʼmol qilish balanslarini shakllantirish;
ishlab chiqaruvchi quvvatlar va elektr tarmoqlarini, koʻmir sanoati korxonalarini zamonaviy asbob-uskunalar va ilgʻor texnologiyalar asosida, shu jumladan xorijiy investitsiyalar hisobiga rekonstruksiya qilish, zamonaviylashtirish, texnika bilan qayta jihozlash va yanada rivojlantirish;
koʻmir qazib olish boʻyicha geologiya-razvedka ishlarini muvofiqlashtirish, koʻmir konlarini ochish va koʻmir qazib olishning samarali tizimlari va usullarini joriy etish, uni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda undan ustun darajada foydalanish, energiyaning qayta tiklanadigan, shu jumladan noanʼanaviy manbalarini rivojlantirish va joriy etish;
respublika korxonalari va tashkilotlari bilan birgalikda elektr energiyasi va koʻmirni tejash, ulardan oqilona foydalanish va nobudgarchilikni kamaytirish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi energetika va elektrlashtirish vazirligi tomonidan tuzilgan shartnomalar va majburiyatlar boʻyicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi;
issiqliq elektr stansiyalari, issiqlik elektr markazlari, elektr tarmoqlarining viloyat korxonalari bosqichma-bosqich aksiyalarning nazorat paketini “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasida saqlagan holda aksiyadorlik jamiyatlariga aylanib boradilar.
5. Mustaqil Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligi (“Oʻzdavenergonazorat” agentligi) tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzdavenergonazorat” agentligi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
6. Quyidagilar Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
elektr energiyasi va koʻmir ishlab chiqarish, tashish va isteʼmol qilish sohasidagi normativ hujjatlar va qoidalarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda ularning bajarilishini nazorat qilish;
elektr energiyasi va koʻmir ishlab chiqarish, tashishda xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va ularning amalga oshirilishini tashkil etish;
loyihalarni ekspertizadan oʻtkazishda hamda elektr energiyasi ishlab chiqarish, tashish va isteʼmol qilish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangidan qurilgan obyektlarni qabul qilish ishlarida qatnashish;
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 3-oktabrdagi PF-4473-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2012-y., 40-son, 466-modda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda takliflar kiritsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston SSR Energetika va elektrlashtirish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” 1990-yil 28-sentabrdagi PF-57-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan oʻn kun muddatda qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 22-fevral,
PF-2812-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 47-modda; 2012-y., 40-son, 466-modda)