|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT MOLIYA INSTITUTINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston SSJ Prezidentining “Toshkent moliya institutini tashkil etish toʻgʻrisida” 1991-yil 13-maydagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent xalq xoʻjaligi institutining moliya fakulteti talabalari hozirgi vaqtda oʻqiyotgan Toshkent shahar, Uritskiy koʻchasidagi bino moliya institutiga birkitilsin;
OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi Toshkent xalq xoʻjaligi institutining reja-iqtisodiyot fakulteti foydalanayotgan binoni vaqtinchalik foydalanish uchun olib bersin.
2. Oʻzbekiston davlat banki SSJI davlat banki bilan SSJI davlat bankining Toshkent hisob-kredit texnikumini OʻzSSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga berish masalasini hal qilsin.
SSJI davlat bankining Toshkent hisob-kredit texnikumining 1991-yilgi qabul rejasi va sirtqi boʻlimida oʻqiyotganlar belgilangan tartibda SSJI davlat bankining Margʻilon hisob-kredit texnikumiga oʻtkazilsin. 1991-yilning 1-avgustigacha texnikum binosi yangi tashkil etilgan institut uchun toʻliq boʻshatib berilsin.
3. Oʻzbekiston SSJ Moliya vazirligi Butunittifoq moliya va bank xodimlari malakasini oshirish tarmoqlararo institutining Oʻrta Osiyo boʻlimini Toshkent moliya institutiga berish masalasini belgilangan tartibda hal qilsin.
Shu boʻlimning negizida Toshkent hisob-kredit texnikumi 2-kursi oʻquvchilariga (185 kishi) tahsil olishni tugallashga, tugatilgan texnikumning zarur miqdordagi oʻqituvchilarini shu maqsadda jalb etishga ruxsat berilsin.
4. OʻzSSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddat ichida Toshkent moliya institutining tuzilishini, Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, uni kerakli professor-oʻqituvchi kadrlar bilan toʻldirsin, yillik rejalarda uning oʻquv-moddiy negizini rivojlantirishni nazarda tutsin.
5. OʻzSSJ Moliya vazirligi 1991-yilda Toshkent moliya institutini taʼminlash uchun OʻzSSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga qoʻshimcha mablagʻlar ajratsin.
6. Moliya instituti uchun yangi oʻquv kompleksini qurish maqsadida:
— Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi shu yilning 1-iyuligacha yer uchastkasi ajratsin;
— OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Toshkentboshqurilish” ishlarni 1991-yilda boshlab, kompleksni loyihalashtirish va qurishni amalga oshirsinlar.
Vazirlar Mahkamasi Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 3-iyun,
154-son